Yaponlar Nyurburgring trassasida tezlik rekordi o‘rnatishni rejalashtirishmoqda 

Fan-texnika 22:00 / 29.01.2019 8167

Yaponiyaning Aspark kompaniyasi Nyurburgring trekida elektromobillar uchun yangi rekord o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Kompaniya bunga o‘zining ishlanmasi – 2 soniyadan kamroq vaqt ichida 100 km/soat tezlikka erisha oladigan Owl giperkari yordamida muvaffaq bo‘lmoqchi. 

Aspark Owl giperkari 2017 yil Frankfurtdagi avtosalonda ilk bor namoyish qilingan. Balandligi 99 sm bo‘lgan, ikki eshikli va 850 kg og‘irlikka ega mashina umumiy quvvati 435 ot kuchi bo‘lgan ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Ularni quvvatlash uchun nafaqat batareyalar, balki superkondensatorlar qo‘llangan.

Kompaniya bir yildan keyin mashinaga o‘zgartirishlar kiritgan va uning seriyaoldi versiyasi umumiy quvvati 1166 ot kuchini tashkil qiluvchi 4 motorli kuch qurilmasi olgan. Giperkar Totigi prefekturasidagi poligondagi sinovlar vaqtida 0 dan 100 km/soat tezlikkacha 1,921 soniyada erishgan.

Hozirda Nyurburgringda elektromobillar uchun rekord natija Xitoyning Nio EP9 giperkariga tegishli. Ushbu mashina 1360 ot kuchini beruvchi 4 ta elektromotor bilan jihozlangan va 100 km/soat tezlikka 2,7 soniyada erisha oladi. Mashina Nyurburgringni 6 daqiqa 45,90 soniyada o‘tgan.

Volkswagen ham Nyurburgringda rekord o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning taxminicha, uning I.D. R sportkari Nio’ning vaqtini yaxshilay oladi. Ayni vaqtda nemis kompaniyasi mashinaning aerodinamik detallarini takomillashtirish ustida ish olib bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: