Xalq so‘rovi: Shayxontohurda ichki yo‘llar qachon obod bo‘ladi?

Jamiyat 14:41 / 26.04.2019 3199

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga asosan, hududlarda deputatlar aholi bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Uchrashuvlar davomida shahar va tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol hamda mahallalarda aholi e'tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qator dolzarb muammolar bildirildi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasi a'zosi Ulug‘bek Samatovning Shayxontohur tuman aholisi bilan uchrashuvda ichki yo‘llarning holati yuzasidan ko‘plab e'tirozlar kelib tushgan.

Toshkent shahrining qoq markazida joylashgan Shayxontohur tumanidagi «Kattabog‘», «Yangiobod», «Zangiota», «Shofayzi», «Mannon Uyg‘ur», «Ko‘kcha ko‘cha», «Kattahovuz», «Katta oqtepa» mahallalarining 30ga yaqin ichki yo‘llari abgor holatdaligi ma'lum qilingan.

Bundan tashqari, tumandagi 193-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi hamda 71, 111-maktabgacha ta'lim muassasalari trotuarlari nosozligi ta'kidlangan.

Mazkur muammolar yuzasidan mahalla fuqarolari yig‘inlari raislari tomonidan mahalliy hokimiyat vakillariga har yili bir nechta takliflar berilganiga qaramay bugungi kunga qadar yuqorida qayd etilgan muammolar o‘z yechimini topmagan.

«Yuqoridagilardan kelib chiqib, «Adolat» SDP fraksiyasi a'zosi Ulug‘bek Samatov Shayxontohur tuman hokimi v.v.b Rustam Mavlonovga tumanda yashovchi fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida tuman hokimligi tomonidan joriy yilda mahallalar kesimida yuqorida keltirilgan yo‘llarini ta'mirlanishi hamda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berish yuzasidan 24 aprel kuni deputatlik so‘rovi yubordi.

Ushbu so‘rovga atroflicha va o‘z vaqtida beriladigan javobni kutib qolamiz va uni ham partiya rasmiy saytida e'lon qilinishini ma'lum qilamiz

Eslatib o‘tish joizki, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga asosan, mazkur so‘rovga 10 kunlik muddat ichida javob berilishi lozim», deyiladi partiya matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: