O‘zbekistonda Qamchiq va Taxtiqoracha dovonlaridan o‘tuvchi pulli tunnellar qurilishi mumkin

O‘zbekiston 14:49 / 22.02.2019 19670

O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyatining Pop tumanidagi Qamchiq va Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Taxtiqoracha dovoni orqali o‘tuvchi pulli tunnellar qurishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlarini aylanib o‘tuvchi pulli avtomobil yo‘llari qurish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda jurnalistlarga Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov ma'lum qildi.

Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, pulli tunnellar va yo‘llar loyihalari davlat-xususiy sheriklik asosida hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

«Bu obektlar investitsiyalarni jalb qilish, yo‘llarni pulli asosda tashkil etish obektlari sifatida ko‘rilmoqda. Bu yo‘llar va tunnellarning barchasi muqobil bo‘ladi, hozirgi harakatlanish tartibi saqlanib qoladi», - dedi Nazarov.

Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha pulli yo‘llar qurilishining qonunchilik asosi «Davlat-xususiy sektor sherikligi to‘g‘risida» va «Pulli yo‘llar to‘g‘risida»gi qonunlarda o‘z ifodasini topadi. Qonun loyihalari ishlab chiqilgan. «Hozirda hujjatlar vazirliklar va idoralar bilan muvofiqlashtirilmoqda. 10-15 kun ichida qonun loyihasini hukumat hamda parlamentga kiritish rejalashtirilgan», - deya ta'kidlab o‘tdi Shuhrat Nazarov.

Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi birinchi pulli avtomobil yo‘li investorlari hamda pudratchilari «optimal yo‘nalish» belgilab olingach tanlanadi.

O‘zbekiston hukumatining o‘tgan yil 5 dekabrdagi qarori bilan 2020 yildan boshlab mamlakatda pulli magistral yo‘llar qurilishi boshlanadi.
 

Ko‘proq yangiliklar: