Toshkent shahrining turli nuqtalaridagi mardikor bozorlarida erkaklar bilan bir qatorda ish beruvchilarni kutayotgan ayollarni ham ko‘ramiz. Bunday manzara ko‘p yillardan buyon o‘zgarmay qolmoqda. Ijodiy guruhimiz bilan Toshkent shahridagi noqonuniy mardikor bozorlarida bo‘ldik. Qaysi nuqtaga bormaylik ish beruvchilar mashinasi eshigiga yopishayotgan ayollar soni erkaklarnikidan kam emasligiga guvoh bo‘ldik.
Bu ayollar og‘ir sharoitlarda noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanishlariga nimalar sabab bo‘lyapti? Faqat ishsizlikmi?
Masalaga chuqurroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, muammoning boshqa tomonlari ham borligini ko‘ramiz.
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Zamira Mamadaliyevna Sulaymonova deyarli 20 yildan buyon mardikor ayollar bozorida ishlaydi.
«O‘qimaganim tufayli fermerlarning yerini chopiq qilaman, paxta va bug‘doy yetishtirishda yordamlashaman. Ish haqi o‘rniga 10-15 sotix yer berishadi. O‘sha yerga loviya ekib kun ko‘raman. O‘tgan yili bir fermerning ikki gektar yerini chopiq qilib, evaziga ijaraga bergan yeriga loviya ekdim. Ammo suv kam bo‘lgani sababli atigi 400 ming so‘m daromad oldim. Qilgan xarajatim ham qoplanmadi. Hozir 55 yoshdaman. 10 yoshli farzandim bor. O‘zim farzand ko‘rolmaganim sababli uni asrab olganman. Nafaqa pulim 193 ming so‘m. Bu pul yeyish-ichishga ham yetmayapti. Kamiga uy-joy masalasi qiynab yubordi. Namanganga turmushga chiqqanim sababli propiskam Namanganda. Turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganmiz. Shuning uchun uyoqqa borolmayman. Toshkentda esa propiskaga qo‘yishmayapti. Arosatda qoldim. Shu muammolarim yuzasidan o‘tgan yili Xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilgandim. Arzimni eshitib, jo‘natib yuborishdi. Birozdan keyin xat keldi. Xat mazmuniga tushunolmadim», deydi u.
Mardikor ayollar bozorida maktab yoshidagi qizlardan tortib, pensiya yoshidagi ayollargacha uchratish mumkin. Turli muammolar sabab onalar maktab yoki kollejda darsda o‘tirishi kerak bo‘lgan qizlarini ham mardikor bozorlariga olib chiqishyapti. Bu holatga o‘quv muassasalari ma'muriyati nima deydi? Maktab yoshidagi qizlardan bu savolga javob olmoqchi bo‘ldik. Lekin ular javob berishdan bosh tortishdi. Ota-ona o‘zi tashabbuskor bo‘lgan bunday holatlarda o‘quv muassasalari zaiflik qiladi, albatta.
Kuzatuvlar davomida mardikor ayollar uch toifaga bo‘linishiga guvoh bo‘ldik. Birinchi toifa chindan ham qiynalgan, har qanday ishdan bosh tortmay, halol mehnat qiladigan ayollar, ikkinchi toifa ma'lum ma'noda dangasalik, boqimandalikka o‘rganib qolganlar. Bu toifa vakillari ishsizlik va boshqa muammolarni ro‘kach qilishadi. Ma'lum bo‘lishicha, ularga o‘zlari istiqomat qilayotgan hududdan ish topib berilishi va'da qilinsa ham shaharda mardikorlik qilishni ma'qul ko‘rishadi.
«Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanadigan ayollar uchun sayyor qabullar tashkil etilgan. Ayollarning o‘z yashash joylarida bandligini ta'minlash uchun mavsumiy pilla qurti boqish, fermer xo‘jaliklaridagi bog‘dorchilik, polizchilik va issiqxonalarda ishlash kabilarga yo‘naltiriladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2856-sonli qaroriga muvofiq, pilla qurtini bir oy parvarish qilgan xotin-qizlarga 1 yillik mehnat staji beriladi. Shuningdek, xotin-qizlarni «ustoz-shogird» tizimi doirasida oilaviy kasanachilikni rivojlantirishga jalb qilish orqali kasb egallashlari borasida, tomorqadan unumli foydalanish orqali ham daromad qilish usullari bo‘yicha joylarda qisqa o‘quv kurslari orqali istagi bor ayollarga o‘quv jarayonlari tashkil qilinmoqda. Lekin shuni e'tiborga olish kerakki, ba'zi bir ayollar taklif etilgan ishlarda ishlashni xohlamaydilar. Bu albatta ularning huquqlari. Biz ayollarga mavjud ish o‘rinlaridan ish taklif qilamiz. Ish topish istagidagi ayollar qo‘mitaga va uning hududiy bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin. Qo‘mitaning 1146 ishonch telefoniga murojaat qilsa ham bo‘ladi», deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Gullola Isakova.
Uchinchi toifa esa, afsuski, mardikorlikni niqob qilib, fohishalik bilan shug‘ullanayotgan ayollardir. Tasvirga olish jarayonida mardikorlar bozorlarida bunday ayollar ham kam emasligini ko‘rdik. Eng achinarlisi, bunday joylardagi nosog‘lom muhit, jargonlarga boy so‘zlashuv uslubi onasi bilan mardikorlik qilishga chiqqan yosh qizlar tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatyapti.
«Mardikor ayollar orasida buzuqlik bilan shug‘ullanuvchilar ham ko‘p. Tug‘ib-tug‘ib tashlab ham ketishyapti. Ayniqsa, yosh qizlar orasida buzuqlik juda ko‘paygan. Ko‘rib yoqa ushlayman. Shuning uchun militsiya xodimlari bizni doim nazorat qiladi. Bozor tepasiga kamera ham o‘rnatilgan. Biz to‘g‘ri va halol ishlasak, hech qanday muammo bo‘lmaydi», deydi Zamira Sulaymonova.
Muammo sabablarini izlash jarayonida Toshkent shahridagi uchta noqonuniy mardikor bozorida bo‘ldik. Bular Toshkent tumani Keles dahasi, Ibn Sino mavzesi katta halqa yo‘li, Bektemir tumani Qo‘yliq bozori hududlarida joylashgan mardikor bozorlari. Ibn Sino mavzesi katta halqa yo‘li hududidagi noqonuniy mardikor bozorida faqat erkaklar ish kutib turishi, qolgan ikki hududdagi bozorlarda mardikorlikka da'vogar ayollar ham ko‘pchilikni tashkil qilishini ko‘rdik.
«Har kuni taxminan 50 nafar ayol bo‘lib bozorda to‘planamiz. Yig‘im-terim mavsumida 70-80 nafargacha yetamiz», deydi ayollardan biri.
Bu holatlar mamlakatda ishsizlik muammosi hali ham dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatadi. Mardikor ayollarni doimiy ish bilan ta'minlash borasida qilinayotgan ishlar yuzasidan bergan savollarimizga Mehnat vazirligidan javob ololmadik.
Aksar holatlarda mardikorlik qilayotgan ayollarning turmush o‘rtog‘i ro‘zg‘or xurjunini nozik jins vakillariga topshirib qo‘yishgan. Ular o‘z rafiqalaridan tashqari farzandlarini ham ishlashga majbur qilishyapti.
Ko‘p yillardan buyon mardikorchilik bilan shug‘ullanayotgan Oygul Ismatova bu muammoni o‘z hayoti misolida ochib berishga harakat qildi. Buxorodan Toshkentga kelib mardikorchilik qiladigan bu ayol kamera qarshisida o‘zining boshidan kechirganlarini so‘zlab berdi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
«Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida yashayman. Og‘ir ijtimoiy holatim tufayli ish topishda yordam berishlarini so‘rab, mahallaga murojaat qilganman. «O‘z kuningni o‘zing ko‘r», deyishgan. Yashaydigan joyimda ish yo‘q. Ish bo‘lsa ham oylik 300-400 ming so‘m atrofida. Bu esa hech narsaga yetmaydi. Katta shaharda mardikorlik qilib oyiga taxminan 1,5 mln so‘mgacha topaman. Mardikorlik qilish ham qiyin bo‘lib qoldi. Militsiya xodimlari holi jonimizga qo‘yishmaydi. Propiskang yo‘q deyishadi. Vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishga ham pul ketadi. Topgan pulimni qaysisiga yetkazaman?
Erim ishlamaydi. 11 sinfda o‘qiydigan qizim bilan ishlaymiz. Bir kuni uyga kelsam, qizimni ishga chiqmagani uchun o‘lasi qilib uribdi. Axir erkak-ku! Nega ishlamaydi?! Men qancha qiynalib pul topib kelaman. U esa pullarimni aroqqa sarflaydi. Ajrashaman desam, pichoq o‘qtalib, qo‘rqitadi. Odamzod hayvonni sirkda tomosha qo‘yishga o‘rgatar ekan-u, uning o‘ziga nimanidir o‘rgatish juda qiyin ekan», deydi bu ayol.
«Oriyatimiz, vijdonimiz susayib borayotgani – mardikor ayollar. Biz avliyolarning avlodlarimiz. Bizga bu narsa or, uyat. Xotinimizni ko‘chaga chiqarib, mardikor qilishdan o‘lganimiz afzal».
Fozil qori Yosin o‘g‘li bu mavzuda gapirganiga ham ko‘p yillar bo‘ldi. Bu vaqt ichida mardikor ayollar haqida ko‘plab maqolalar e'lon qilindi. Ammo holat o‘sha-o‘sha. Ayollarning ko‘pchiligi mas'uliyatsiz erkaklar tufayli shu ko‘yga tushishgan.
Muammoni bartaraf etish uchun mahalla, o‘quv muassasalari, jamiyat va eng muhimi oila ishlashi kerak. O‘zi ishlamay, ayoli mardikorlik qilishiga qo‘yib bergan, oilaga mas'uliyatsiz qaraydigan erkaklar bor ekan, mavzu dolzarbligicha qolaveradi.
Mo‘tabar Xushvaqtova