Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Xiva tumanidagi 15-sonli umumta'lim maktabi o‘qituvchilariga tuman hokimligi bosimi ostida maktab direktori tomonidan issiqxonalarni majburiy tarzda o‘rnatilayotganligi haqidagi ma'lumot o‘rganib chiqildi.
Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, maktab pedagog xodimlari va ishchilari orasida mamlakatda tomorqalardan samarali foydalanish va banklarning imtiyozli kreditlaridan foydalangan holda uyda parranda, tovuq, quyon boqish, issiqxonalar qurishning afzalliklari haqida ma'lumot berilgan.
15-sonli umumta'lim maktabi xodimlari bilan suhbatda ularni hech kim majburiy tarzda issiqxona sotib olishga undamaganligi aniqlangan.
Maktab direktoriga mazkur masala bo‘yicha xorijlik jurnalistlar qo‘ng‘iroq qilgan va majburiy issiqxona o‘rnatish holati yo‘qligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida jamiyatda o‘qituvchi mavqeini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalardan biri o‘qituvchilarni majburiy obuna va mehnatga jalb etishni to‘xtatishdir.
Xalq ta'limi vazirligi tizimda faoliyat yurituvchi xodimlarni turli majburiy tadbirlarga jalb etilganda http://ustozovozi.uzedu.uz/ tizimi orqali vazirlikka yoki mahalliy prokuratura organlariga murojaat qilishlarini so‘ragan.