UnitedHealthcare rahbarini o‘ldirishda gumonlangan shaxs himoyasi uchun salkam 300 ming dollar to‘plandi

Jahon 21:32 / 12.02.2025 1441

UnitedHealthcare sug‘urta kompaniyasi direktori Brayan Tompsonni o‘ldirishda gumonlangan Luiji Manjionening himoyasi uchun qariyb 300 ming dollar to‘plandi, deb xabar beradi New York Post.

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar Tompson o‘ldirilgan sana «sharafi»ga nomlangan The December 4 Legal Committee guruhu tomonidan to‘plangan.

«Luiji fond haqida biladi va u bunday qo‘llab-quvvatlovdan chuqur minnatdor», — deydi advokat Karen Fridman Agnifilo.

10 fevral holatiga ko‘ra, Luijining himoyasi uchun 295 ming dollar to‘plangan bo‘lib, 10 mingdan ortiq odam xayriyaga hissa qo‘shgan.

Fond vakillaridan biri bo‘lgan Sem Birdning ta’kidlashicha, xayriya mablag‘larini 500 ming dollargacha to‘plash maqsad qilingan va u sud jarayonlari oxiriga qadar davom etadi.

Amerikadagi UnitedHealthcare eng yirik tibbiy sug‘urta kompaniyasi (2023 yilda daromadi 281 mlrd dollarni tashkil etgan) direktori, 50 yoshli Brayan Tompson 4 dekabr kuni Nyu York markazida otib ketilgandi. Oradan bir necha kun o‘tib, 26 yoshli Luidji Manjione Pensilvaniya shtati Altuna shahridagi McDonald's restoranida ushlangan edi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olish chog‘ida uning yonida ovoz so‘ndirgichga ega, 3D-printerda chiqarilgan to‘pponcha topilgan, Nyu Yorkdagi qotillikda aynan undan foydalangani taxmin qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: