Qumqo‘rg‘ondagi suvga tashna Yangiobod qachon yangidan obod bo‘ladi?

Jamiyat 14:42 / 26.04.2019 13134

Turmushimizni suvsiz tasavvur qilish qiyin. Chunki u — hayot manbai. Biroq XXI asrda hamon tomorqalarni sug‘oradigan suvdan ham qisilgan, oddiy ichimlik suvini ham tashib ichayotgan qishloqlar borligi kishini taajjublantiradi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Tahririyatimizga Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani «Yangiobod» mahallasidan murojaat kelib tushdi va muxbirimiz ushbu qishloqda bo‘lib mahalla ahliga mikrofon tutdi.

Adirliklar orasida joylashgan va tuman markazidan 9 km uzoqlikda, adirlar orasida joylashgan bu qishloqda muammolar bir talay ekan. Qishloq ahli o‘zlarini hech kim eshitmayotganini, muammolari hal qilinmayotgani, islohotlar shamoli shu maskanga ham kirib kelishini istashayotganini bildirishdi.

Mahalla oqsoqollaridan biri Egamberdi Rahimovning aytishicha, qishloq ahli ichimlik suvining bir sisternasini 100 ming so‘mga sotib oladi. Mol-hol ham shu suvdan ichadi. Chunki zovurlardagi sizot suvlari sho‘r bo‘lib, chorvaning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.

Holbuki, qishloqqa bir paytlar vodoprovod quvuri ulangan bo‘lgan, 12 km narida ichimlik suvi behudaga oqib yotibdi. Mutasaddilar qachonki «Yangiobod» mahallasi davlat dasturiga tushsa keyin qishloqqa vodoprovod tortib berilishini ta'kidlab kelishmoqda.

Qishloqdagi onaxonlarning ham dardiga quloq tutamiz. Norposhsha Anvarovaning so‘zlariga ko‘ra, yosh bolalar ko‘lmaklardan suv ichishga ham odatlanishgan va qishloqda sariq kasal yuqtirmagan bolaning o‘zi qolmagan.

To‘rt mingdan ziyod odam istiqomat qiladigan mahallani suv muammosidan tashqari, ularning ish o‘rinlari yo‘qligi, mahalla ichki yo‘llari va tuman markaziga eltuvchi yo‘lning juda abgor holatda ekanligi ham qiynamoqda.

Muhabbat Musayeva nafaqat ichimlik suvi, tomorqalarni sug‘orish uchun ham suv yo‘qligini, qishloq vrachlik punkti uzoqligi va nogiron qizini davolanishga eltishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini hikoya qildi.

Bu yil bahor seryog‘in va yaxshi keldi. Tomorqalardagi ekinlar harna tashnalikdan xalos bo‘lib turibdi. Lekin baribir dehqonchilik ortidan kun ko‘radigan aholini sug‘orish uchun suv yo‘qligi qiynamoqda. Ular zovurlardagi hattoki chorva uchun zararli bo‘lgan sizot suvlarni nasos bilan chiqarib foydalanishmoqda.

Qishloqqa suv keltirish uchun halak oqsoqollardan biri Abduhoshim To‘rayev shunday deydi:

«Qishloq ahli o‘rtaga pul tashlab, kanal qazdirib suv keltirishga ahd qildik. Men hozir o‘sha ishlarning boshida edim. O‘sha yerdan kelyapman. Bizning dardimizni eshitadigan odam bormi? Nuqul mutasaddilarning va'dalarini eshitib kelmoqdamiz. «Yangiobod» cho‘l bo‘lib qoldi axir?! Odamlarimiz suvga tashna».

Rostdan ham, mana shunday — ko‘zdan pana qishloqlarga qachon islohotlar kirib boradi. Bunday go‘shalarda yashayotgan odamlarga oddiy insoniy sharoitlarni qilib berishning imkoni bormikin? Ular gaz yoki elektr so‘ramayapti. Shunchaki hayot uchun zarur ichimlik suviga zor. Tomorqasida mehnat qilib daromad qilay desa — sug‘orishga suv yetmaydi. Rossiyaga ming-minglab norg‘ul yosh-yalang yigitlarning chiqib ketishining bosh sababi mana shu emasmi? Qani ularga sharoit, qani imkoniyat?

Suvga tashna yangiobodliklar ularni qiynayotgan muammolar tuman va viloyatdagi mutasaddilarga yetib borishini istashadi. Ular «Bizning mahallamiz ham obod mahallaga aylansin», deb duo qilib qolishdi…

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: