Asakadagi muammoli holat bo‘yicha ma'lumot berildi: suv quvurlari almashtirib qo‘yilishi yuzasidan surishtiruv o‘tkazilmoqda

Jamiyat 14:44 / 01.05.2019 8543

27 aprel kuni Kun.uz saytida «Asakadagi o‘n mahallaga suv boradigan quvurni qo‘riqlayotgan aholi va ayollar haqida» sarlavhasi bilan tahliliy material e'lon qilingan edi. Unda Asaka tumanining shaharga yaqin bo‘lgan Fayzobod, Zarbdor, Shohimardon va yana ko‘plab mahallari, sanoat korxonalarini ichimlik suvi bilan ta'minlovchi «Xonobod-Andijon-Asaka» magistral suv tarmog‘idagi quvurlari noqonuniy qazib olib ketilayotgani bayon etilgandi.

Aholi vakillari diametri 1000 mm bo‘lgan quvurlar hech qanday hujjatlarsiz kavlab olib ketilib, ularning o‘rniga diametri 315 mm bo‘lgan quvurlar o‘rnatilayotganidan arz qilishgan.

Mazkur holat keng omma e'tiboriga havola qilingach, Uy-joy kommunal vazirligi tomonidan muammoni o‘rganib hal qilishga kirishgan. Vazirlik nashrga ushbu holat bo‘yicha tezkor ishlar amalga oshirilayotgani haqidagi ma'lumotlarni taqdim qildi.

Unga ko‘ra, xitoylik investor tomonidan Asaka tumanida korxona qurilishi uchun ajratilgan yer maydonida olib borilayotgan qazish ishlari jarayonida «Xonobod-Andijon-Asaka» suv quvurining Ergashobod MFY hududidan o‘tgan qismida Asaka tuman «Suvoqova» filiali rahbari tuman hokimligi va viloyat «Suvoqova» DUK rahbariyatini xabardor etmasdan, tegishli hujjatlarsiz,  diametri 1000 mm bo‘lgan markaziy suv quvurining 320 metr qismini kavlab olib, o‘rniga diametri 315 mm.li polietilen quvur yotqizgani aniqlangan.

Ma'lumotnomada vazirlik mazkur holatga quyidagicha izoh bergan: «Joriy yilning 28 aprel kunidan boshlab, yangi ulangan diametri 315 mm.li polietilen quvurdan aholiga jadval asosida suv yetkazib berish qayta yo‘lga qo‘yilgan. Shu kunning o‘zida, viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi hamda viloyat «Suvoqova» DUK xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, aholiga bir maromda suv yetkazib berish bo‘yicha mutaxassislar xulosalari asosida joyida o‘rganildi.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, mazkur tarmoqning loyihalashtirishida va qurilish davrida yerning geografik joylashuvi, past-balandliklari inobatga olinmagani, gidravlika talablariga to‘liq rioya qilinmagani sababli, 1-1,5 km uzunlikdagi tarmoqda 3ta eng katta chuqurliklar bo‘lib, quvurning joylashuv chuqurligi o‘rtacha 60-70 metrni tashkil etadi.

Ushbu chuqurlikda taxminan 1,5-2,0 ming m3 suv tarmoqda qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda va «Bog‘ishamol-Asaka» tarmog‘i orqali shahardagi bir nechta «zadvijka»larni berkitish hisobiga Asaka tumaniga 4-5 soat suv berish rejalashtirilib, ushbu vaqt ichida tarmoqning chuqur qismi to‘lgunga qadar suv berish vaqti tugashi natijasida Asaka tumaniga yetarli miqdorda suv yetkazib berishda muammolar yuzaga kelgani aniqlandi. Hududni ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha Andijon viloyati «Suvoqova» DUK tomonidan choralar ko‘rildi.

Shuningdek, viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi hamda viloyat «Suvoqova» DUK xodimlaridan iborat 3ta maxsus ishchi guruhi tuzilib, tarmoqqa noqonuniy ulanish holatlarini joyida o‘rganib bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

O‘rganishda, jami 10ta noqonuniy holat va 1ta suv nosozligi aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi va joyida bartaraf etildi. O‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Tuman «Suvoqova» filiali rahbari tomonidan tarmoqning 320 metr qismidagi 1000 mm diametrdagi quvurlarning diametri 315 mm.li polietilen quvurga almashtirilgani holati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Surishtiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot beriladi».

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Kun.uz nashrida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi dolzarb muammolar to‘g‘risida e'lon qilingan maqolalarni vazirlik muntazam ravishda kuzatib borib,  ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilayotganini bildirgan.

O‘z o‘rnida Kun.uz ham vazirlik tomonidan tanqidiy maqolaga tez fursatda munosabat bildirgani hamda hamkorlik uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Ko‘proq yangiliklar: