Toshkentda zarang daraxtlari sirli ravishda yo‘q qilindi
Uchtepa tumanidagi qurilish maydonida 10 dan ortiq daraxt g‘oyib bo‘ldi. “Kotlavan” qazilayotganda tuproq o‘pirilib, daraxtlar qo‘porilib tushgan va hech kim xabardor etilmay, sirli ravishda olib ketilgan. Ko‘p qavatli uy qurilayotgan maydon avval avtoturargoh bo‘lgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga ko‘ra, ushbu qurilishga ruxsat berilmagan.
Uchtepa tumanida 10 dan ortiq daraxt yo‘q qilindi. Tumanning Bog‘obod mahallasidagi hudud qurilish qilish maqsadida o‘rab olingan. Tahririyatga kelib tushgan videoga ko‘ra, 2024 yilning oxirlarida hududda qator daraxtlar bo‘lgan. Ammo 2025 yilga kelib, o‘rab olingan maydondagi daraxtlarning aksariyati g‘oyib bo‘lgan. Kun.uz fuqarolarning murojaatiga asosan voqea joyida bo‘ldi.
Mahallada yashovchi ayrim fuqarolarning aytishicha, daraxtlar qurilish boshlanmasidan oldin kesib ketilgan va undan ko‘pchilikning xabari bo‘lmagan. Mahallada istiqomat qilayotgan ayolning ma’lum qilishicha, yo‘q qilingan daraxtlar 20-25 yillik bo‘lgan. Hozirda yo‘l toraygan, yuk mashinalari harakatlanganda fuqarolarning o‘tib-qaytishiga noqulaylik tug‘diradi hamda atmosferaga chang ko‘tariladi.
“Men shu mahallada 2000 yildan beri yashayman. Bu hudud avval avtoturargoh bo‘lgan. Qancha odamning mashinalari turardi. Qurilishga aholi dod deyapti. Tinchlik yo‘q, hozir yo‘llarning ahvolini ko‘rdingiz. Hech kim aholi roziligini so‘ragani yo‘q. Bu yerda daraxtlar bor edi, hozir yo‘q qilindi. Avtoturargoh bo‘lib, hech kimga xalaqit bergani yo‘q edi”, deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Oynisa Abdualiyeva.
Uchtepa tuman Ekologiya bo‘limi inspektori Mirjamol Yo‘ldoshev Kun.uz’ga holat yuzasidan izoh berdi.
“Uchtepa tumani 15-mavze 7-a uy yonidagi bir necha tup daraxt yo‘q bo‘lib qolganligi bo‘yicha joyiga chiqib o‘rgandik. Holat 4 fevral kuni bo‘lgan. O‘rganishga ko‘ra, “kotlavan” qazish vaqtida tuproq o‘pirilib tushgan va 6 tup zarang daraxti ham qo‘porilib ketgan. Biz hududga kelganimizda, daraxtlarning yo‘q ekanligi ma’lum bo‘ldi. Huquqbuzar ma’muriy javobgarlikka tortilgan”, deydi Mirjamol Yo‘ldoshev.
Kun.uz’dagi videoda ko‘rinishicha, daraxtlar yo‘q qilinishidan oldin atrofi devor bilan o‘rab olingan bo‘lgan. Mirjamol Yo‘ldoshev esa daraxtlar devordan tashqarida bo‘lganligini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, qo‘porilib tushgan zarang daraxtlari juda tez ko‘zdan g‘oyib bo‘lganligi bois ularni qayerga, kim olib ketgani noma’lum. Shu sababli tabiatga yetkazilgan zarar miqdorini aniq hisoblashning imkoni bo‘lmagan. Huquqbuzarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, ya’ni 9 mln 375 ming so‘m jarima tayinlangan.
Hududda qolgan daraxtlar ham quriy boshlagan. Inspektorga ko‘ra, tadbirkordan daraxtlarga shikast yetkazmaslik bo‘yicha kafolat xati olingan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ushbu qurilishga ruxsat berilmagan.
“GREAT VERTEX” MChJ 2021 yilda o‘ziga tegishli ko‘p qavatli avtoturargoh hududida belgilangan tartibda hududiy inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tmasdan 4 qavatli turar joy qurishni boshlab yuborgan. Hududiy inspeksiya tomonidan MChJ rahbari o‘sha yili ma’muriy javobgarlikka tortilgan va qurilish-montaj ishlari to‘xtatilgan. Bugungi kungacha qurilish ishlari boshlanmagan”, deyiladi inspeksiya ma’lumotida.
Inspeksiyaning qo‘shimcha qilishicha, “GREAT VERTEX” MChJga 2024 yil 1 avgustda qurilish-montaj ishlarini boshlamaslik, belgilangan tartibda hududiy inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risida ogohlantirish xati va 5 avgustda MChJga nisbatan takroriy chora ko‘rish uchun xabarnoma yuborilgan.
Oldinroq poytaxtning Olmazor tumanida ham yashil zona yo‘q qilinib, o‘rni qurilish qilish uchun tayyorlangandi.
Mavzuga oid

16:49 / 20.03.2025
“Qarindoshlarimizga prank qilmoqchi edik” – “Gelik” oynasini sindirib, video olgan er-xotinlar uzr so‘radi

15:49 / 19.03.2025
Toshkentda Hunarmandlar markazi qurilishi kerak bo‘lgan yerga qurilgan “dom” buziladigan bo‘ldi

12:30 / 13.03.2025
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti

08:46 / 10.03.2025