Dizayn Print MChJ va Metallurg MChJ korxonalarining 2018 yildagi yillik tushumi 1 milliard so‘mdan oshgan. Yangi tahrirdagi soliq kodeksiga ko‘ra, endi bu korxonalar ham soliq to‘laydi. Nega to‘lamasligi kerak, deya taajjublanishingiz tabiiy, biroq ushbu korxonalarda I va II guruh nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz insonlar mehnat qiladi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Respublika bo‘ylab O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan tashkil qilingan 76 korxonada bugun ko‘zi ojiz, ko‘rishda nogironligi bo‘lgan mingdan ortiq kishi ishlayapti. Korxonalar Soliq kodeksining 358 modda 1 qismiga ko‘ra yagona soliq to‘lovini to‘lamaydi. Shuningdek, 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5270-son Farmon bilan tasdiqlangan Davlat dasturi, shuningdek, 2018 yil 11 iyundagi “Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta'minlashni rag‘barlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risi”da PQ-3782-sonli qarorlar ham ushbu turdagi korxonalarga yengillik va imtiyozlar berilishini nazarda tutadi.
2018 yilning 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi PF-5468-sonli farmonga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan e'tiboran o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik tushumi 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish, barcha tadbirkorlik sub'yektlari, shu jumladan, tushumi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish nazarda tutilgan.
Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi tasdiqlangan holda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tizimidagi korxonalar ham yuqoridagi kabi soliqlar to‘lashi kerak bo‘ladi.
Bu korxonalarda ham texnik va texnologik yangilanishlarni joriy qilsa bo‘ladi, biroq mazkur korxonalar nogironlarning bandligini ta'minlash maqsadida asosan qo‘l mehnatidan foydalanishga majbur. Ko‘zi ojizlarga sog‘lom ishchilarning ko‘magi, resurslar va reabilitatsiya vositalari kerak. Davlat tomonidan shu vaqtga qadar soliq imtiyozlarining qo‘llanishi, turli yengilliklar evaziga tannarxi balandligiga qaramay, ishlab chiqarilgan mahsulotlar bozor narxiga moslashtirib kelingan.
Umumbelgilangan soliqlar to‘lovining O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tizimidagi korxonalarga nisbatan ham qo‘llanilishi, dastlab, ko‘zi ojizlarni ish bilan ta'minlagan korxona mahsulotlari narxining oshishiga, so‘ngra iqtisodiy tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘ladi. Ayni korxonalarda ishlaydigan ko‘zi ojiz ishchilar va ularning sog‘lom oila a'zolarining moddiy ta'minotiga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatmay qolmaydi.
Kun.uz muxbiri vaziyat bilan yaqindan tanishish, holatga nisbatan fikrlarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati raisining birinchi o‘rinbosari Ergash Norpo‘latov, jamiyatning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Rustam Asqarov bilan suhbatlashdi hamda Toshkent shahrida joylashgan Dizayn Print, Metallurg o‘quv ishlab chiqarish korxonalaridagi ish jarayonini kuzatdi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/ex6XlS2zfYAk-mOYrigvmFHUlCww6MZL.jpg)
O‘zKOJ raisining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot soliq imtiyozlari masalasida yo‘llagan murojaatlari uchun Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasidan tayinli javob olmagan.
«Mana 87 yildirki, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan insonlarga boshqalar bilan teng yashash imkonini yaratish, ularning ruhiyatini mustahkamlash, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, huquqiy maslahatlar berish, ular orasida turli tadbirlarni tashkil etish kabi ishlarni amalga oshiruvchi yagona bir kuch sifatida davlatning daxldor tashkilotlariga yaqindan ko‘maklashib kelmoqda.
Xalqimiz o‘zining bag‘rikengligi bilan jahon jamoatchiligining olqishiga sazovor bo‘lib kelgan donishmand xalq hisoblanadi. Ayniqsa, xalqimizning mehri va saxovatpeshaligini nogironligi bo‘lgan insonlar qalbdan his qilib keladi.
Shuncha yillar davomida jamiyat davlat har tomonlama ko‘mak ko‘rsatib, rag‘batlantirib kelgan. Yangi tahrirdagi soliq kodeksiga binoan endi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tizimidagi tushumi 1 milliard so‘mdan oshgan korxonalar umumbelgilangan soliq to‘lovlarini to‘lashlari kerak bo‘ladi.
Nogironning mehnat bilan bandligi mamlakatdagi turmush darajasini belgilovchi omillardan biri hisoblanadi. Jismoniy imkoniyati cheklangan inson ishlasa, uning oilasida ham ruhiy tetiklik bo‘ladi.
Yurtdoshlarimiz, daxldor davlat idoralari mutasaddilaridan iltimos qilardikki, yangi tahrirdagi soliq kodeksida, avvalgidek berilgan imtiyozlar kelgusida ham tatbiq etilsa, ayni muddao bo‘lardi.
O‘ylaymanki, 2017 yil 1 dekabrda Prezidentimiz tomonidan imzolangan 5270-sonli farmon bilan Davlat dasturi tasdiqlangan. Dasturning 14-bandida nogironlar jamiyatlari korxonalari faoliyatini davlat tomonidan rag‘batlantirish, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va bunday korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni davlat haridlarini realizatsiya qilish qat'iy belgilab berilgandi.
Qator vazirlik va idoralarga jamiyat tomonidan rasmiy murojaatlarni jo‘natdik. Murojaatlarimizda soliq imtiyozlari zamirida kuchli ijtimoiy siyosat yotganligini ham ko‘p marta nazarda tutganmiz. Rasmiy murojaatlarimizga nisbatan Soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan soliq imtiyozlarining tatbiq qilinishi masalasi muhokamalarda ko‘rib chiqilishi ma'lum qilingan. Hali hanuz tayinli javob olganimiz yo‘q. Shu sababli murojaatlarimizni davom ettirayapmiz.
Aziz vatandosh, ko‘zingizni yumib, uch-to‘rt qadam tashlab ko‘ring. Shundagina ko‘zi ojizlarning yashash tarzini his qilgan bo‘lardingiz. Ular bugun nafaqat 3-4 qadam tashlash, balki oilasini boqish, farzandlarini el-yurt koriga yaraydigan farzandlar qilib tarbiyalashni orzu-umid qiladilar», deydi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati raisining birinchi o‘rinbosari Ergash Norpo‘latov.
Dizayn Print korxonasi bosmaxonasining boshlig‘i Bahrom Hasanov ishi to‘g‘risida so‘zlab berdi.
«Korxonada ko‘z ojiz insonlar kitoblarni sahifalash, terish, muqovalash bilan shug‘ullanadi. Biz – 15 kishi qilayotgan ishlarni ikkita sog‘ odam ham uddalay oladi. Korxona shuncha ishchining maoshiga ikki insonni olib kelsa bo‘ladi. Unda biz nima qilamiz? Davlat yoshlarga, bolalarga bilim berish borasida g‘oyalarni ilgari surayapti. Bizning ham o‘z orzu-niyatlarimiz bor. Farzandlarimiz repetitorga, til o‘rganishga, futbol mashg‘ulotlariga boradi – bularning bari mablag‘ talab qiladi. Men ishsiz qolib ketish og‘irligini tushuntirib bera olmayman.
Men va boshqa ishchilar 800 ming so‘m atrofida maosh olamiz. Ishxonamizda esa tushlik shu yerning o‘zida tashkil qilinadi. Ovora bo‘lib ko‘chaga chiqib yurishimizga hojat yo‘q».
Dizayn Print korxonasi yaqinida Metallurg o‘quv ishlab chiqarish korxonasi ham joylashgan bo‘lib, bu yerda qurilish-montaj ishlarida foydalaniladigan metall qurilish vositalari, ko‘zi ojizlar uchun yig‘iladigan hassalar ishlab chiqariladi.
Ushbu korxonada 26 yoshli Umidjon Turopov ishlaydi. U musiqaga ham qiziqadi va ayni paytda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida maqom yo‘nalishida tahsil oladi. Uning aytishicha, o‘quv dargohiga beshinchi urinishda kirgan va avval ham shu korxonada ishlagan.
![](https://storage.kun.uz/source/4/8dM_h_gxPb701XBVqIeQ6JICY2TmTPPx.jpg)
«Ish bo‘lsa, tushlikdan keyin kelib ishlamoqchi edim. Tengdoshlarimga aytgan bo‘lardimki, ko‘proq hayotga, yashashga intilish kerak. Odamlarga foydasi tegib yashashni his qilish – bu baxt. Turli yomon narsalarga vaqt sarflagandan ko‘ra hayotda nimagadir erisha oladigan, jamiyatga nafi tegadigan inson bo‘lishga harakat qilishlarini tilab qolgan bo‘lardim» deydi Umidjon Turopov.
Hozirgi kunga kelib, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati o‘z ichiga 66 ming ko‘zi ojizlarni birlashtiradi. Jamiyat faoliyati Davlat budjetidan yoki biror bir boshqa moliyaviy manbaa xisobidan moliyalashtirilmagan. Yuqorida ta'kidlanganidek, kompaniyalar soliq imtiyozlaridan mahrum etilgan taqdirda tashkilot ajratma mablag‘larsiz inqirozga yuz tutadi.
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi raisi Abdusaid Mirhamidov ushbu masalalar yuzasidan quyidagicha taklif bergan:
Qayd etish joizki, ushbu muammolarni hal etishda quyidagi takliflar yechim bo‘la oladi:
1. Yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan soliq kodeksi ishchi komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati vakilini kiritish va uni muhokamalarda ishtirok etishini ta'minlash;
2. 2019 yil 1 yanvardan e'tiboran o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan Jamiyat tizimidagi korxonalarga nisbatan soliq solishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanilishi davom etishi yoki umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazishda mavjud imtiyozlar: yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni to‘lashdan ozod etish imtiyozi saqlanib qolinishi, jamiyatning nodavlat notijorat tashkilotlari uchun qo‘llanib kelinayotgan xuddi shunday soliq imtiyozlari kelgusida ham tadbiq etilishi;
3. Agar qo‘shimcha qiymat solig‘idan jamiyat korxonalarining ozod etilishi imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda, ushbu korxonalar tomonidan to‘langan qo‘shimcha qiymat solig‘i har chorakda hisob-kitob qilinib, davlat tomonidan dotatsiya sifatida ayni korxonalarga qaytarib berish tartibini joriy etish;
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvatlash tizimini tubdan takominlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5270-sonli Farmon bilan tasdiqlangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga oid kompleks chora-tadbirlar” Davlat dasturining 14-bandi (Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari korxonalarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ular mahsulotlari hamda xizmatlariga davlat xaridlari bo‘yicha majburiy buyurtma kvotalari belgilashni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni ko‘rish) talablariga ko‘ra, O‘zKOJ tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va ko‘rsatilgan xizmatlarni davlat xaridlari asosida sotish va realizatsiya qilish. Bunda O‘zbekiston Respublikasida davlat xaridlari to‘g‘risida qonuniga ijtimoiy xaridlar to‘g‘risida qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, umumiy davlat xaridlarining kamida 30%ini ijtimoiy xaridlarga ajratish, ijtimoiy xaridlarda nogironlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va ko‘rsatilgan xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida davlat tashkilotlari tomonidan xarid qilishni nazarda tutish;
5. 2018 yil 11 iyundagi “Aholining ijtimoiy zaif qatlami banndligini ta'minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risi”da PQ-3782-sonli qaroriga muvofiq jamiyat korxonalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur hujjatni tasdiqlashga erishish.
Kun.uz vaziyat yuzasidan O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qildi. Qo‘mita matbuot xizmati tomonidan shunday javob berildi:
«Shu bilan birga, 2018 yildan soliq va bojlar bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalarni qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarorlari bilan konkret maqsadga ega tarmoqlar, faoliyat sohalari va hududlarga va aniq ijtimoiy, iqtisodiy, moliyaviy natijalarga erishishni ta'minlash uchun taqdim etiladi.
Istisno holatlarda - xususiy sektorning sarmoya kiritishga qiziqishi bo‘lmagan, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asosga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro kelishuvlariga ko‘ra amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksini yangi tahrirda tayyorlashda soliq islohotlari doirasida soliq davrida yalpi daromadlari bir milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan, umumbelgilangan soliqlarni to‘lash mas'uliyati saqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi tayyorlab bo‘linganidan so‘ng Davlat interaktiv xizmatlari yagona portali regulation.gov.uz’ga muhokama uchun joylanadi».
O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining izohidan tushunish mumkinki, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining murojaatini faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori yoki farmoni bilan qanoatlantirish mumkin xolos.
Ayni damda O‘zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan va turli darajada nogironligi bo‘lgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam ko‘rsatish maqsadida hukumat miqyosida turli qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lsa-da, odatda bu hujjatlar amalda o‘z isbotini topmaydi.
Respublikaning chekka hududlari, ba'zi tumanlarida reabilitatsion vositalar, nogironlar aravachalari va panduslarning yetishmasligi, jamiyatda ular o‘z o‘rnini topishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar yuzasidan murojaatlar ko‘p uchraydi.
Misol uchun, 12 mart kuni «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan Adliya vazirligi va USAID O‘zbekistondagi sud-huquq islohotlari dasturi (JRUP) bilan hamkorlikda konsultativ uchrashuv bo‘lib o‘tgandi.
Ushbu uchrashuvda Nogironlar assotsiatsiyasi vakili Farhod Abdurahmonov nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha sohadagi mavjud kamchiliklarni sanagan – nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan telefon yoki boshqa qurilmalarda maxsus ilovalar, ko‘rish va eshitishda nuqsoni bor fuqarolarga huquqiy va boshqa maxsus adabiyotlar mavjud emasligi tanqid ostiga olingandi.
O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan turli xayriya tadbirlari tashkil etib kelinadi. Jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, o‘zini ruhan ojiz his qilmasligi uchun soha mutaxassislarining soni va malakasini oshirish zarur.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, jahonda o‘z ijobiy imijini yaratishga intilayotgan O‘zbekiston ijtimoiy adolat tamoyillari jihatidan ham o‘zini namoyish qilishi uchun vaqt keldi.
Yuqori doiralarda xalqaro ijobiy imij ko‘p hollarda turli statistika yoki yetakchilik ro‘yxatlarida quvish ortidan keladi, degan noto‘g‘ri fikr shakllangan. Aslida esa mamlakatning ijobiy imiji uning fuqarolari (ijtimoiy kelib chiqishi, jinsi, e'tiqodi, nogironligi bor yoki yo‘qligidan qati nazar) hayoti naqadar farovon ekanligidan, ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchidan quvvat oladi.