Kecha, 26 aprel kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyida Tojikiston qurolli kuchlari Birlashgan shtabi harbiy harakatlar xizmati boshlig‘i polkovnik Nazarahmad Qurbon Qosimzoda boshchiligidagi harbiy delegatsiya ikki mamlakat xalqaro hamkorlik masalalarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonning bir qator vazirlik va idoralari vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida harbiy yuklar va harbiy tarkiblarning O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranziti to‘g‘risidagi har ikki davlat hukumatlari o‘rtasida tuzilgan Kelishuv muhokama etildi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/vnT5-3LbTuM3zkLP66GuwsUf3oQv9jv8.jpg)
“O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Harbiy harakatlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik A. Sabirov ushbu Kelishuvning ahamiyati, har ikki davlat uchun teng manfaatli hamkorlikning kelgusi rivoji haqida to‘xtalib o‘tdi”, deyiladi xabarda.
![](https://storage.kun.uz/source/4/B_IJtEP7Vv8Z8-YGhG_H5ZCDKF6vSKZv.jpg)
Uchrashuv natijasiga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan Kelishuv talablarini bajarishga hamda uni amalda qo‘llashda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya qilinishiga kelishildi.