26 aprel, juma kuni Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychilari Qizil dengizdagi ikkita kemaga hujum qildi, deb xabar berdi AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘i orqali. Husiychilar «Maisha va Britaniyaga tegishli hamda Panama bayrog‘i ko‘tarilgan Andromeda Star kemasi yaqinida uchta kemalarga qarshi ballistik raketa uchirdi», deyiladi xabarda.
AQSh harbiylarining aniqlik kiritishicha, Andromeda Star kemasi kichik zarar haqida xabar bergan, biroq kema reysini davom ettirgan.
UKMTO markazi Yaman qirg‘oqlarida ikkita hujumni qayd etdi
Bir necha soat oldin Birlashgan Qirollik Dengiz savdo operatsiyalarini muvofiqlashtirish markazi (United Kingdom Maritime Trade Operations, UKMTO) Yamanning Moha shahridan 14 dengiz milyasi janubi-g‘arbda kemaga ikkita hujum uyushtirilgani haqida xabar bergan edi. Birinchi hujumda «kema yaqinida portlash sodir bo‘lgan, uni ekipaj bevosita ko‘rgan», ikkinchisida esa ikkita raketa kemaga zarar yetkazgan deb taxmin qilinyapti, deya tushuntirdi UKMTO gap qaysi kema haqida ketayotganiga aniqlik kiritmay.
Shu bilan birga, Britaniyaning dengiz savdosi xavfsizligi agentligi Ambrey ushbu «hodisada» uchta raketa qayd etilganini tasdiqladi. Ilgari Britaniyaga tegishli bo‘lgan Panama bayrog‘i ostidagi tanker voqea joyiga eng yaqin bo‘lgan, deya qo‘shimcha qildi agentlik. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kema Seyshel orollarida ro‘yxatga olingan va Rossiya Primorskidan Hindistonning Vadinariga qarab ketayotgan bo‘lgan.
Husiychilar kemaga hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi
Keyinroq Yaman husiychilarining vakili Yahyo Sariya ushbu guruh hujum uchun mas’ul ekanini e’lon qildi, deb ta’kidladi AFP. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Andromeda Star tankeriga to‘g‘ridan to‘g‘ri raketa zarbasi haqida ketmoqda.