Toshkentda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar uchun yana bir shelter ish boshladi

Jamiyat 19:15 / 29.05.2019 6526

Toshkent shahrida Uchtepa va Chilonzor tumanlararo reabilitatsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga asoslanib. Ushbu markaz Prezident qarori asosida ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish maqsadida tashkil qilingan.

Ma'lum qilinishicha, markazda zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar uchun shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, zarurat bo‘lganda, ularga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish ishlari tashkil etilgan. Shuningdek uning faoliyati doirasida ayollarni u yoki bu kasbga tayyorlash bo‘yicha ham yordam ko‘rsatiladi.

Markazning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D.Najmiddinova hamda Chilonzor va Uchtepa tuman hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va tumanlardagi mahalla mutaxassislari va mas'ullar ishtirok etishdi.

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati

Ta'kidlash joizki, shelterlar joylashgan aniq manzillar ayollarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida sir tutiladi.

Og‘ir ahvoldagi ayollarga yordam berish maqsadida Respublika doirasida yagona qisqa 1146 raqamli «ishonch telefoni» ishga tushirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: