11 fevral kuni Namangan shahrida davlat raqamisiz bo‘lgan qora Gentra rusumli avtomobil piyodani urib qochib ketgan. Namangan viloyati IIBning ma’lum qilishicha, ushbu transport vositasining haydovchisi qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, 11 fevral kuni Namangan shahar Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘lgan YTH yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida ushbu transport vositasi hamda uning haydovchisi topildi.
Ushbu holatni sodir etgan shaxs Namangan shahri hududida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro ekani aniqlangan. Holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rishlik uchun haydovchi va transport vositasi tergov bo‘limiga topshirilgan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida «barcha qora Gentraʼlar jarima maydoniga olib kirilmoqda», degan sarlavha bilan videolar tarqalgandi. Shuningdek, xabarlarda Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan Namanganga borgan qora Gentra’lar ham ushlanib, tekshirish uchun jarima maydoniga olib kirilayotgani aytilgan edi.
YHXX matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda halok bo‘lgan.