Derbida mushtlashuv va chetlatishlar. Italiyada chempion rasman aniq bo‘ldi

Sport 12:14 / 23.04.2024 11345

«Milan» — «Inter» 1:2
Gollar:
Tomori (80) — Acherbi (18), Tyuram (49).
«Milan» – Menyan, Kalabriya, Tomori, Gabbiya, Ernandes, Loftus-Chik (Chukvueze, 68), Pulishich, Adli (Binnosir, 68), Reynders (Jiru, 52), Musa (Okafor, 77), Leau.
«Inter» – Zommer, Darmian (Dumfris, 84), Acherbi, Pavar, Bastoni, Dimarko (Karlos Augusto, 78), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Aslani, 84), Barella (Frattezi, 77), Tyuram, Martines.
Ogohlantirishlar: Barella (22), Martines (32), Ernandes (36), Gabbia (90), Tomori (90+2). 
Chetlatishlar: Ernandes (90+4), Dumfris (90+4), Kalabriya (90+7).

O‘zining azaliy raqibiga qarshi o‘yinda 20-skudettosini qo‘lga kiritish va emblemasida ikkinchi yulduzga ega bo‘lish — ajoyib maqsad. Yakshanba kungi o‘yin oldidan neradzurrilarning ikki mingdan ortiq muxlisi «Inter» bazasiga tashrif buyurishi futbolchilarni yanada ruhlantirdi.

«San-Siro»da ham ular faolroq qo‘llab-quvvatlab, o‘sha ikkinchi yulduz shisha sharda aks etgan bannerni ko‘tarishdi, unda shunday yozuvlar bitilgandi: «Bizning qismatimiz — sizning dahshatli tushingiz». Ular raqiblarning yigirma tituldan faqat 19 tasi maydonda o‘ynab qo‘lga kiritilgani haqidagi arifmetikasiga tupurishadi. Milanning qizil-qora qismidagilar (xuddi Turindagilar kabi) «Modjigeyt»ni eslatib turishadi, o‘sha ish tufayli «Yuventus» V seriyaga tushirib yuborilgan, skudetto-2006 esa o‘sha mavsumda ikkinchi o‘rinni egallagan «Inter»ga berilgandi.

Bu derbi Stefano Pioli uchun ham alohida ahamiyatga ega edi, u mavsum yakunida iste’foga chiqarilishi hal qilib bo‘lingan. Garchi murabbiyning o‘zi kelgusida ham «Milan»ga ko‘p narsa bera olishi mumkinligiga ishontirayotgan bo‘lsa-da. Qolaversa, bu qatorasiga beshta derbi boy berilganidan keyin «Inter»dan o‘ziga xos qasos olish uchun imkoniyat edi.

«Biz yana bir derbini boy berishni istamaymiz. Ular skudettoga munosib, ammo biz bu bugun ro‘y bermasligi uchun barcha ishni qilishimiz kerak», — degandi Pioli. Ammo gap boshqa, amal — boshqa. Kadrlar muammosi, klassik markaziy hujumchisiz o‘ynash qarori amalda rossonerilarni butun o‘yin davomida tishsiz qilib qo‘ydi — faqat o‘yin so‘nggidagi ikki mushtlashuv va uch chetlatishni inobatga olmaganda.

Indzagi esa tarkibda yangi narsa o‘ylab topmadi. U jamoasi shusiz ham kuchliroq ekanini bilib turardi. Muxlislar golni uzoq kutishmadi. 18-daqiqada to‘p burchakdan uzatib berildi, Pavar to‘pni yanada orqaroqqa o‘tkazib yubordi va darvoza qarshisida bo‘sh qoldirilgan 36 yoshli himoyachi Acherbi osonlik bilan hisobni ochdi.

Hayratlanarli, ammo ushbu tajribali futbolchi faoliyati davomida ko‘plab klublarda, jumladan «Milan»da ham o‘ynaganiga qaramay biror marta Italiya chempioni bo‘lmagandi. Aynan Franchesko chempionlik o‘yinida gol urgani ramziy ahamiyatga ega bo‘ldi. U Simone Indzagi bilan «Latsio»da birga ishlagan va uning ortidan «Inter»ga kelib, chempion jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylangandi. Futbolchi va murabbiy birgalikda katta yo‘lni bosib o‘tishdi. «Latsio»da kubok turniridagi g‘alabadan Chempionlar ligasi finali va ular uchun uzoq kutilgan skudettogacha. Acherbi uchun bu birinchisi. Indzagi uchun — murabbiy sifatidagi birinchisi, u oxirgi marta 24 yil oldinda «Latsio» futbolchisi sifatida chempion bo‘lgandi. 

Besh daqiqa o‘tib A seriyaning eng yaxshi to‘purari Lautaro Martines darvozabon hududida turib Dimarkoning uzatmasidan keyin to‘pni osmonga qaratib tepdi. Argentinalik hujumchi mavsum yakunida o‘ziga o‘xshamayapti. U mavsum davomida namoyish etgan sport formasini yo‘qotib qo‘ygan. 

Keyin esa o‘yin tinchlandi va faqat bo‘lim oxiriga kelib jamoalar jonlanishdi. Avvaliga Tyuram qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqardi, uning jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasi ustun yonidan o‘tib ketdi. «Milan» ham darhol birinchi bo‘limdagi yagona golli vaziyatini yuzaga keltirdi: chap qanot himoyachisi Kalabriya hujumga qo‘shildi, ammo Zommer uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini to‘sib qoldi. Keyingi hujumda «Inter» ikkinchi bo‘limni quruq rasmiyatchilikka aylantirishi mumkin edi, ammo Mxitaryan Tomorining sovg‘asidan foydalana olmadi.

Murabbiylar tanaffusda o‘zgarishlar qilishmadi, ikkinchi bo‘lim boshlanganidan to‘rt daqiqa o‘tib hisob 0:2 ko‘rinishiga keldi. Tyuram nihoyat vaziyatdan foydalandi, garchi zarba berishdan oldin Tomorini aldab o‘tishga kirishib, epizodni cho‘zib yuborgan bo‘lsa-da. «Milan» ehtiyotkorona o‘ynashda davom etdi va ko‘p hujum qilmadi. Faqat 80-daqiqada jamoa nima bo‘lganda ham grand ekanini eslab qoldi va g‘alabani shunchaki berib yubormoqchi emasligini namoyish etdi.

Bo‘lim boshida Tyuramning fintlariga dosh bera olmagan Tomori hisobni qisqartirdi. Ko‘p o‘tmay hisob tenglashishi mumkin edi, ammo Pavar to‘pni darvoza chizig‘idan qaytarib yubordi.

Ammo Pioli jamoasi yakuniy shturmni amalga oshira olmadi. Hakam besh daqiqa qo‘shib berdi, ammo futbolchilar bu daqiqalarda hujum qilish o‘rnga asosan mushtlashish bilan shug‘ullanishdi. Yakunda uch futbolchi chetlatildi va derbi nomi oqlandi.

«Inter» qatorasiga olti derbida «Milan»ni mag‘lub etdi. Qolaversa, «Inter» qo‘lga kiritilgan skudettolar soni bo‘yicha «Milan»dan o‘zib ketdi. Endi ulardagi sovrinlar soni 19 taga qarshi 20 ta. Shu bilan birga, klub futbolkasida ikkinchi yulduzga ega bo‘ldi.

Chempionlar ligasini erta tark etgan bo‘lsa-da, «Inter» mavsumni sovringa haqli o‘tkazgandi. Keyingi turda uy uchrashuvida Simone murabbiylik faoliyatidagi ilk chempionlikni nishonlab, skudettoni boshi uzra ko‘taradi.

Ko‘proq yangiliklar: