Omborxonaga aylangan masjid qachon tiklanadi?

Jamiyat 20:53 / 25.04.2019 10259

Marg‘ilon shahri «Uzunhovuz»  mahallasida joylashgan jome' masjidi avariya holatiga kelib qolgan, undan omborxona sifatida foydalanilyapti, deya yozmoqda «Milliy tiklanish» gazetasi.

Maqolada keltirilishicha, ushbu me'moriy obida 19-asrda Xudoyorxonning ukasi Sulton Murodbek Marg‘ilon shahriga hokim etib tayinlanishidan avvalroq qurilgani taxmin qilinadi. Jome' masjidi 35x21 metr o‘lchamdagi yirik inshoot bo‘lib, qishki namozxona va unga yondosh serustun katta ayvondan iborat. Bino shifti va ayvon ustunlari naqshlar bilan bezatilgan.

Binoning xarob holati haqida shu mahallaning fuqarolar yig‘ini raisi Anvarjon Boyxonovning fikrlari keltirib o‘tilgan. 

«Masjid uzoq yillardan beri avariya holatida, ayvonning ustunlari chirib, tomni bazo‘r suyab turibdi. Bino shiftidagi tarixiy ahamiyatga ega naqshlar o‘zining asl holatini yo‘qotgan. Masjidning devorlari yorilib, ayanchli ahvolga kelib qolgan. Unga yondosh xonadonlarda istiqomat qilayotgan aholi bu yerdan omborxona va boshqa xo‘jalik ishlari maqsadida foydalanmoqda» , ─ deydi u.

Marg‘ilon shahar kengashi deputati Shuhratjon Madrahimovga ko‘ra, joylardagi xarob holatga kelgan qadamjolarni o‘rganib chiqish jarayonida mazkur masjidning ahvoli bilan ham tanishib chiqilgan. Ammo masjid uchun qachon mablag‘ ajratilib, tiklash va ta'mirlash ishlari boshlanishi ma'lum emas.

Avvalroq Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari oldida 2019 yilda sohada olib borilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan hisobot bergani haqida ma'lum qilingandi. Vazirga ko‘ra, joriy yilda mavjud 7476ta madaniy meros obektlaridan 5430tasining davlat kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, 159ta obektda tashriflar sonini elektron hisoblovchi turniketlar o‘rnatish, 5953ta obektda muhofaza belgilarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: