2018 yil yozidan buyon Janubiy Koreyadagi kasalxonalardan birida yotgan O‘zbekiston fuqarosi Abram Oqilovga kompensatsiya to‘lanadi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi.
“O‘zbekistonning Seul shahridagi elchixonasi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatimiz fuqarosi Abram Oqilovning sog‘ligi holati uni davolayotgan shifokorlar tomonidan “barqaror” deb baholanmoqda. Ayni paytda bemorning oldida bo‘lib turgan onasi, akasi va singlisiga uni aravachada kasalxona hududida sayr qildirishlariga shifokorlar tomonidan ruxsat berildi”, deyiladi xabarda.
Xabarda qayd etilishicha, elchixona, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakolatxonasi hamda advokatlarning birgalikdagi sa'y-harakatlari natijasida sug‘urta kompaniyasi Abram Oqilovning Janubiy Koreya kasalxonasida davolanishi bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplash va uning mehnatga layoqatsiz bo‘lgan davri uchun kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
“Diplomatik vakolatxona mazkur masalani nazoratga olgan va bemorga g‘amxo‘rlik qilayotgan qarindoshlari bilan doimiy muloqotda bo‘lib turibdi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Abram Oqilov O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi orqali 2017 yilning noyabrida Janubiy Koreyaga kelgan va 2018 yilning 27 iyul kuni komaga tushib qolgan.
Fevral oyida uni davolayotgan shifoxona 93 ming dollar miqdorida hisob chiqargani xabar qilingandi.