O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2019 yil kuz faslida Toshkent shahrida Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzilmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda.
Tashkiliy qo‘mitaga (raisi — Bosh vazir A.Aripov):
· zarur hollarda, Xalqaro investitsiya forumini moliyaviy, yuridik va axborot jihatdan ta'minlash uchun yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilish;
· Xalqaro investitsiya forumi dasturi va uni o‘tkazishning aniq sanasi, shuningdek, unga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar smetasini tasdiqlash;
· istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari bo‘yicha dastlabki TIA va boshqa loyiha hujjatlarini loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda ishlab chiqishni ta'minlash huquqi berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi istiqbolli investitsiya loyihalarini Tashkiliy qo‘mitaga taqdim qilgan holda tadbirkorlik sub'yektlarining Xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etishlarini ta'minlashi belgilanmoqda.