3 marta qamoq, hisobsiz huquqbuzarliklar va ma’muriy nazorat: Uchtepa hokimining uch karra sudlangan yordamchisi haqida nimalar ma’lum?
Yaqinda Uchtepada hokim yordamchisi 30 ming dollar olayotganda tezkor tadbirda ushlandi. Kun.uz bu shaxs kimligini o‘rgandi. Tahririyat aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davlat xizmatchisi muqaddam firibgarlik, o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi-yu hujjatlarni qalbakilashtirish kabi o‘nlab jinoyatlarda ayblanib, 3 karra sudlangan. Shunga qaramay u yana hokimiyat tizimiga kelib qolgan.

Foto: Videodan kadr
Uchtepa tumani mahallalaridan biridagi hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 30 ming dollar bilan qo‘lga olindi. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanayotgan davlat xizmatchisiga jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ma’lum bo‘lishicha, hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga 30 ming dollar evaziga tuman hududida 4 ta savdo do‘koni qurishi uchun yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali jami 210 kvadrat metr yer maydonini auksion savdolarida yutib, nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Ismi sharifi va mahallasi yashirilayotgan hokim yordamchisi kim?
Rasmiy axborotda muqaddam uch karra sudlanib ham davlat ishida ishlab yurgan shaxsning ism-sharifi ham, u ishlayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini nomi ham ko‘rsatilmagan.
Kun.uz o‘z manbalariga tayanib bu shaxs kim ekanini aniqladi. U Uchtepa tumanidagi «Degrez» mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi bo‘lgan, 1987 yilda tug‘ilgan Baxtiyor Doniyorovich Badalov bo‘ladi.
Ochiq manbalarda Baxtiyor Badalovning avval qayerda ishlagani haqida ma’lumot topib bo‘lmaydi.
Kun.uz qo‘lga kiritgan ma’lumotlardan ko‘rinishicha, Badalov bugungacha Jinoyat kodeksining 167, 168, 205 va boshqa moddalari bilan 3 marotaba sudlangan.
1-sudlanish – 13 yilga qamoq
Badalov ilk bor 2011 yil 8 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining hukmi bilan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
O‘shanda ham u Jinoyat kodeksining mansabdorlik bilan bog‘liq jinoyatlari, xususan, firibgarlik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan aybli deb topilgan. Shu hukm bilan u 3 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etilgan.
Jazoni ijro etib yurgan Badalov o‘sha davrlarning amnistiya siylovlaridan bir necha bor bahramand bo‘lib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirishkor (Qashqadaryo) tuman sudining 12 dekabrdagi ajrimi bilan jazo muddati 7 yil 7 oy deb o‘zgartiriladi. Badalovning bu jazodan qutulib, aynan qachon ozodlikka chiqqani Kun.uz’ga ma’lum emas.
2-sudlanish – 14 yilga qamoq
Baxtiyor Badalov Toshkent shahar sudining 2016 yil 5 iyundagi hukmi bilan yana avvalgisi kabi moddalarda ayblanadi. Unga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismining “a, v” bandlari, 25,168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismining “a, v” bandlari, 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismining “a, b” bandlari, 227-moddasi (Hujjatlar nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismining “a” bandi va 228-moddasi (Hujjatlar qalbakilashtirish) 2-qismining “a, b” bandlari bilan aybli deb topilgan. Unga 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
2012 yildan 2014 yilga qadar chiqqan amnistiya aktlari qo‘llanib, Badalovga tayinlangan jazo to‘rtdan birga kamaytirilgan.
3-sudlanish va 2 yil-u 10 oy qamoq
Badalov 2018 yilda uchinchi bor sudlanadi. Bu safar ham avvalgilarida bo‘lgani kabi firibgarlik va mansab soxtakorligi jinoyatlarida ayblanadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2018 yil 19 yanvardagi hukmi bilan firibgarlik, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topiladi. Bundan tashqari 3 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilib, 41 mln 440 ming so‘m jarima ham qo‘llanadi.
Huquqbuzarliklari
Baxtiyor Badalov nafaqat jinoyatchi, balki surunkali ma’muriy huquqbuzar ham bo‘lgan.
Jumladan, u quyidagi huquqbuzarliklarni sodir qilgan:
- 2019 yil 18 iyul kuni Ma’muriĭ javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 187-moddasi (jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) 1-qismiga ko‘ra jarima;
- 2019 ĭil 31 iyul kuni Ma’muriĭ javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasi (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) 1-qismiga ko‘ra jarima;
- 2020 ĭil 2 sentabr kuni Ma’muriĭ javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasi (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) 1-qismiga ko‘ra jarima;
- 2020 ĭil 18 sentabr Ma’muriĭ javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismiga ko‘ra jarima.
Ma’muriy nazorat
Huquqbuzarligi bilan haddidan oshgan Badalov ustidan endi sud qarori bilan ma’muriy nazorat o‘rnatiladi.
Uchtepa tuman sudining dastlab 2019 yil 12 avgustdagi va keyinroq 2020 yil 13 oktyabrdagi ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorlarida keltirilishicha, Baxtiyor Badalov jazodan bo‘shatilgach o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan holda jamiyat uchun zararli tarzda kun kechirgan.
Xususan, u bir necha marotaba jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilganligi, maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzganlik hamda ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik uchun jarima jazosiga tortilgan. Shu sababli sud qarori bilan unga ikki marotaba 6 oydan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan hamda belgilangan vaqtda uydan chiqmaslik, restoranlarga bormaslik kabi qator cheklovlar qo‘llangan.
Baxtiyor Badalov hokim yordamchisi lavozimiga qachon tayinlangani haqida Kun.uz'da aniq ma’lumot yo‘q. Ammo ochiq manbaga tayanilsa, u 2023 yil 14 avgustdan keyin bu lavozimni egallagan. Chunki ushbu sanaga qadar Degrez mahallasida hokim yordamchisi sifatida Zafar Yo‘ldoshev ko‘rsatilgan.
Badalovning hokim yordamchisi etib tayinlanishi ham katta ehtimol bilan qonunga zid bo‘lgan.
2022 yil 8 avgustda qabul qilingan (2024 yil 8 noyabrda kuchga kirgan) “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasiga ko‘ra korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslar hamda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishi mumkin emas.
Uch marotaba sudlanib, to‘rtinchi bor jinoyat sodir qilishda ayblanayotgan Baxtiyor Badalovga nisbatan tergov ishlari hozirda Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Savol tug‘iladi: firibgarlik, o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi-yu hujjatlarni qalbakilashtirish kabi o‘nlab jinoyatlarda ayblanib, 3 karra sudlangan, umrining kamida 5-6 yilini qamoqda o‘tkazgan, hisobsiz ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgani uchun hatto sud qarori bilan ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan shaxs qanday qilib yana hokimiyat tizimiga kelib qoldi? Unga kim va qanday ishonch bildirdi?
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid

14:04 / 05.03.2025
Prezident amaldorlarning hashamat va dabdabaga intilishini korrupsiyaning ildizi deb atadi

13:43 / 05.03.2025
Prezident advokatlar duch kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish topshirig‘ini berdi

12:21 / 05.03.2025
Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti keldi - prezident

12:10 / 05.03.2025