CES 2019 ko‘rgazmasi: Sun'iy idrokli kombayn, o‘ziyurar chamadon va boshqa kelajak gadjetlari

Fan-texnika 16:07 / 13.01.2019 9284

Har yili kimdir Apple kompaniyasining yangi gadjetlari taqdimotini yoki yana kimdir Tesla kompaniyasining yangi innovatsiyasini kutadi. Oddiy iste'molchi uchun kelajak texnologiyalari ko‘rgazmasi CES (Consumer Electronics Show) esa har yili o‘tkazib kelinadi. Bu galgisi 8 yanvardan 11 yanvargacha Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazma iste'molchilar uchun mo‘ljallangan texnologiyalar sohasidagi asosiy tadbirlardan sanaladi. Unda jahonga mashhur kompaniyalar startaplarning tayyor mahsulotlari bilan bir qatorda kelajak uskunalarining loyihalari ham namoyish etishadi.

Bu yilgi CES 2019 nimalar bilan hayron qoldirishi mumkin? Quyida ko‘rgazmaning eng innovatsion loyihalarini e'tiboringizga havola qilamiz.

Samsung'dan modulli televizor. Samsung o‘lchami faqatgina bloklar soni bilangina cheklangan The Wall modulli televizorini taqdim etdi. Taqdimotda televizorning diagonali 219 dyumli prototipi namoyish qilingan, nazariya bo‘yicha esa u har qanday o‘lchamga moslashaveradi.

Televizorning har bir bloki bir necha mikron o‘lchamidagi yorug‘lik diodlari bilan ta'minlangan MicroLED texnologiyasiga ko‘ra ishlab chiqilgan. The Wall 8K tasvirlarni ko‘rsatadi, 4K tasvirlarni ham sun'iy idrok vositasida 8K tasvirgacha sifat buzilishisiz cho‘za oladi. Televizorning sotuvga chiqish vaqti va narxi e'lon qilinmagan.

Google Assistant'dagi sinxron tarjimon. CES ko‘rgazmasi vaqtida Google kompaniyasi keng masshtabda yangilangan Assistant'ni taqdim etdi. Yangilangan «yordamchi» 27 tilda sinxron tarjima qila oladi. Sinxron tarjimon «Google, <til nomi> tilidan tarjimon» buyrug‘i bilan faollashtiriladi. Shundan so‘ng vosita suhbat ishtirokchilarining nutqini navbatma-navbat tarjima qilishni boshlaydi.

Assistant'ning yangi imkoniyatlari dastlab Google Home Hub «aqlli» kolonkalari egalariga berildi.

O‘ramaga aylanadigan LG televizori. LG 65-dyuym OLED-ekranli Signature televizorini ko‘rsatdi. Ekran, tugma bosilishi bilan, bir necha soniya ichida bukila boshlaydi va 50 ming ochib-yopish tarziga moslangan.

Displey bukilgan holda ham tasvirlarni 21:9 shaklida ko‘rsatib, ishlayveradi. Televizor 2019 yilning oxiridan savdoga chiqariladi.

Qo‘shimcha reallik bilan ta'minlangan Whirlpool «aqlli» duxovkasi. Whirlpool maishiy texnika ishlab chiqaruvchi kompaniyasi CES'da Whirlpool Connected Hub Wall Oven duxovkasini taqdim etdi. Ovqat tayyorlash mobaynida duxovka oynasida turli taomlarni pishirish bo‘yicha foydali maslahatlar va tavsiyalar ko‘rinadi.

Duxovka eshigiga oynasi o‘rniga o‘rnatilgan 27 dyuymli LCD ekran qo‘shimcha reallikni ko‘rsatadi. Uning ichidagi kamera esa pishirish jarayonini nazorat qilishda yordam beradi, hatto eshikni ochmasdan tasvirni yaqinlashtirish imkoniyatiga ham ega. Hozircha Whirlpool Connected Hub Wall Oven — oddiy konsept xolos, kompaniya ehtimoliy ishlab chiqarish yoki narxni ma'lum qilmagan.

Sun'iy idrokli kombayn. John Deere kompaniyasi ko‘rgazma marosimiga 20 tonnali kombaynni olib kelgan. «Interstellar» filmini eslagan bo‘lsangiz kerak. GPS o‘rnatilgan kombaynlar. Ushbu kombaynni ham GPS sozlamalari bilan dasturlash va hosil yig‘ishga jo‘natib yuborish mumkin. Kombayn belgilangan yo‘lidan 25 millimetrga ham adashmaydi, unga terim sifatini nazorat qiluvchi 2 kamera ham o‘rnatilgan.

Terim vaqtida kombayn yer holati va hosil yig‘ish sharoitlari haqida ma'lumotlar yig‘ib boradi.

Sontinental'dan roboko‘ppaklar va o‘zi boshqariluvchi mashinalar bilan avtonom yetkazib berish xizmati.

Continental kompaniyasi roboko‘ppaklar va o‘zi boshqariluvchi mashinalarda yetkazib berish xizmati loyihasini taqdim etdi. Loyihaga ko‘ra, o‘zi boshqariladigan mashinalar buyurtmani manzilgacha olib boradi, roboko‘ppaklar esa uni eshikkacha yetkazadi.

Taqdimot davomida roboko‘ppaklar avtonom yetkazib berish mashqini ham ko‘rsatib berdi. Yig‘ilganlarga ko‘ppaklarning zinadan nihoyatda sekin ko‘tarilishi ma'qul kelmagan.

Robot-chamadon. ForwardX Robotics amerika-xitoy kompaniyasi g‘ildirakli Ovis Suitcase chamadonini taqdim etdi. Uning o‘ziga xos xususiyati - uni g‘ildiratib yurish shart emas, u o‘z egasining ortidan ergashib yuradi.

Sun'iy idrok o‘rnatilgani evaziga chamadon egasining harakatlarini oson kuzatib boradi va doim yon tomonida yuradi. Gadjet to‘siqlarni ko‘radi va chetlab o‘ta oladi.

Chamadon zina yoki eskalator yaqiniga kelib qolsa, avtomatik funksiyani o‘chirish uchun tutqichga qo‘l tekkazishning o‘zi kifoya qiladi. Chamadon bilan qo‘shib, «aqlli» bilaguzuk ham qo‘shib beriladi. Bilaguzuk gadjet egasidan ikki metr uzoqlashib ketganida ogohlantirib turadi. Chamadon yo‘qolib qolsa, uni GPS-treker bilan topish mumkin. ForwardX Robotics chamadonining narxi 800 dollar qilib belgilangan.

Yostiqli xavfsizlik nimchasi. Helite fransuz kompaniyasi tomonidan velosipedchilar uchun maxsus B'Safe yostiqli xavfsizlik nimchasi ishlab chiqildi. U velosipedchini jarohatlardan saqlash uchun yiqilish vaqtidayoq ishga tushadi.

Nimcha ikki sensorni ishlatadi: biri egarga mahkamlangan, ikkinchisi esa nimcha ichida. Sensorlar velosipedchining yiqilish lahzasini tezda ilg‘aydi va nimcha ishga tushadi. «Aqlli» nimchaning narxi 650-700 dollar atrofida baholanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: