«Ayollarni oqsoqol deyish sal malol keladi-da!». Mahalla saylovlariga bir nazar

Jamiyat 21:09 / 30.05.2019 18732

Mahalla instituti qonunchilikdagi o‘ziga xosliklardan biri hisoblanadi. Bu muassasa vakillari jamiyatda o‘z ta'sir doirasiga ega bo‘lishi va fuqarolarga tayanch bo‘lishi lozim. Shu sababli, bu mas'uliyatli kasb egalari uchun saylovlar ham o‘ziga yarasha mas'uliyat bilan o‘tkazilishi lozim. Mahalla raisi saylovlariga bir nazar tashlashga qaror qildik. Fikr olish uchun poytaxtimizdagi bir necha mahalla raislari bilan suhbatlashdik.

Dastavval, Mirobod tumani «Sariko‘l» mahalla fuqarolar yig‘ini raisligi uchun o‘tkazilgan saylov komissiyasi raisi Dilmurod Mirzayev mehmoni bo‘ldik. Jamoat faoli bizga saylov o‘tkazish tartibini tushuntirib berdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Saylov o‘tkazish tartibi haqida qisqacha

«2018 yil 15 oktyabrida qabul qilingan «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, bu yil may oyida butun respublika bo‘ylab mahalla raislariga saylov o‘tkazildi. Bizda ham bu saylovni o‘tkazish uchun mas'ul ishchi guruh tayinlandi. 15 kishidan iborat faollar jalb etildi. Avvalari har 40-45 kishidan bir kishi vakil etib saylansa, yangi qonunga ko‘ra fuqarolarning umumiy sonidan 12 foizi vakil etilishi belgilangan. Bu degani, fuqarolarning saylovda qatnashadigan qismining soni ko‘paydi.Tajriba shuni ko‘rsatadiki, avvallari 50-55 kishi saylovda qatnashardi. Bu saylovda saylovchilar soni 428 kishini tashkil etdi.

Tartibi shundan iboratki, oldingi mahalla fuqarolar yig‘inining umummajlisi o‘tkaziladi. Bu yig‘ilishda saylov o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh saylanadi. Bu jarayon 40 kun oldin bo‘lib o‘tadi. Ishchi guruh o‘z faoliyatida ish rejasini tuzadi.

Masalan, 2 aprel kuni Sariko‘l ko‘cha 34-ko‘pqavatli uyda hamda Xo‘jaobod ko‘chasida mahalla vakillari saylovini o‘tkazishimiz kerak. Aytishingiz mumkin, hamma odamlarni to‘play oldingizmi deb. Bu olifta gap bo‘lib qoladi. Bu juda kamdan-kam kuzatiladigan holatdir. Ko‘pqavatli bino oldida bo‘lishi mumkindir, lekin hovlilarda buni o‘tkazish juda qiyin. Shu sababli, uyma-uy yurib xabardor qildik. Shu asosda bayonnomalar tasdiqlandi», deydi komissiya raisi.

Shundan so‘ng, saylov natijasida o‘zining yangi muddatiga saylangan Yashnobod tumani «Yanginur» MFY raisi Rustam Avazov bilan uchrashdik. Suhbat mazmuni shu vaqtga qadar o‘tkazgan raislik yo‘li va sohadagi takliflari haqida bo‘ldi.

Yuki og‘ir mahalla ishi

«Rais bo‘lib saylanganimga 3 yil bo‘ldi. Bu yil yana qayta saylandim. Mahallamiz tashkil etilganiga 50 yildan oshdi. 1966 yilgi zilziladan keyin tashkil etilgan. Mahalla raisligi haqida aytadigan bo‘lsam, yuki juda ham og‘ir. Chunki, bitta oilani boshqarish o‘zi mashaqqatli ish. Buni yurgizishning mas'uliyati ham juda ham og‘ir. Buning yukini olish uchun avvalambor halol bo‘lishi kerak. Yangi saylangan vaqtimda bitta shart qo‘yganman: «Bu yerga odamlar dardi bilan keladi. Qo‘shni bilmaganni mahalla idorasi biladi. Bu yerda hamma ishlar janjal-to‘polonsiz hal etiladi». Shu shartlarga rioya qilib, 21ta ajrimga tushgan oilaning 19tasini yarashtirdik. Takliflarim shundayki, 35-40 yoshdagi odamlarning nomzodi ham raislikka qo‘yilgan. Ular yosh, oilasi yosh. Qanday qilib mahallani tortib ketadi? Shu sababli, mahalla raisligiga 45-50 yoshdagi kishilar nomzodi qo‘yilgani ma'qulroq. Ikkinchisi, bizda ham mahalla raisi, ham oqsoqol deyiladi. Endi bizda ayol raislar ham bor. Ularga nisbatan «oqsoqol» deyish malol keladi. Mahallamiz bo‘yicha ham takliflarimni berganman. Masalan, bizda stadion yo‘q. Prezidentimiz aytganidek, mahallamizdagi «jaydari» bolalar futbol o‘ynab yurganini ko‘rib yurardim. 2018 yil Toshkent shahar bo‘yicha musobaqa o‘tkazilayotganini eshitib, ularni musobaqaga olib bordim. Qarabsizki, mahallamiz bolalari 11 tuman ichida chempion bo‘lib turibdi-ku! Chempion bo‘lish uchun stadion bo‘lishi shart emas ekan. Avvalambor, vatanparvarlik ruhi bo‘lishi kerak ekan. Agar shunday bolalarga e'tibor berilsa, kelajakda jahon chempionlari chiqqan bo‘lardi. Bitta bo‘lsa ham mahallamdan jahon chempioni chiqsa, men uchun katta baxt bo‘lardi», deydi mahalla raisi.

Saylovdan norozi sobiq rais

Saylovlar har doim ham taraflar roziligi asosida o‘tkazilishi dushvor masaladir. Ancha vaqtdan beri, bizga o‘z murojaatini yo‘llab, saylovlardan noroziligini bildirayotgan odamlardan biri Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, «Hamid Sulaymon» MFYning sobiq raisi To‘lqin Eshmamatovning so‘zlariga quloq tutdik.

«2016 yil 13 mayda saylanib rais lavozimida ishlab keldim. Bu yil 11 may kuni saylov noto‘g‘ri o‘tkazildi. 5 kun avval nomzodlar ro‘yxati chiqarilishi kerak edi, lekin unday bo‘lmadi. Keyinroq keltirilgan nomzodlar orasida mening nomzodim yo‘q edi. Men bu masalada Kengashga ham, hokimiyatga ham uchrashdim. Nomzodim respublika komissiyasidan o‘tmaganini aytishdi. Respublika komissiyasiga qo‘ng‘iroq qilganimda, aksincha «suhbatdan ijobiy o‘tganlar orasida bor», deyishdi. Hayron bo‘ldim. Nima uchun tuman hokimiyati va kengashda bunday deyishdi? Hokim ham aynan shu gapni aytishgan edi. Suhbatda hokim ham o‘tirgan edi. Komissiya raisi menga o‘sha yerning o‘zida ijobiy baho berganini aytgandi. Lekin tushunarsiz sabab bilan mening nomzodim qo‘yilmadi. Tushundimki, men qiynalgan oilalarga Sergelidan uy olib berganim, o‘z qat'iy so‘zimni aytganim hozirgi rahbarlarga yoqmas ekan. Demak, ular nima deyishsa, xo‘p deb ketaverish kerak ekan. Ularga talab qo‘ysang yoqmas ekansan. Qonun doirasida mahalladagi odamlarga uy-joylarini qilib berishda yordam bergandim», deydi sobiq mahalla raisi.

Sobiq raisning so‘zlarini tinglab, bir narsaga e'tibor qaratdik. Yuqorida aytilgan «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida»gi qonun 16-moddasiga ko‘ra, ishchi guruh fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarga doir hujjatlarni tayyorlaydi va tuman yoki shahar hokimi bilan kelishish uchun tegishli komissiyaga saylovdan kamida o‘n kun oldin taqdim etadi, deyilgan. Demak, biror mahallaga rais saylanishidan oldin tuman hokimi bilan kelishish talab etilar ekan. Hokim bunday tarzda ish tutishiga vakolati bor ekan va u noto‘g‘ri ish qilmagan ekan-da? Qiziq, tajribalarimizdan bilamizki, fidoiy mahalla raislari o‘z mahallasining manfaatlaridan kelib chiqib ish yuritsa ko‘p hollarda hokimlik bilan ziddiyatga borib qolishi holatlari kuzatiladi. Ish bo‘lganidan keyin bunday holatlar bo‘lishi tabiiy, bizningcha. Bunday qonun normasi aynan shunday vaziyatda hokimlarga mahalla raislarining ovozini o‘chirish uchun «qo‘shimcha imtiyoz» bermaydimi? Agar butun mahalla biror shaxsning nomzodini ilgari sursa-yu, bu qurg‘ur nomzod deganlari hokimbuvaga yoqmasa, o‘sha «vakolati»dan foydalanishiga imkon tug‘ilmaydimi? Xalqimiz tili bilan aytilgan «O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan» degani shudir balki.

Ko‘proq yangiliklar: