Andijonda Muhammad Yusuf tavallud kunini xavfsiz o‘tkazishning rejasi bo‘lganmi o‘zi?

Jamiyat 11:30 / 29.04.2019 33722

Andijon viloyatida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning 65 yillik yubileyi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

27 aprel kuni Andijon shahrida Muhammad Yusuf xiyoboni ochilgach, yubileyga kelgan mehmonlar shoir tug‘ilib o‘sgan Marhamat tumaniga ham borishgan. U yerdagi uchrashuvlardan qaytishayotganda O‘zbekiston xalq shoirlari Usmon Azim va Mahmud Toir, shuningdek, shoir Nodir Jonuzoq o‘tirgan mashina avtohalokatga uchragan.

Bizga ma'lum bo‘lishicha, berilganiga bir haftacha bo‘lgan yap-yangi «Neksiya-3» yengil mashinasi rulida Andijon viloyat yozuvchilar uyushmasi raisasi Xurshida Qo‘chqorova bo‘lgan.

To‘g‘ri, Andijon viloyati hokimligi mutasaddilari viloyat markazida tashkillashtirilgan el suygan shoirni xotirlash tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tishi, mehmonlarga sovg‘a-salomlar masalasida yordam qilishgan, ammo respublikamizning boshqa shaharlaridan keladigan mehmonlarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish va kuzatish ishlariga loqayd munosabatda bo‘lishgan.

Bu ishlar to‘liq Xurshida Qo‘chqorovaning gardaniga tushgan. U ikki kun davomida deyarli uxlamasdan barcha ishlarga o‘zi yugurib-yelib harakat qilgan. Masalan, poyezd poytaxtdan kechasi soat 23:30da Andijonga yetib boradi. Ikki kun mobaynida u ayol boshi bilan bir o‘zi mehmonlarni kutib olib, joylashtirish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Marhamat tumanida o‘tgan tadbirlarda esa xavfsizlik tartib-qoidalariga mutlaqo amal qilinmagan. Muhammad Yusufning uyiga eltuvchi yo‘l viloyatlardan kelgan minglab muxlislar va ularning avtomashinalari bilan to‘lib ketgan. Balkim tumanning kuchi yetmas, ammo viloyatdagi ichki ishlar organlaridan tartibga solib turuvchi biror yordamchi kuch ajratilmagan.

Bizga tasvirlab berishlaricha, Muhammad Yusufning xonadoni odamlarga to‘lib ketgan. Oyoq bosishga joy qolmagan. Ayniqsa, shoir dafn etilgan qabristonga ham odamlar yopirilib kirib, boshqa qabrlar oyog‘osti bo‘lishidek xunuk manzara kuzatilgan.

Agar Andijon viloyat hokimligi mazkur tadbirni rejali qilib tashkillashtirganida, mas'ullar tayinlanganida, aytaylik, katta-katta shoirlar va boshqa mehmonlarni YPX xodimlari kuzatuvida olib borishganida, albatta bu tadbir yo‘l-transport hodisasiz, chiroyli o‘tgan bo‘lar edi.

Shoirning ijodiga oshno avtobus-avtobus yosh o‘quvchilar ham borishgan. Ularning birortasiga kuzatuv tayinlanmagan. Umuman, respublika ahamiyatidagi bunday yirik ommaviy tadbirlarda xavfsizlik masalasi birinchi o‘ringa qo‘yilishi kerak emasmidi?

Bu gal shoirlarimizni Xudo bir asradi. Ularning tezroq sog‘ayib ketishlarini tilab qolamiz. Bunday tadbirlarga loqaydlik nafaqat Andijonda, istalgan viloyatda ham ro‘y berishi mumkinligini inobatga olib, mas'ullar kelgusida puxtaroq reja ishlab chiqishlarini istar edik.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: