Qulab ketgan balkonlar bo‘yicha vazirlik rasmiy ma'lumot tarqatdi

Jamiyat 19:24 / 19.01.2019 39205

Uy-joy fondini saqlash va undan foydalanishda yo‘l qo‘yilayotgan huquqbuzarliklarni bartaraf etish choralari ko‘rib borilmoqda

2019 yil 17 yanvar kuni soat 18.40larda Toshkent shahar, Uchtepa tumani, 23 daha 20-uyning 17, 19, 21, 23, 25 xonadonlarining balkonlari to‘satdan qulab tushgani yuzasidan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi​ rasmiy axborot tarqatdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: IIBB matbuot xizmati

​Ma'lum qilinishicha, ko‘p qavatli uyda yashovchi 25 xonadon egasi, tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan, ta'mirlash ishlarini olib borib, xonadonning ichkarisida o‘zgartishlar qilgan. Ya'ni, xonadonning 3-yashash xonasi bilan 4-yashash xonasi oralig‘idagi devorni olib tashlab, 4-yashash xonasiga kirish eshigini berkitib tashlagan. Shu bilan birgalikda, xonadon balkonini g‘isht bilan o‘rab olgan.

Shuningdek, mazkur uyning 23 xonadoni egasi 2019 yil yanvar oyining boshlarida o‘z xonadonida tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan ta'mirlash ishlarini amalga oshirgan. Xonadon balkoni g‘isht bilan o‘ralgan bo‘lib, ta'mirlash jarayonida g‘ishtlar olib tashlangan.

«Fuqarolar o‘z xonadonlarining ichki tuzilishini tegishli davlat organlarining ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishi natijasida turar-joyda sodir bo‘ladigan cho‘kishlar, yoriqlar turar joylarning texnik holatiga jiddiy zarar yetkazib, uning foydalanishga yaroqsiz qilib qo‘yishi natijasida ko‘p xonadonli turar-joy yoki uning bir qismining qulashiga sabab bo‘lmoqda»​, –​ deydi O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i​. 

Uchtepa tumanda yuz bergan holat natijasida 4-qavatdagi 23-xonadon balkoni 5-qavatdagi 25-xonadonning g‘isht bilan o‘ralgan balkoni og‘irligini ko‘tara olmasdan 4, 3, 2 va 1 - qavatdagi balkonlarga ham zarar yetkazgan holda qulab tushgan. 

Foto: IIBB matbuot xizmati

«Balkonlar qulab tushgan paytda hech kim jabrlanmagan. Ushbu hodisa natijasida biror-bir fuqaro jabrlanganida yoki halok bo‘lganda, kim javob berar edi? Sodir bo‘lgan ushbu hodisa har birimizni sergaklantirishi lozim. Har birimiz ushbu hodisadan o‘zimizga xulosa chiqarishimiz shart», – deydi vazirlik vakili.

Bugungi kunda respublikadagi turar-joy fondini saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.

Inspeksiya o‘z faoliyatini amalga oshirish jarayonida ko‘p xonadonli uylarni saqlash va ulardan foydalanishning mavjud qoida buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berishi nazarda tutilgan. 

«Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident farmoniga asosan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga:

ko‘p xonadonli uy-joy fondini, unga tutash hududlarni saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya etish, ko‘chmas mulk egalarining binolarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik;

umumiy foydalaniladigan joylar, fasadlar, uylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini ta'mirlash-tiklash ishlarini tizimli o‘tkazish qoidalariga rioya etish;

uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi tashkilotlari tomonidan tegishli kommunal xizmatlar ko‘rsatishda texnik tartibga solish bo‘yicha me'yoriy hujjatlar talablariga rioya etish;

ko‘p xonadonli uylarda ko‘chmas mulk egalarining mukammal ta'mirlash ishlarini bajarish uchun ajratiladigan mablag‘laridan maqsadli foydalanishni nazorat qilish kabi vazifalar yuklatildi.

Ma'lumot uchun, inspeksiya tomonidan 2018 yilda o‘rganib chiqilgan jami 12831 ta uy-joy fondlarida 9758 ta holatda ko‘chmas mulk egalari tomonidan o‘zboshimchalik bilan binolar barpo etilganligi aniqlangan. Ularni ixtiyoriy ravishda buzish haqida uy-joy fondi egalariga majburiy ko‘rsatmalar berilgan va hisobot davri oxiriga qadar shularning 9342 tasi yoki 96 foizi buzdirilgan, qolganlarini majburiy tartibda buzdirishga oid da'vo arizalar sudlarga taqdim etilgan. 51 ta holatda aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan.

Uy-joy fondlarining texnik holatini o‘rganish jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 1899 ta aybdor shaxslarga nisbatan ma'muriy jarimalar qo‘llashga oid materiallar sudlarga taqdim etilgan va shularning 1381 tasini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha 250,2 mln. so‘mlik jarimalarni undirishga oid sud qarorlari qabul qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: