Jarqo‘rg‘onda «Obod qishloq» dasturi amalga oshirilgach, tadbirkorlar nimadan norozi bo‘lishdi?

Jamiyat 11:51 / 30.04.2019 23796

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan, harbiylar shaharchasi bo‘lmish Kakaydi qo‘rg‘onining «Bobur» va «Neftchilar» mahallasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 mart kungi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi PF–5386-son farmoniga ko‘ra obodonlashtirish ro‘yxatiga kiritilgan.

Kun.uz muxbiri Kakaydida yashab, mehnat qilib kelayotgan fuqarolarning tahririyatga yo‘llagan murojaatini o‘rganib qaytdi.

Kakaydidagi mahallalarni obodonlashtirish asnosida, yangi loyiha asosida jome masjidi bunyod qilingan. Shuningdek, avariya holatidagi eski uylar buzilib, aholi ko‘chirilgan. Buzilgan hududda yangi ko‘pqavatli uylar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Kakaydi markazida bunyod etilayotgan masjid qurilishida yo‘l chetida barpo etilgan do‘konlar buzilgan. Yigirmadan ziyod tadbirkorga ular o‘z do‘konlariga barcha hujjatlarga ega bo‘lishsa ham, shu paytgacha zararlar to‘lab berilmagan, yangi do‘konlar qurish uchun yer ajratilmagan. Ularning ko‘pi o‘z vaqtida bu joylarni kim oshdi savdosi orqali sotib olishgan ekan.

Tadbirkorlarga shaharcha chetidagi yangi bozordan do‘konlarni ijaraga olish taklif etilganida, ular buni keskin rad etishgan. Chunki, avvalgi do‘konlari shaharcha markazida bo‘lsa, chetroqda joylashgan bu hududga mijozlarning borishi amri mahol, deb tushuntirishdi.

Biz borganimizda tadbirkorlar masjid qurilayotgan joy ro‘parasidagi hududda, bir vaqtlar savdo do‘konlari bo‘lgan (ular ham buzilgan) joyda muvaqqat konstruksiya tiklab, savdo qilishayotganiga guvoh bo‘ldik. Ular hanuzgacha buzilgan do‘konlari evaziga joy ajratilmaganini, ro‘zg‘or tebratish uchun qiyinchiliklarga duch kelishayotganini gapirib berishdi.

Tadbirkorlarni taajjubga solayotgan holatlardan yana biri — buzilgan hududda noma'lum shaxs tomonidan do‘kon barpo etilayotgani ekan. 

Feruz Mahmudov Kakaydidagi sport majmuasi haqida gapirdi. Albatta, stadion obodonlashtirilib, mahalla yoshlari uchun turli sport to‘garaklari tashkil etilsa, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish mumkin bo‘ladi. Sport kollejini tugatgan, «Nasaf» futbol klubi tarbiyalanuvchisi, yosh murabbiy F.Mahmudovning o‘zi yoshlarga futbol sir-asrorlari o‘rgatishi mumkinligi haqida to‘lqinlanib aytib berdi.

Holbuki, o‘sha stadionning ochilishi uchun tadbirkorlarning do‘koni buzib tashlangan. Stadion ichida ham ilojsizlikdan muvaqqat bozor qurilmalari tiklangan. Kirish qismida yechinish va yuvinish xonalariga ega sun'iy chimli mini-futbol maydoni barpo etilgan va u yerda tadbirkor tomonidan aholiga pullik xizmat yo‘lga qo‘yilgan. Lekin bu aholining talablarini to‘liq qondira olmasligi kundek ravshan.

Uylari buzilgan aholi vakillari uchun shahar chetidagi, bir paytlar chiqindixona bo‘lgan hududdan yer uchastkalari ajratilgan.

Ko‘pchilik yangi turar-joy barpo etishga kirishib ketgan. Yangi hududga ko‘chirilganlardan biri Anastasiya Balabayeva shunday dedi:

— Bizning uy buzilgach, kompensatsiya uchun 42 million so‘m berishdi va mana shu yerda uy tikladim. Hozircha elektr va suv o‘tkazilmagan. Yo‘llar qilinmagan. Hudud tozalanmagan. Hammayoqda chiqindi sochilib yotibdi. Bu yerlarni epaqaga keltirish uchun hali qancha kuch va mablag‘ sarflashimiz kerak bo‘ladi.

Tan olish kerak, «Obod qishloq» davlat dasturini amalga oshirish uchun Kakaydida ma'lum bir ishlar amalga oshirilgan. Asosiy yo‘llarga asfalt, ichki ko‘chalarga shag‘al yotqizilgan, ko‘p qavatli turar joylar ta'mirlangan, ijtimoiy obektlar mukammal ta'mirdan chiqarilgan.

Bundan tashqari, qiyin ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayrim fuqarolar ham o‘z dardlarini izhor etishdi. Mahalliy hokimiyatdan o‘zlariga yordam so‘rashdi.

Biz aholining mazkur e'tirozlari yuzasidan tuman hokimi Ziyodulla Davlatov bilan uchrashdik.

Hokim binolari buzilgan tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida»gi №97-sonli qaroriga muvofiq, do‘kon qurish uchun yangi uchastkalari ajratib berilishini ma'lum qildi (keyinroq tuman hokimi telefon orqali tadbirkorlardan 17 nafariga do‘kon qurish uchun uchastkalar ajratilib, belgilab berilganini aytdi).

— Do‘konlar egalari bilan kelishuv bitimlari tuzilgan. Tuman hokimligida ham, arxitektura bo‘limida ham ayni paytda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer ajratib berish vakolati yo‘q. Yer faqat e-auksion.uz orqali xarid qilinadi. Shuning uchun qaysi tadbirkorning buzilgan do‘konining barcha tegishli hujjatlari bo‘lgan bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil №97-sonli qaroriga binoan yer ajratib beriladi, — dedi tuman arxitektori Shavkat Toshpo‘latov.

Mol bozori hududidan tavsiya etilgan yerlarni tadbirkorlar rad etishgach, stadion oldidan har biri 40 kv. m bo‘lgan 17ta do‘kon uchun joy loyihalashtirilib, tasdiqlangan. Kimning buzilgan do‘koni kattaroq bo‘lsa, tegishlicha ikkita do‘kon bo‘ladi. Bundan tashqari, zaxiradagi yerlardan tadbirkorlar uchun yer uchastkalari auksionga chiqarilmoqda. Istovchilar bemalol xarid qilib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari mumkin.

«Ular arxitektura belgilab berilgan yerdan loyiha bo‘yicha qurishadi, hokimning tan olish qarorini chiqarib beraman, bemalol kadastr hujjatlarini taxtlab olishadi», — dedi tuman hokimi.

Tuman hokimi shu vaqtgacha hujjatsiz faoliyat ko‘rsatib kelgan, binolari buzilgan tadbirkorlarga ham do‘kon qurish uchun yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar oldidan yer ajratilishi, loyiha tasdiqlanganini bildirdi. Bu borada tadbirkorlar bilan bir necha bor shaxsan muloqot qilganini aytib o‘tdi.

Biroq aholi tuman hokimi va arxitektori namoyish etgan loyihalardan bexabar ekan. Chunki loyihalar tayyorlangach, endi tasdiqlangan ekan.

Tuman hokimi Kakaydining markaziy qismidan yangi dehqon bozori barpo etilishini alohida qayd etib o‘tdi. Hozir bozor uchun maqbul joy tanlanmoqda.

Tuman arxitektori egasi noma'lum do‘kon borasida mazkur  mini-market «Milliy bank» namunali loyihasi asosida, dastur bo‘yicha barpo etilayotganini bildirdi. Bu joy uchun tender e'lon qilinganida mahalliy tadbirkorlardan hech kim qatnashmagan ekan.

Hokim va arxitektor ana shu mini-market oldidan ham do‘konlari buzilayotgan tadbirkorlarga 6ta joy ajratilayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Ayrim tadbirkorlar do‘koni buzilgani evaziga yetkazilgan zararni qoplash uchun tuman hokimligini sudga ham bergan.

«To‘g‘ri, o‘tkazgan muzokaralarimizga qaramasdan, zararlarni qoplash borasida bizni sudga bergan tadbirkorlarimiz ham bor. Sud qarorini bajarishga majburmiz. Hozir biz apellyatsiyaga berganmiz. Sud qanday yakuniy qarorga kelsa — shunga qarab ish ko‘ramiz», — dedi tuman hokimi.

«Neftchilar» mahallasi hududida joylashgan eski chiqindixona o‘rnida barpo etilayotgan uylar haqida tuman hokimi shunday dedi:

«Biz sug‘oriladigan yerlardan aholiga turarjoy qurish uchun yer uchastkasi ajratib bera olmaymiz. Shuning uchun uyi buzilgan oilalarga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan joydan yer ajratishga majbur bo‘ldik. Lekin u hududning infratuzilmasini albatta tuman hokimligi yordamida tiklaymiz. Chiqindixona ancha eski, juda ko‘p chiqindi olib chiqib ketilgan. Hozir ayrim qoldiqlari qolgan. O‘zi u yerda ayrim fuqarolar avvalroq sekin-asta o‘zboshimchalik bilan egallab, uy-joy tiklab boshlashgan edi. U yerdagi yo‘llarni ko‘taramiz, issiq kunlar kelganda tuproq tashlaymiz — yashash uchun normal holatga keltiramiz».

«Ayrim fuqarolar ko‘chaning muhofaza zonasiga chiqib ketib, noqonuniy uy-joylar qurishgan. Ular ham buzilib, ko‘chalar kengaytirildi. Ulardan ham e'tiroz tushgan, bilamiz. Lekin noqonuniy qurilgan qurilmalar buzildi», — dedi arxitektor.

Stadion masalasida «Bobur» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Norboy Bobomurodovning aytishicha, uni qayta ta'mirlash uchun 1 milliard so‘m pul ajratilgan. «Stadionga 1000ta o‘rindiq o‘rnatiladi. Qishki sport zali ham, qurish loyihasi ham bor. Mahalla ahlining sport bilan andarmon bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz», deydi u.

Tuman hokimi ham bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: «Stadion tuman sport bo‘limiga qarashli. Stadionga kelgusida chim yotqiziladi. Aholining, ayniqsa bolalarning sport bilan to‘laqonli shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratiladi».

Umuman, shaharchaning qiyofasini yangilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalar ekan, tuman hokimi shunday dedi: «Davlat dasturi bilan boshlangan ishlar o‘z nihoyasiga yetkaziladi. Kakaydi — harbiylar shaharchasi. Bu yerga respublikamizning barcha viloyatlaridan harbiy xizmatda bo‘lgan farzandini yo‘qlash uchun ota-onalar va qarindoshlari kelishadi. Biz bu yerda mahalliy aholi ham barcha qulayliklarga ega bo‘lib yashashi, mehmonlar ham yaxshi taassurotda ketishidan manfaatdormiz».

Muxtasar qilib aytganda, har qanday islohot ma'lum bir noqulayliklar va qiyinchiliklar keltirib chiqarishi tabiiy. Bu kimlargadir yoqadi, kimlargadir yoqmaydi, albatta va muammo hamda tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Lekin mahalliy rahbarlardan bunday paytda xalq dilini og‘ritmasdan, yaxshi gap, shirin so‘z bilan aholi o‘rtasida tushuntirish olib borish talab etiladi.

Kakaydida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar bosqichma-bosqich hal qilinayotganidan xursandmiz. O‘ylaymizki, tuman hokimligi tadbirkorlar va aholini tashvishlantirayotgan muammolarga ijobiy yechim topishda bardavom bo‘lishadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: