Jahon | 15:32 / 23.01.2025
1873
3 daqiqa o‘qiladi

Husiychilar 2023 yilda qo‘lga olingan kema ekipajini ozod qildi

Eronparast «Ansor Alloh» guruhi bayonotiga ko‘ra, Galaxy Leader kemasining 25 ekipaj a’zosi Ummon vositachiligida qo‘yib yuborilgan. Ular orasida Ukraina, Filippin, Bolgariya, Ruminiya va Meksika fuqarolari bor.

Foto: REUTERS/Khaled Abdullah

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yamanlik husiychilarning «Ansor Alloh» guruhi vakillari Qizil dengiz sohilida Bagama orollari bayrog‘i ostidagi kemani qo‘lga kiritganidan 14 oy o‘tib Galaxy Leader ekipajini ozod qildi. Bu haqda 22 yanvar, chorshanba kuni husiychilarga tegishli Al Masirah telekanaliga tayanib, Reuters xabar berdi. Galaxy Maritime boshqaruv kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ekipajdan 25 nafar dengizchi qo‘yib yuborilgan, ular orasida Ukraina, Bolgariya, Filippin, Meksika va Ruminiya fuqarolari ham bor.

Xabarda aytilishicha, ekipaj Isroil va Falastinning Hamas guruhi o‘rtasida uch kun avval kelishilgan G‘azo sektorida olti haftalik sulhga muvofiq «muvofiqlashtirilgan holda» Ummon hukumatiga topshirilgan. «Galaxy Leader ekipajining ozod etilishi bizning G‘azo sektori bilan birdamligimizning bir qismi va o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi», — deyiladi husiychilar bayonotida.

Yamanning husiychi isyonchilari 2023 yil 7 oktyabrda Yaqin Sharqda mojaro avj olganidan keyin falastinliklar bilan birdamlik bildirib, 2023 yil noyabr oyidan beri Qizil dengizda harakatlanayotgan kemalarga 100 dan ortiq hujum uyushtirdi. Ular ikkita kemani cho‘ktirgan, yana bir kemani qo‘lga olgan va kamida to‘rt nafar dengizchini o‘ldirgan, deb xabar bermoqda Reuters.

Galaxy Leader husiychilar tomonidan qo‘lga olingan

Avvalroq Isroilning barcha kemalariga hujum qilish niyatini bildirgan husiychilar 2023 yilning 19 noyabr kuni Qizil dengizdagi Galaxy Leader kemasiga chiqishgan. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychilar Hamasning harbiy tajovuzkorligi fonida Isroilga raketa va uchuvchisiz samolyotlar uchirgan edi.

Bagama orollari bayrog‘i ostida harakatlangan kema qo‘lga olingan paytda Yaponiyaning Nippon Yusen kompaniyasiga ijaraga berilgan. Isroil Mudofaa kuchlari (TSAHAL) kema Isroilga tegishli ekanligini yoki unda isroilliklar borligini rad etdi.

Ambrey dengiz xavfsizligi firmasining aytishicha, «kema guruhi egasi Ray Car Carriers sifatida ko‘rsatilgan» bo‘lib, uning bosh kompaniyasi isroillik tadbirkor Abraham «Rami» Ungarga tegishli.

Mavzuga oid