Dzanetti bo‘lolmagan Mauro. «Xoin»ga aylangan qahramon haqida

Sport 20:00 / 25.03.2019 25460

Bir do‘stim bor. «Inter»ning ashaddiy muxlisi. Mauro Ikardi porlab chiqqanda mana, Dzanettidan keyin endi sizlarda ham kiroyi yetakchi bor deganimda, Dzanetti bilan Ikardini taqqoslash mantiqsizlik ekanini aytgandi. Chindan ham, «Inter» muxlisi uchun Dzanettidan yaxshiroq futbolchi yo‘q. Axir Yevropaga kelgach, faqat «Inter»da o‘ynagan, butun faoliyatini shu klubga bag‘ishlagan Dzanetti qayoqda-yu, do‘stining xotinini bola-chaqasi bilan birga «olib qochgan» bezori qayoqda, to‘g‘rimi? Lekin bu nuqtai-nazar bilan qarash ham unchalik to‘g‘ri emasdek.

«Inter» Mauro Ikardidan sardorlik bog‘ichini olib qo‘ydi. 4 yildan buyon jamoa sardori bo‘lib kelayotgan futbolchi bu qarorni o‘zining hamiyatiga tegish deb qabul qildi. Maydondan tashqaridagi voqealar uchun futbolchini bu tarzda jazolash to‘g‘rimi? Quyida shu haqda mulohaza yuritamiz.

Avval «Inter» muxlislari nega Ikardini yomon ko‘rib qolishganini eslasak. 2014 yilda Ikardi Argentina milliy terma jamoasidagi va klubdagi do‘sti Maksi Lopesning xotini Vanda Naraga uylandi. U do‘stining xotini bilan oldindan uchrashib yurgani katta mojarolarga sabab bo‘ldi. Bu voqeadan keyin Ikardiga futbolchi sifatida emas, badaxloq sifatida qaray boshlashdi. Biroq Mauro o‘yindan-o‘yinga ochilib, 2014/15 yilgi mavsumda 27ta gol urdi.

Hujumchining samaradorligi jamoa o‘yiniga ijobiy ta'sir qilayotganini sezgan rahbariyat 2015 yil yozda sardorlik bog‘ichini 22 yoshli Ikardiga topshirdi. Bunga klubning muxlislari, ayniqsa «ultras» a'zolari (ashaddiy fanatlar guruhi, bunday muxlislar uchun futbolning uncha qizig‘i yo‘q. Ular o‘yinlar vaqtida olov yoqish va janjal chiqarish bilan band bo‘lishadi) bundan norozi bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, klub sardorlik bog‘ichini Andrea Ranokkiadan olib, Ikardiga topshirdi. «Inter» afsonasi Xaver Dzanetti 2014 yilda futboldan ketgach, sardorlik bog‘ichini aynan Ranokkiaga qoldirgandi.

Ikardi sardor bo‘lgach, uning o‘yini yanada ochildi. Uni asta-sekin yaxshi ko‘ra boshlashdi, lekin haligi muxlis deyishga arzimaydigan to‘da Ikardiga tosh otishda davom etdi. O‘yinlardan birida Mauro gol urib, uni nishonlash uchun muxlislar oldiga yugurib bordi. U yerda turgan bir bolakay Maurodan libosini so‘raydi. Ikardi libosini bolakayga berib, uni xursand qiladi. Biroq «ultras» safidan bittasi chiqib, bolaning qo‘lidan Ikardining kiyimini olib, uni futbolchiga qarab uloqtiradi. Shunda Mauro jahli bilan o‘sha muxlisni so‘kadi.

Ikardi bu voqeani o‘zining avtobiografiyasida keltirgach, unga bo‘lgan norozilik yanada kuchaydi. Stadionda har xil bannerlar paydo bo‘ldi. Ularda futbolchini haqorat qilishdi, tahqirlashdi. Lekin Mauro gollar urishda davom etdi. Ayniqsa Milan derbilarida Ikardining qahramon bo‘lishi odatga aylandi. Joriy mavsum avvalida ham «Inter» hamshahari «Milan»ni aynan Ikardining goli evaziga mag‘lub etdi. O‘sha gol urilgach, «Inter» uchun Ikardi derbi tarixiga kirdi. Ikardi Milan derbilaridagi «Inter»ning oxirgi 5ta goliga mualliflik qildi. Bunaqasini «ko‘k-qoralar» tarixidagi hech bir hujumchi eplolmagandi.

Ikardi «Inter»ning A Seriyadagi rekordchisi ham hisoblanadi. U o‘tgan mavsumda Italiya chempionatida 29ta gol urib, A Seriya to‘purariga aylandi. Qizig‘i, «Inter»ning biror futbolchisi Italiya chempionatining bir mavsumida aqalli 27ta gol urolmagandi. 1958/59 yilgi mavsumda Antonio Anjyelillo Italiya chempionatida 26ta gol urgan va bu natija «Inter» futbolchilari uchun eng yaxshisi bo‘lib kelayotgandi. Ikardi yarim asrdan ortiq saqlanib turgan rekordni yangilab, «Inter» sardorlik bog‘ichini bekorga taqib yurmaganini isbotladi.

«Inter» xitoylik rahbarlar qo‘liga o‘tgach, qanchadan-qancha yulduzlarni sotib olmadi deysiz, lekin «Yuventus», «Milan», «Napoli» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlarda tabloning «Inter» urgan gollarni hisoblaydigan tomonida bitta familiyani ko‘raverdik: Ikardi...

Klub uning maoshini ko‘tarishga o‘ylanib qoldi – Ikardi gol urishda davom etdi, muxlislar uni xoin deb atab, banner ko‘tarishdi – Mauro yana gol uraverdi. Unga kimsan «Real» taklif bilan chiqdi – Mauro ketishni xayoliga keltirmay, «Inter» sardori ekanidan faxrlanishini aytdi. Ikardi o‘zini tarbiyalab, Yevropaga tanitgan «Barselona» darvozasiga Chempionlar Ligasi o‘yinida gol urdi va bu golini ehtiros bilan nishonladi. Mauro «Men «Inter»ning sardoriman!», deb mag‘rur izohladi bu nishonlashni.

Italiya nashrlari Ikardi va uning xotini haqida mish-mishlar tarqatayotganda Mauro mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgani sharafiga jamoadoshlariga «Roleks» soati sovg‘a qilib, ularni yaxshi ko‘rishini aytdi. Messiga yoqmagani sabab (Leo Maksi Lopesning do‘sti. U Argentina milliy jamoasida asosiy inson ekani sir emas) Ikardini Argentina terma jamoasiga chaqirishmadi, lekin Mauro dunyoning eng zo‘r futbolchisi Messi ekanini takrorlayverdi, kek saqlamadi.

Uni alqash uchun mana shuncha sabablar bor, lekin «Inter» uni qadrlash o‘rniga sardorlik bog‘ichini olib qo‘ydi.

Oxirgi yillarda «Inter» qaysidir futbolchiga bu qadar bog‘lanib qolganini eslaysizmi? Ha, Dzanettiga. U klub afsonasi, 4-raqam Dzanetti sharafiga boshqa hech kimga berilmaydi. U zamonaviy futbol tarixidagi eng namunali futbolchilardan biri edi. Xo‘sh, undan keyin «Inter» kimga bog‘lanib qoldi? Mourino bilan Chempionlar Ligasini yutgan futbolchilarni eslaylik: asosiy qahramon Uesli Sneyder. Mourino ketgach, zaxirada qolishni boshlab, oxir-oqibat Osiyo turnesini boshlab yubordi. Orada «Nitssa»ga borib, «dam olib» keldi. Diyego Milito. YeChLdagi super mavsumdan so‘ng yana bir mavsum yorqin o‘ynadi va Argentinaga ketdi. Samuel Eto’O. Keyingi mavsumdayoq «Inter»dan ketib, hozirgacha yana 8ta jamoada o‘ynashga ulgurdi.

Xullas, «Inter»da bu qadar uzoq vaqt yuqori saviyada o‘ynagan futbolchi ko‘rinmagandi. Chempionlar Ligasini yutgan futbolchilar, shubhasiz, klub uchun tarix yaratishgan, lekin ular Ikardi kabi jamoaga foydali bo‘lishmaganini tan olish kerak. O‘sha jamoaning asosiy qahramoni Mourino edi. Ikardi esa de Bur kabi omadsiz murabbiy vaqtida ham gol urishdan to‘xtamadi. Ammo «Inter» uning qadriga yetish o‘rniga jamoadan haydash payiga tushdi...

Xo‘p, Ikardi axloqsizdir, xo‘p, uning rafiqasi ham axloqsizdir, lekin buning futbolga nima aloqasi bor? Ueyn Runining xotini futbolchi haqida shunday degandi: «U shilqimlik qilmagan dugonam qolmagan». Runi orada ichib, qoidani buzgani uchun axloq tuzatish koloniyasida ham «javlon urdi», lekin «MYu» ham, «Everton» ham uni boshiga ko‘tardi. Yoki Rayan Giggzning qanday xunuk ishlar qilganini bilamiz. «MYu» uni bemaza qiliqlari sabab haydab solmadi. «Barselona» Xavini ayollarga suyagi yo‘qligi sabab sardorlikdan mahrum qilmadi. Uzoqqa bormaylik, «Real» Ronalduni AQSh mehmonxonalarida «taqiqlangan yo‘llarga oralagani uchun» jamoadan haydab solmagandi. Lekin «Inter» o‘z safidagi eng top-futbolchini quvish payida.

Ikardi Yevropaning istalgan top-klubida asosiy tarkibda o‘ynay oladi. Hatto «Real»da ham. Biroq «Inter» o‘z tarkibida qanday super futbolchi borligini to‘liq anglamagan ko‘rinadi. Klub futbolchi atrofidagi voqealar ularga ma'qul emasligini yotig‘i bilan tushuntirganida, hammasi bu qadar murakkablashib ketmagan bo‘larmidi. Bu yerda muammo katta ehtimol bilan futbolchining agenti va xotini Vanda Naraning boshqa biror klub bilan muzokara olib borganida bo‘lgan. Lekin bunday futbolchiga katta klublar taklif bilan chiqishi oddiy hol-ku?

Gapimiz quruq bo‘lmasin, Ikardiga rasman taklif bilan chiqqan jamoalarni sanasak. «PSJ», «Napoli», «Tottenhem», «Real». «Yuventus» ham Ikardini ko‘ndira olmagach, Iguainni olgandi. Dunyoda «Real»ga yo‘q deydigan futbolchilar juda kam. Mauro shunday buyuk klubni ham rad etgan (sodir bo‘layotgan voqealardan so‘ng «Real»ga hozircha yo‘q deyapti, desak to‘g‘ri bo‘ladi). «Inter» esa o‘ziga bo‘lgan sadoqatni javobsiz qoldirdi.

Endi nima bo‘ladi?

Sardorlik bog‘ichi olib qo‘yilishi dangalini aytganda, klub futbolchini haydadi degani. Endi Ikardi «Inter»da qolmasa kerak. Katta ehtimol bilan u yozda Milanni tark etadi. Balki «Yuventus»ga borar, balki «Real»ga o‘tar, balki «Barselona» uni ortga qaytarar (agar Messi ruxsat bersa), balki Mauro Angliyaga ketishga qaror qilar. Xullas, bunday darajadagi futbolchi ko‘chada qolmaydi. Biroq «Inter» yana Ikardi darajasidagi futbolchini topishi qiyin bo‘ladi. Chunki Lautaro Martines kabi endi porlayotgan yosh futbolchilar ham klubning o‘z sardoriga bo‘lgan munosabatini ko‘rib, agentlariga «Xo‘sh, bizga qaysi jamoalardan taklif bo‘lyapti?», deb xabar yozishi hech gap emas. Nima bo‘lganda ham Ikardining maydonga tushmayotganidan futbol yutqazyapti. Bunday futbolchilar qahramon bo‘lishga munosib, xoin emas...

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: