Adliya vazirligi Open Justice dasturini taqdim etdi

Jamiyat 23:50 / 26.04.2019 2828

Adliya vazirligi o‘z faoliyatidagi shaffoflikni namoyish etuvchi «Ochiq Adliya» (Open Justice) ijtimoiy dasturini taqdim etdi.

Tashkent Law Spring xalqaro forumi doirasida o‘tkazilgan «Hukumatning ochiqligi va shaffofligi» muhokama sessiyasida Adliya vaziri o‘rnibosari Xudoyor Meliyev mazkur dastur haqida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, vazirlik faoliyati haqida aholiga muntazam axborot berib borish, ularning huquqiy ma'umotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash maqsadida Open Justice dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dastur mamlakatdagi adliya faoliyatining chin ma'noda ochiq ishlayotganini ko‘rsatishga qaratilgan. Unga ko‘ra:

─ jismoniy va yuridik shaxslar adliya organlari binolarida audio, video yozish moslamalaridan foydalanishi mumkin;

─ notarial idoralar va davlat xizmatlari markazlari xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari ustidan internet orqali shikoyat qilish tizimi yaratilgan. O‘z vazifalarini lozim darajada bajara olmayotgan xodimlar reytingi shakllantirilib, ularning malakasini oshirish ishlari olib boriladi;

─ yuridik ta'lim beriladigan muassasalarda kirish imtihonlari onlayn kuzatuv ostida amalga oshiriladi;

─ yilda kamida ikki marotaba huquq idoralarida ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi;

─ vazirlik budjetining xarajatlari hisobot ko‘rinishida berib boriladi;

─ xodimlarning bir-birini nazorat qilish tizimi yaratildi, ya'ni ish jarayoni bitta maydonda (open space) olib boriladi, barcha eshiklar, to‘siqlar oynavand ko‘rinishga keltirilgan.

«Vazirlik 2018 yilda «Adliya hisobot beradi» risolasini nashr etdi. Unda yil davomida amalga oshirilgan ishlar ko‘rsatilgan. Bu amaliyot har yili qilinishi ko‘zlangan. Shunda xodimlar xalq oldida hisob berish mas'uliyatini his qilgan holda o‘z vazifasiga yondashadi», ─ deydi vazir o‘rinbosari. 

Ko‘proq yangiliklar: