Asakadagi o‘n mahallaga suv boradigan quvurni qo‘riqlayotgan aholi va ayollar haqida

Jamiyat 12:10 / 27.04.2019 38452

Andijon viloyati, Asaka tumanining katta qismi adirliklardan iborat bo‘lganligi bois, ko‘p mahallalarda ichimlik suvi juda dolzarb muammo. Bu hududlarda nafaqat ichimlik suvi, balki ekinlarni sug‘orish uchun suv tanqisligi masalasi ham mavjud.

Shu hafta boshidan beri tumanning shaharga yaqin bo‘lgan Fayzobod, Zarbdor, Shohimardon mahallalaridan aholi vakillari ichimlik suvi quvurlari noqonuniy qazib olib ketilayotgani bo‘yicha ko‘p bora murojaat qilishdi.

Arznomalar Kun.uz sayti elektron pochtasiga ham keldi. Qo‘ng‘iroqlar ham to‘xtamadi. Oxiri o‘sha yerlik ayollar aloqaga chiqib, “Kelmasalaring bo‘lmaydi! Muammo jiddiy. Adirni tepasida kutib o‘tiribmiz”, deya masalani ko‘ndalang qo‘yishdi. Boshqa joydagi xizmat safarlaridan oshinib Asaka tomon yo‘l oldik. Ergashobod MFY hududi tepasidagi adirlik tomonga chiqib borganimizda, bizni 15 nafar ayol va shuncha erkak kutib turar edi. Erkak kishilar-ku mayli, ayollarning besh kundan beri qir tepasi, quvur kavlanayotgan joyda “navbatchi” bo‘lib turgani masala jiddiy ekanligidan darak edi.

Muammo nimada?   

Aynan biz chiqqan Ergashobod mahallasi tepasidan aholini ichimlik suvi bilan ta'minlovchi “Xonobod-Andijon-Asaka” magistral suv tarmog‘i, diametri 1000 mm bo‘lgan quvur orqali o‘tgan bo‘lib, 16 aprel kuni Fayzobod, Yangi Sor, Zarbdor mahalla ahli mazkur hududda qazish ishlari olib borilayotganidan xabar topishadi.

Qarangki, tuman hokimining hech qanday qaror yoki farmoyishisiz qazish ishlari olib borayotgan “uddaburon” firma soz holatdagi diametri 1000 mm bo‘lgan quvurlarni chirib, yaroqsiz holga kelgan diametri 400 mm bo‘lgan quvurlarga almashtirib ketishni ko‘zlagan. Mahalliy aholi tuman “Suvoqava” tashkiloti bilan birga ish olib borayotgan “uddaburon” firmaning 7 km uzunlikdagi katta quvurlarni qazib olishga urinayotganida to‘xtatib qolish uchun harakat qilmoqda.  

Bunday qazish ishlari Fayzobod va Ergashobod mahallasi tepasida boshlaganida oqsoqollar xabar topadi. Mahalla ahli o‘zlariga ichimlik suvi keladigan quvurlarni himoya qilgani harakatga tushadi. Tuman hokimligi va turli mutasaddi tashkilotlarga zudlik bilan murojaat qila boshlashadi. 

Ikkita muammoning birinchisi Ergashobod mahallasida edi. Bu yerda hech qanday hujjatsiz ravishda 380 metr uzunlikdagi diametri 1000 mm bo‘lgan quvurlar kavlab olinib, qayoqqadir ketib bo‘lgan ekan. Biz tuman “Suvoqava” tashkiloti katta quvurlar o‘rniga diametri 350 mm atrofidagi polietilen quvurlarni ulayotgan va bunga mahalla qarshilik qilayotgan paytga yetib boribmiz. 

Hududda ish qizg‘in ketayotgan edi. Mahalla ayollari borishimiz bilan bizni savollarga ko‘mib tashladi. Ularning fig‘oni falakni ko‘tarardi.

“Men Ibn Sino mahallasi, Shohimardon ko‘chasida yashayman. Asaka shahridagi buzilishlar sababli mana shu joyga ko‘chib chiqqanmiz. Ko‘chamizda ichimlik suvi o‘zi doimiy tushmaydi. Qish oylarida uch-to‘rt oy suv keladi xolos. Hech qanday ogohlantirishsiz, juda katta aholi suv ichadigan quvurni kichigiga almashtirishni boshlashibdi. Katta quvur qayerga ketganini aytib bera olishmayapti. “Endi umuman suvsiz qolmaylik”, deb qarshilik qilgani shu yerga chiqdik”, - deydi Erkinoy opa Tursunova.

Ergashobod MFY fuqarosi Ijobat Xo‘jayeva esa mahalla oqsoqolining “Agar quvurni joyiga qo‘yishmasa suvsiz qolamiz”, degan gapidan so‘ng qo‘shnilari bilan bir haftadan beri shu yerda turishganini aytdi. “O‘zi quvurdan yil davomida uch oy suv keladi. Boshqa payt tonnasini 30 mingdan sotib olamiz. Bir haftadan beri katta quvurimizni sotib yuborishganini eshitgach, o‘z joyiga qaytarishini so‘rab har kuni shu joyga kelyapmiz. Lekin katta quvur yo‘q bo‘lib ketibdi shekilli hech narsa qila olishmayapti”, - deydi u.

Biz esa, o‘sha yerdagi o‘z holicha qazish, ulash ishlarini olib borayotgan tuman “Suvoqava” tashkiloti boshlig‘i Bahodir Qahhorovga yuzlandik va undan voqeaga oydinlik kiritishini so‘radik. Mutasaddi, bu yerda qazish, quvur almashtirish uchun hech qanday tuman hokimligi yoki o‘z yuqori tashkilotidan qaror yoki farmoyishi yo‘qligini tan oldi.   

“Investor aytgandi: kavladim!”

“Aynan shu joyga xitoylik investorlar tomonidan sportchilar uchun oyoq kiyimlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona qurilar ekan. Katta truba yerni ustida bo‘lganligi uchun menga pasaytirib berish kerakligini aytishdi. Men yer sathini pasaytirish uchun diametri 1000 mm bo‘lgan quvurlarni kavlab olib, barter asosida almashtirib 315 mm.lik quvurlar olib keldim. Katta quvurdan ham 150 mm.ga loyiq suv o‘tgan. Quvurlarni sotmadim. Barter qilib alishtirdim. Mahalla ahli meni ustimdan turli joylarga, “quvurlarni sotib yubordi”, deya yozgan ekan. Hozir tergovdaman. Agar mana shu 315lik polietilen quvurni ulasak, yetarli darajada suv keladi. Tuman hokimi o‘rinbosariga “Farmoyish chiqarib bering”, deb murojaat qilgandim. Yo‘q chiqarib bermadi”, - deydi tuman “Suvoqava” tashkiloti rahbari Bahodir Qahhorov. 

Aholi vakillari rahbarning ko‘p gaplari haqiqatdan yiroq ekanini kavlangan chuqur ichida turgan 450 mm atrofidagi eski, nosoz quvurlarni ko‘rsatib inkor qilishdi. Mahalla to‘polon qilganidan so‘ng B. Qahhorov 315 mm.lik polietilen quvurlar olib kelgan. Ular diametri 1000 mm bo‘lgan quvurning 1 metri narxi 2 million so‘m ekanligini ta'kidladilar. 

Mahalla fuqarolari, ayollar ming to‘polon qilgani bilan “Suvoqava” tashkiloti hech qanday hokimlik idoralari tomonidan ruxsat berilmagan ishda davom etardi.

Ikkinchi muammoli joydagi Fayzobod mahallasi oqsoqollari boshchiligidagi guruh hushyorlik qilgan. Ular noma'lum quruvchi firma tomonidan 6 kilometr uzunlikdagi joyda 1000 diametrli soz quvurlarni qazib olib, o‘rniga chirib ketgan 400 diametrli quvurlarni yotqizishga urinayotganini bilib qolishadi. Qazish ishlarini olib borayotganlar magistral suv tizimini rekonstruksiya qilish uchun tuman hokimi farmoyishi borligini ham aytishgan. Ularning bildirishicha, tuman hokimi o‘rinbosari kelib, “Suvoqava” boshlig‘ining aloqa xatiga asosan, 2018 yil 30 noyabr kuni tuman hokimi “Xonobod-Andijon-Asaka” suv tarmog‘idagi Fayziobod va “Yangi hayot” massivi hududidan o‘tgan tarmoqning yuqori va pastki nuqtalarini bir maromda suv o‘tkazishini ta'minlash uchun 60 metr joydagi 1000 mm.lik quvurlarni gorizontal tekis holga keltirish uchungina Farmoyish chiqarganini bildirib, noqonuniy harakatni to‘xtatib ketgan.

Mahalla oqsoqollari bizga “uddaburon”lar u yerda ham katta quvurni, chirib ketgan kichik o‘lchamdagi quvurlarga almashtirishga urinishganini ko‘rsatishdi. “Shovvozlar” ulush uchun eski quvurlarni ham keltirib bo‘lishgan ekan.

Yechim qayerda?

Muammo haqiqatda chigal. Aslida yilning uch-to‘rt oyidagina ichimlik suvi boradigan 15taga yaqin mahallaga 1000 mm.lik quvurda borayotgan suv masalasi hal qilinmasa ahvol yana battarlashadi. 

“Xo‘sh, nega shunday katta quvurdan aholi uchun faqat qishdagina suv keladi?” - degan savol bizni qiynadi.

“Yozda ekin-tikin ishlari boshlanishi bilan atrofdagi hamma bog‘dorchilik fermerlari ham mana shu tarmoqdan bog‘ va ekinlarini sug‘orishadi. Qishda bog‘lar dam olgach, suv bosimi jo‘mraklarni “yorib yuboray” deb katta bosim bilan chiqadi”, - deydi fuqaro Baxtiyorjon Alijonov.

Fuqarolarning “bir vaqtlar barcha bog‘larni sug‘orishga moslashgan irrigatsiya tizimi bor edi. Hammasi yo‘q bo‘lib, izdan chiqib ketgan”, deyishi muammoning ildizi chuqur ekanligini bildirib turar edi.   

O‘zlarini “mutaxassis” deya atovchi xodimlar minglab aholi va bir qator sanoat ishlab chiqarish korxonalari suv oladigan tarmoqqa diametri 315 mm bo‘lgan quvurni yamoq qilib ulashmoqda. Biz shu yerning atrofidagi bir chaqirim joyda tarmoqqa diametri 100-200 mm.lik quvur bilan ulangan 20-30ta mahalla va korxonalarni ko‘rdik. 

Qiziq, shuncha aholining iste'molini kichik quvurdan solingan yamoq ko‘tara olmasligi aniq-ku?

Aholi nimani kutyapti?

Odamlar o‘sha qayergadir “ketib qolgan” 360 metr 1000 mm.lik quvurni qaytarilishini kutishmoqda. Ichki ishlar, prokuratura organlariga arizalar yozib topshirilgan. Aholi quvurlar katta pulga sotilib ketgan deya gumonni asoslovchi audioyozuvlar borligini ham bildirdi. Ishqilib, quvurlar allaqachon “o‘z egasini” topib ketmagan bo‘lsin. Bu borada huquq-tartibot idoralari ish olib bormoqda. O‘ylaymizki, tez kunlarda haqiqat yuzaga chiqadi. Vaholanki, bu muammoni zudlik bilan hal qilmay ham iloj yo‘q. Chunki, kichik quvurlar ko‘milib ketadigan bo‘lsa, investor qurilish ishlarini boshlaydi. Bu esa masalaning yanada kattalashib ketishiga sabab bo‘ladi, xolos.

Faqat bir narsa o‘yga toldiradi? Nahot, mutasaddilar tomonidan ko‘plab aholi suv ichadigan tarmoqni kavlash, quvurini almashtirishga bu darajada mas'uliyatsizlik bilan qaralmoqda.

Tuman hokimligining aholi uchun eng dolzarb bo‘lgan ichimlik suvi masalasiga, ayniqsa ayollar sargardon bo‘layotganiga e'tibor bermayotgani yanada achinarli holat. 

Biz Asaka tuman hokimligidan ushbu muammoni tez kunlarda hal qilishini kutib qolamiz.

P.S. Kulgili holat. Asaka tuman fermer va dehqon xo‘jaliklari, yer egalari Kengashi tomorqasiga suv kelishini orzu qiladigan Shohimardon ko‘chasidagi xonadonlarga atay qilgandek tomorqaga eksportbop ekinlar ekilmasa, uch barobar darajada soliq to‘lanishi haqida ogohlantirish berib ketibdi. Yo, tavba? Suvning o‘zi yo‘q bo‘lsa xonadon egasi yerni nimada sug‘oradi?

Elmurod Ermatov, 
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: