«AQSh soliq to‘lovchilarining gardaniga yangi hisoblar osish o‘rniga, Ukrainaga Rossiya ustidan g‘alaba qozonishi uchun qurol-yarog‘ sotib olishiga qancha pul kerak bo‘lsa shuncha qarz olishga qo‘yib beringlar», — deb yozgan Pompeo The Wall Street Journal nashrida, Trampning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha rejasi qanday bo‘lishi mumkinligini tushuntira turib.
Sobiq davlat kotibi Tramp Moskva bilan bo‘lajak kelishuvning shartlarini aniqlashtirib olish maqsadida Rossiyaga qarshi “real” sanksiyalar joriy etishi ham mumkin degan. Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, bu holda hech kim Donbass va Qrimning Rossiyaga qo‘shilganini tan olmaydi.
«Xuddi biz Boltiqbo‘yining SSSRga qo‘shilganini, GDRni 1974 yilgacha tan olmaganimiz singari», — degan Pompeo.
Bunday yondashuvning amalga oshirilishi natijasida jangovar harakatlar to‘xtaydi, Ukraina mudofaa kuchlarini oshirib oladi, degan sobiq mulozim. Shundan so‘ng mamlakat “AQSh soliq to‘lovchilarining dollarlari hisobiga emas, Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan reparatsiyalar” hisobiga tiklana boshlaydi. O‘z navbatida, Rossiyadan xalqaro sanksiyalar Ukraina NATOga va Yevropa Ittifoqiga qabul qilinganidan so‘ng olib tashlanadi, deya muxtasar qilgan Pompeo.