Urush qatnashchisi vafot etsa, farmonda ko‘rsatilgan mablag‘ qayerga sarflanadi?

Jamiyat 19:48 / 30.04.2019 16885

Ma'lumki, mamlakatimizda ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamisha e'zozda bo‘lib kelgan. Davlatimiz eng murakkab bo‘lgan o‘tish davrida ham 9 may kuni «Xotira va qadrlash bayrami» sifatida keng nishonlangan, faxriylarga maxsus farmonlarga ko‘ra alohida e'tibor qaratilgan. Ammo umr o‘tib ketmoqda, ming afsuski bu urush qatnashchilari ham yildan yilga kamayib bormoqda...

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi faxriylari an'anaga ko‘ra har yilda 9 may arafasida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Avvalgi yillarda, xususan, 2013 yilda bir martalik pul mukofoti - 500 000 (besh yuz ming) so‘mni, 2014 yilda – 600 000 (olti yuz ming) so‘mni, 2017 yilda 2 000 000 (ikki million) so‘mni, 2018 yilda 5 000 000 (besh million) so‘mni tashkil etgan.

Joriy yilning 23 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Farmonda shunday deyiladi:

Mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e'tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e'zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 74 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida:

1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 7 500 000

(yetti million besh yuz ming) so‘m miqdorida bir yo‘la pul mukofoti belgilansin.

2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofoti tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini ta'minlasinlar.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi va sha'ni-sharafi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma'rifiy-badiiy kechalar o‘tkazsinlar.

5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Ayni shu farmon ijrosini ta'minlash ijrosini ta'minlash masalasida o‘tkazilgan yig‘ilishda urush qatnashchilari soni o‘tgan yili 1168 nafar bo‘lgani, bu yil esa 878 nafar qolgani ma'lum qilingan.

Ammo O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi saytidagi ayni shu farmon ijrosi bo‘yicha xabarda 2019 yil 23 aprel holatiga, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining hududiy tuman (shahar) bo‘limlari hisobida turuvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari soni 829 nafarni tashkil qilishi ko‘rsatilgan. Ma'lum qilinishicha, bu 49 nafar veteranlar boshqa tizimlarda faoliyat yuritgan insonlar bo‘lib,  o‘sha tizimlar orqali farmonda belgilangan mukofot pulini oladilar.

Mavzuni kengroq yoritish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari Shuhratjon Davronov bilan qisqa suhbat qurdik.

— Bugungi kunda Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilarining aniq soni qancha?

— Mukofotlanishi lozim bo‘lgan 1941-1945 yillardagi urush faxriylari va nogironlarining, mehnat fronti qatnashchilarining aniq ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

2019 yil 23 aprel holatiga ma'lumotlariga asosan Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining hududiy tuman (shahar) bo‘limlari hisobida turuvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari soni 829 nafarni tashkil etadi.

— Farmon e'lon qilinganidan keyin urush qatnashchisi vafot etsa, ajratilgan mablag‘ qayerga sarflanadi?

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 3 apreldagi 81-son qarori bilan tasdiqlangan «1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari va nogironlariga bir martalik mukofot pullarini to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 5-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilingan kunda mukofot puli olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs keyinroq vafot etgan hollarda ushbu mablag‘lar ularning oila a'zolariga to‘lanishi belgilangan.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish mumkinki, har yillik mablag‘ miqdori prezident qaroriga ko‘ra tasdiqlanadi va zarur mablag‘larni ajratish, tarqatish ijrosi AT «Xalq banki» tomonidan amalga oshiriladi.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: