Kun.uz saytida «Past Darg‘omlik bezori mahalla tinchini buzmoqda: Hokim, IIB boshlig‘i va prokuror jim» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan, unda tumanning Charxin qo‘rg‘oni «Mirzo Ulug‘bek» mahallasi hududida joylashgan «Balans Trans Servis» oilaviy korxonasi boshlig‘i Sanjar Ziyayev mahalla ahliga xizmat ko‘rsatayotgan transformator podstansiyasini ko‘chaga — Samarqand – Kattaqo‘rg‘on yo‘li chetidagi Dimishqo kanali bo‘yiga ko‘chirib, transformator podstansiyasi turgan hudud — ichki yo‘lni noqonuniy egallashga urinayotgani va mahalla ahlining tinchini buzayotgani haqida hikoya qilingan edi.
Ma'lum bo‘lishicha, mazkur maqoladan so‘ng tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev va tuman mas'ullari vaziyat bilan tanishishgan.
Mahalla ahlining bildirishicha, tuman hokimi maqola e'lon qilingan kunning ertasiga tumandagi mutasaddilar bilan avtobusda kelib, voqea joyini o‘rgangan.
Biz voqea joyiga yetib borganimizda tuman elektr tarmoqlari idorasi («Elektroset») rahbari Hikmat Haitov tuman hokimi transformator umumfoydalanuvdagi yo‘l ichidan tashqariga chiqarilishi bo‘yicha buyruq berganini aytdi. Biroq avvaliga aynan kanal bo‘yiga ko‘chirmoqchi emasliklarini, uni ko‘chirish uchun joy axtarilayotganini bildirgan bo‘lsa-da, keyinroq xodimlariga bu hokim buyrug‘i ekanligi, transformatorni bugunoq ko‘chirish kerakligini ta'kidladi.
To‘g‘ri, transformatorning hozirgi joylashgan o‘rni ham xavfsizlik talablariga javob bermaydi. U oshxona yordamchi binolariga juda yaqin joylashgan. Haitovning aytishicha, jala vaqtida tomdan yomg‘ir suvi sachrashi va avariya ro‘y berishi ehtimoli yuqori.
Hikmat Haitov transformatorga noqonuniy ulangan simlar ham borligini ko‘rsatib, bu simlar qayerga ketayotganini bilmasligini aytdi. Nahotki, tumandagi MIB va boshqa idoralar bundan bexabar bo‘lsa?
Viloyat arxitektura bo‘limi mutaxassisi Ulug‘bek Rustamov mahalla ahli murojaatini o‘rganish uchun kelganini aytib o‘tdi. Nizoli ko‘cha atrofidagi jami qurilmalarning hujjati bilan tanishib chiqishini, shundan so‘ng mutaxassislar yakuniy bir xulosaga kelishini bildirdi.
Transformatorni boshqa joyga ko‘chirishning ham o‘z qonun-qoidalari bor ekan. Masalan, Past Darg‘om TET idorasining Charxin bo‘limi ustasi Po‘lat Hamrayevning aytishicha, transformator ko‘chirilishidan S.Ziyayev manfaatdor bo‘lsa, u yangi ko‘chiriladigan joyga loyiha tayyorlaydi, viloyat elektr tarmoqlari idorasidan texnik shart roziligini oladi va transformatorning ko‘chirilishi bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplaydi. Lekin bu talablarning birortasi bajarilmagan.
Xullas, bizga ma'lum qilinishicha, transformator podstansiyasi yangi joyga ko‘chirilmoqda. Keyingi harakat umumfoydalanuvdagi ichki yo‘l Sanjar Ziyayevga xatlab berilishi bo‘lishi mumkin. Chunki Ziyayev allaqachon umumfoydalanish yo‘lagiga darvozani o‘rnatib, qulflab olib ham bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasidagi suv omborlari va boshqa suv havzalari, daryolar, magistral kanallar va kollektorlarning, shuningdek, ichimlik suvi va maishiy suv ta'minotining, davolash va madaniy-sog‘lomlashtirishda ishlatiladigan suv manbalarining suvni muhofaza qilish zonalari haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi №174-sonli qaroriga ko‘ra, kanalning muhofaza zonasi har ikki qirg‘og‘idan 20 metr masofani tashkil etadi va bu zonada hech qanday inshoot qurish mumkin emas.
Past Darg‘om tuman irrigatsiya bo‘limining 2019 yil 27 aprelda «Mirzo Ulug‘bek» MFYning murojaatiga yo‘llagan xatida ham bu o‘z aksini topgan.
Qolaversa, transformator ko‘chirilishi kerak bo‘lgan hudud ostidan yer osti kabellari o‘tgan va qoidaga ko‘ra, bu yerda umuman qazish ishlarini olib borish mumkin emas. Shu sababli, uning uchun yangi joy tanlanadi.
Qiziq vaziyat yuzaga kelyapti: transformator joylashgan ko‘chani egallash uchun S.Ziyayev tuman davlat xizmatlari agentligiga murojaat qilishi kerak edi. Biroq tuman DXAga bunday murojaat kelib tushmagan.
Biz bilan suhbatda «Men hujjatlarni kadastrga topshirganman, ular rasmiylashtirib berishadi», degan edi. Hozir bunday ishlar bilan DXA shug‘ullanishi kerak-ku?! Yoki Ziyayev o‘ziga Past Darg‘om tuman Yer resuraslari va davlat kadastri bo‘limi orqa sana bilan hujjat rasmiylashtirib berishiga ishonadimi?
Bundan tashqari, transformator podstansiyasi uchun mas'ul bo‘lgan «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ mahalla ahlining murojaatiga javoban yozgan xatida podstansiya ko‘chirilmasligini ta'kidlab o‘tgan edi.
«Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori Mahmud Pardayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda transformator ko‘chirilmaydi, deb topshiriq berganini, kim buyruq bergan bo‘lsa ham bu bajarilmasligini aytib o‘tdi. Agarda kim ko‘chirilishini istasa — o‘sha insonning hisobidan, loyiha va texnik shart tasdiqlangach ko‘chirilishini aytdi.
«Nega men bu ishni tekinga qilishim kerak? Kimdir hokimga aytib tekin qildirmoqchi bu ishni», — deydi u.
Mahalla ahli o‘zi shu transformator ko‘chirilmasligini istab, idoralarga chopa-chop qilib yurgan edi. U baribir ko‘chaga, suv bo‘yiga o‘rnatilmoqda. Qolaversa, umumiy foydalanishdagi yo‘lakdan o‘z uyining darvozasidan kira olmasdan halak bo‘lib kelayotgan fuqaro Mardonqul Rahmonqulov va umumiy ovqatlanish korxonasining yordamchi xonalariga o‘tish uchun ishchilar nima qilishi kerak?
Gap transformatorning ko‘chirish-ko‘chirilmasligida ham emas, gap umumiy foydalanuvdagi yo‘lkaning noqonuniy egallab olinayotganida.
Elektr energiyasini taqsimlovchi transformatorni suv oqadigan kanal bo‘yiga ko‘chirishdek nomaqbul ish yana qayerda kuzatilishi mumkin? Bu borada o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilish kerak emasmi?
To‘ldirish: Ayni vaqtda transformator yangi joyga o‘rnatilgan
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.