Britaniya fuqarosi Dilan Erl «Vagner» XHK nomidan Londonda Ukraina bilan bog‘liq korxonalarga o‘t qo‘yish hujumlarini uyushtirganlikda ayblandi. Tergovning fikricha, 20 yoshli britaniyalik mamlakatda terrorchi XHK sifatida tan olingan tashkilot kuratori bilan aloqaga chiqqan va keyin «Rossiyaga foyda keltirish maqsadidagi faoliyat bilan bog‘liq holda» obektlarni kuzatgan.
Bundan tashqari, Erl Londondagi Ukraina bilan bog‘liq sanoat obektiga o‘t qo‘yish uchun uchinchi shaxslarni jalb qilishda ayblanmoqda.
Dilan Erldan tashqari bu ishda yana to‘rt kishi ayblanmoqda. 60 yoshli Pol Inglish va 21 yoshli Niya Mensaxga o‘t qo‘yish ayblovi qo‘yilgan. 22 yoshli Jyeyk Rivz chet el razvedkasidan to‘lovlarni qabul qilganlikda va o‘t qo‘yishda ayblanmoqda, 22 yoshli Dmitrius Paulauskas esa hujumlar tayyorlanayotgani haqida ma’lumotga ega bo‘lganlik, lekin uni huquq-tartibot idoralariga taqdim etmaganlik bo‘yicha ayblanmoqda.
Rossiya elchisi Britaniya TIVga chaqirildi
Ayni vaqtda, Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Londondagi elchisi Andrey Kelinni chaqirtirdi. «Birlashgan Qirollik Britaniya hududida Rossiya tomonidan olib borilayotgan zararli harakatlar haqidagi da’volardan chuqur xavotirda», - deya ta’kidladi AFP’ga TIV vakili.
Londonda Ukrainaga aloqador korxonada yong‘in sodir bo‘ldi
2024 yil 20 mart kuni London sharqidagi Leyton hududida sanoat obekti yonib ketdi. Uni o‘chirish uchun 8 birlik texnika va 60 ga yaqin qutqaruvchi jalb qilingan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, korxona Ukraina bilan bog‘liq bo‘lgan hamda Oddisey va Meest UK kompaniyalariga tegishli. Tergov hujjatlarida yong‘inning aybdori sifatida «janob Iks» ko‘rsatilgan.