Avstraliyada yuzdan ko‘proq qiz zo‘rlab turmushga berilgani aniqlandi 

Jahon 00:53 / 12.02.2019 21162

Avstraliya politsiyasi voyaga yetmagan qizlarni majburiy nikohlash bilan bog‘liq 100 dan ko‘proq holatni tergov qilmoqda. Qizlardan ba'zilari 6 yoshga ham to‘lmagan bo‘lgan.

Mutaxassislarning fikricha, bu raqamlar aysbergning uchi bo‘lishi mumkin. UNSW Youth Law Australia (YLA) direktori Metyu Kilining izoh berishicha, nikoh qurishga majburlanuvchi bolalar yordam so‘rab murojaat qilishga qo‘rqadilar. Boshqa hollarda esa qizlar bor haqiqatni oshkor qilsalar, ota-onalari qamoqqa jo‘natilishlari mumkinligidan xavotirlanadilar.

Bunday holatlar Avstraliyaning har bir shtatida, biroq eng ko‘p miqdorda Yangi Janubiy Uelsda aniqlangan. Misol uchun, 15 yoshli Serena ismli qiz ota-onasi uni boshqa davlatdagi keksa qarindoshiga “oila rishtalarini saqlab qolish” uchun turmushga bermoqchi bo‘lganda o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.

Hozirda Avstraliya tashqarisida qancha qiz turmushga chiqishga majburlanayotgani noma'lumligicha qolmoqda. YLA bunday kelishuvlar qurbonlariga vaziyatga e'tibor jalb qilish uchun aeroportlarda baqirishni tavsiya qilmoqda.

Avstraliya qonunlariga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan shaxsni turmush qurishga majburlash 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadigan jinoyat hisoblanadi. Ba'zi hollarda sud orqali nikoh qurish yoshi chegarasini 16 yoshgacha pasaytirishga erishish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: