27 aprel kuni internetda Andijon viloyatining Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Xalimovich Isomiddinov ishdan ketgani haqida xabarlar tarqaldi.
Bu xabarlarda 7 yildan buyon tumanga hokimlik qilib kelgan salomatligi tufayli lavozimidan bo‘shatilgani, uning o‘rnini shu kunga qadar viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Furqatbek Buzrukov tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani aytilgandi.
Kun.uz muxbiri Andijon viloyat hokimligi rasmiy shaxslari bilan bog‘langanida ular tomonidan Ulug‘bek Isomiddinov bir hafta davomida Andijon tibbiyot instituti klinikasida davolangani va 28 apreldan Andijon tuman hokimi vazifasini bajarishga qaytishi haqida ma'lumot berildi.
Isomiddinov 2018 yilning yanvarida tuman hokimligidagi yig‘ilishlardan birida fermerlarni qattiq so‘zlar bilan haqoratlagach, OAV orqali «tanila» boshlangandi. «Ozodlik» muxbiri bilan suhbatda u yig‘ilishlarda fermerlarni tergashga to‘g‘ri kelishini tan olgan va boshqa bunday xato qilmaslikka va'da bergandi.
2018 yilning fevralida esa barcha fermerlardan yerlarini davlat zaxirasiga topshirish haqida majburiy tarzda ariza yozdirib olgani to‘g‘risida xabar tarqalgandi.
2019 yil martida Andijon viloyati hokimligi nashri — «Andijonnoma»da Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov haqida katta tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.