Farhod Mahmudov: “Baron”da pul uchun suratga tushmadim

Jamiyat 15:43 / 13.04.2019 35466

Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Mahmudov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda “Baron” filmida suratga tushishga pul emas, balki Vatan hissi sabab bo‘lganini qayd etdi.

“Rossiyada yashab ijod qilib yurgan davrimda O‘zbekistonda kino suratga olinmay qo‘yilgan bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Chunki meni hech kim filmlarda rol ijro etishga taklif etmasdi. Biror dongdor film ishlab chiqarilganini eshitmasdim, festivallarda ham o‘zbek filmlariga ko‘zim tushmasdi. Qalbimda Vatanimda olingan filmda suratga tushish orzusi bor edi, ozgina bo‘lsa ham uchqun qolgandi”, dedi u.

Mahmudovning aytishicha, “Baron” filmida rol ijro etish uchun taklif tushganida darhol rozi bo‘lgan. 

“Ammo aslo pul uchun emas, yurtimdan taklif bo‘lgani uchun. Mendan tashqari yana uch nafar rossiyalik aktyor bor edi. Rustam Sa'diyevning do‘stlariga alohida minnatdorlik bildiraman. Ular filmni suratga olishga katta yordam berishdi, barcha aktyorlarni qo‘llab-quvvatlab turishdi”, dedi Mahmudov. 

Mahmudov shuningdek, “Baron” filmining ikkinchi qismi haqida ham ma'lumot berdi.

Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Mahmudov Toshkentda tug‘ilib-o‘sgan. Kinodagi birinchi rolini 14 yoshida «O‘zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan «Bo‘rilar» filmida ijro etgan. 

Maktabni bitirganidan so‘ng u Moskvadagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutida tahsil olgan va faoliyatini Rossiyada davom ettirgan. 2016 yilda u suratga tushgan o‘zbekistonlik kinorejissyor Rustam Sa'diyevning «Baron» filmi ekranlarga chiqdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ko‘proq yangiliklar: