Tanqidiy maqoladan so‘ng ishchilarga tazyiq o‘tkazildi(mi)? Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Mehnat vazirligi bu holatga qanday baho beradi?

Jamiyat 20:50 / 28.04.2019 20177

Kun.uz saytida joriy yilning 2 aprel kuni «Kechlikka mog‘orlagan non. «O‘zneftgazquduqta'mirlash» ishchilari og‘ir sharoitlarda ishlab, oylik olishmayapti» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatining «Sho‘rtan» uchastkasida ishlovchi ishchilar og‘ir sharoitdaligi, oylik maoshlarini o‘z vaqtda olishmayotgani va yana bir qator muammolar jurnalistik surishtiruv asosida yoritilgan edi.

Tanqidiy maqoladan so‘ng «O‘zbekneftgaz» AJ mazkur holatlar yuzasidan o‘rganish olib borgan, uning natijalari kompaniya saytida e'lon qilingandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ ushbu maqolada keltirilgan muammolarni joyiga chiqib bir guruh ishchilar bilan uchrashgan holda o‘rgandi.

«Sho‘rtan» uchastkasidagi posyolka va uchastkaga qarashli quduqlarni ta'mirlash ishchilarini oziq-ovqat bilan ta'minlash hozircha ularning istaklari asosidagi kelishuv bilan amalga oshirilmoqda. Ya'ni, ishchilar korxona rahbariyatiga ovqatlanish uchun pul to‘lanishi va oziq-ovqat mahsulotlarini har bir guruh ishchilari o‘zlari kelishgan holda tashkil etishlari to‘g‘risida taklif kiritgan. Korxonaning jamoaviy shartnomasiga tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritilib, unga ko‘ra xodimlarga plastik kartochka orqali kompensatsiya puli to‘lab kelinmoqda.

Shuningdek, ishchilarning ko‘rpa-to‘shak, choyshab, yostiqlari yangilandi. Bundan tashqari, har bir mutaxassisga barcha xavfsizlik qoidalariga va zavoddagi mehnat sharoitlariga mos yangi kiyimlar berildi.

Jamiyatning quduqlarni ta'mirlash uchastkalarida ishlovchi xodimlarning talab va istaklari bilan joriy yilning 19 aprel kunidan «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJning neft va gaz quduqlarini ta'mirlash uchastka, sex va xizmatlarida bir oylik ish rejimidan 15 kunlik vaxta asosida 12 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi.

Shuni ham ta'kidlab o‘tish kerakki, «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ tarkibidagi korxonalarni to‘liq ish bilan ta'minlash maqsadida 2019 yilning ikkinchi choragida 600ta quduqni ta'mirlash yuzasidan zarur shartnomalar imzolangan.

«O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ mas'ullariga korxonaning barcha obektlaridagi ishchilarning samarali xizmat qilishi va ko‘ngildagidek hordiq olishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriq berildi», – deyiladi «O‘zbekneftgaz» AJ Aholi murojaatlarini o‘rganish va tahlil qilish guruhi nomidan berilgan ma'lumotnomada.

Ammo bu xabar ortidan «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ «Sho‘rtan» uchastkasi ishchilari saytga takroriy murojaat bilan chiqishdi.

«Tanqidiy maqoladan so‘ng bir oylik ish rejimidan 15 kunlik vaxta asosida 12 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi. Ko‘rpa-to‘shaklar almashtirildi, maxsus kiyimlar ham berildi. Ammo ovqatlanish va oylik maosh masalasi hanuzgacha hal qilib berilmadi. Eng yomoni, maqoladan so‘ng «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ rahbariyati va mas'ul xodimlari tomonidan bir necha ishchilarga bosim kuchaydi, ularga tazyiq o‘tkazish boshlandi. Majburlab tushuntirish xati yozdirishdi, yozmaganlarini esa ishdan bo‘shatish holatlari kuzatilmoqda. Aybimiz muammolarni olib chiqqanimizmi? Nega bizga qullarga munosabat qilgandek tazyiq o‘tkazishmoqda? Haqiqatni aytganimiz uchun ishdan bo‘shatib yuboraverishadimi? Bizga yordam bering», – deyiladi murojaatda.

Murojaat asosida «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ «Sho‘rtan» uchastkasi ishchilari bilan yana bir bor uchrashdik va ularning e'tirozlarini tingladik.

«Korxonamizning kadrlar bo‘limi boshlig‘i Akobir Barakayev «tanqidiy maqoladagi holatlar yolg‘on edi, deb yozib berasizlar, bo‘lmasa ishdan haydaymiz», deya tazyiq o‘tkazmoqda. Ba'zilar yozib berdi, biz esa yozmadik. Hozir bizga bosim yanada kuchaygan», – deydi ishchilar Bunyod Xurramov, Rustam Xo‘jamqulov va Nurpo‘lat Toshev.

Ma'lum bo‘lishicha, aynan shu sabab «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ kadrlar bo‘limi boshlig‘i Akobir Barakayev ishchi Rustam To‘yliyevni ishdan haydab yuborgan.

«Hozir uydaman, ishlamayapman. Maqoladagi hammasi yolg‘on edi, deb yozmaganim uchun kadrlar bo‘limi boshlig‘i «senga ishlashga ruxsat yo‘q, agar shunday deb yozib bersang, keyin ruxsat beramiz», dedi. Men esa yozishni istamadim. Ikki marta qabuliga kirdim, ammo foydasi bo‘lmadi va ishsiz qoldim», – deydi Rustam To‘yliyev.

Dastlabki jurnalistik surishtiruvimizda bizga hamrohlik qilgan uchastka dispetcheri Dilmurod Hayitov ham ayni vaqtda shunday tazyiq ostida qolganini bildirdi.

Mazkur holatlar va ishchilarning e'tirozlari asosida «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ kadrlar bo‘limi boshlig‘i Akobir Barakayev bilan bog‘landik. Ishchilardan qonuniy tarzda tushuntirish xati olayotganini aytish bilan cheklangan mutasaddi boshqa ma'lumot berolmasligini bildirdi.

Uchastka katta ustasi Gulmurod Donayev bilan ham suhbatlashdik.

«Ishchilarimiz kadrlar bo‘limi boshlig‘i Akobir Barakayev va boshqa mutasaddilar tomonidan qattiq bosim ostida qolgani rost. Tanqidiy maqoladagi holatlar yolg‘on edi, deb yozib bermagani uchun uchastka boshlig‘iga aytib, to‘rt nafar ishchining ustidan bildirgi yozdirdi. Shu asosda endi ishga qo‘ymayapti. Ishchilarning mehnat huquqlarini himoya qilishi lozim bo‘lgan korxona kasaba uyushmasi ham ular tomonda bo‘lib, ishchilarga bosim o‘tkazishmoqda. Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Akobir Barakayev xohlagan ishini qilib, ishchilarga tazyiq o‘tkazmoqda. Bizni ulardan himoya qiladigan tashkilotlar bormi yoki ular ishchilarga nisbatan shunday nohaqliklarni davom ettiraverishadimi?», – deydi Gulmurod Donayev.

Ushbu e'tiroz yuzasidan «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatining «Sho‘rtan» uchastkasi boshlig‘i Shermat Inatovdan izoh so‘radik.

«Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Akobir Barakayev «tushuntirish xati yozmaganlarni ishga qo‘ymaysan», deya talab qo‘ygan va men buni bajarishga majburman. Ularni ustidan bildirgi yozib berishimni aytdi va yozib berdim», – deydi Shermat Inatov.

«O‘zbekneftgaz» AJ tanqidiy maqolaga munosabat bildirib rasmiy ma'lumot bergandi. Ammo ishchilarga o‘tkazilayotgan tazyiqlardan ko‘rinib turibdiki, korxona faoliyatida bartaraf qilinishi lozim bo‘lgan muammolar talaygina.

Ma'lumki, «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat bilan bog‘liq barcha haq-huquqlarini himoya qilishi kerak. Axir, ular oylik maoshlaridan belgilangan a'zolik badallarini to‘lab kelishmoqda. Qolaversa, Mehnat vazirligi ham bu muammoga jiddiy e'tibor qaratib, ishchilarga o‘tkazilayotgan tazyiqlar yuzasidan tegishli ishlarni amalga oshirishi lozim.

Kun.uz «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ ishchilariga qilinayotgan munosabat tegishli idoralar tomonidan o‘rganilishi, huquqiy baho berilishi va zarur choralar ko‘rilishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: