Har yili yanvar oyi boshida Las-Vegasda eng zamonaviy gadjyetlar namoyish etiladigan Consumer Electronics Show (CES) ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalari ko‘rgazmada o‘zlarining so‘nggi ishlanmalarini namoyish etishadi.
Bu yilgi ko‘rgazmadan qanday yangiliklar o‘rin olgan? Kompaniyalar iste'molchilarni qanday texnologiyalari bilan hayratga solmoqchi?
O‘tkazilish muddati
CES – to‘rt kunlik ko‘rgazma bo‘lib, 8 yanvardan 11 yanvargacha bo‘lib o‘tadi. Ushbu ko‘rgazma AQShdagi 2000dan ortiq iste'molchi kompaniyalarni birlashtirgan Iste'molchilar texnologiyalari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan va 1967 yildan buyon o‘tkazib kelinadi.
Mazkur ko‘rgazmaga keng omma kira olmaydi. Har yili avgust oyida Berlinda bo‘lib o‘tadigan IFA ko‘rgazmasidan farqli o‘laroq, CES faqat elektronika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, jurnalistlar hamda blogerlar uchungina ochiq hisoblanadi.
CES qanchalik katta ko‘rgazma? Judayam katta. Ko‘rgazma maydoni 255 483 kvadrat metrni tashkil etadi. Unda 24 turdagi mahsulotlarni o‘z ichiga olgan 11ta ko‘rgazma stendi mavjud. Ayrim kompaniyalarning stendlari juda katta bo‘lsa, kichik kompaniyalar 25ta savdo maydonidan birida joylashgan stollarni egallaydi.
CES ko‘rgazmasiga 155 mamlakatdan 180000ga yaqin kishi, 6500 axborot nashri, 4500 kompaniya tashrif buyuradi. Bu yerda dunyoning eng yirik texnologik kompaniyalari jam bo‘ladi, faqat Apple’dan tashqari.
Qayerda bo‘lib o‘tadi?
CES 1978 yildan buyon Las-Vegasda o‘tkazib kelinadi. Nima uchun? Mehmonxonalar sababli. Bu yerda 150000ta mehmonxona nomeri bor.
Westgate Las Vegas va Renaissance Las Vegas yaqinida joylashgan ko‘rgazmaning bir qismi Tech East deb nomlanadi. Aksariyat stendlar shu yerda joylashgan. Tech West deb nomlanuvchi qismida Hi-Fi va ovoz bilan bog‘liq mahsulotlarni ko‘rishingiz mumkin. Tech South qismida VR, AR va o‘yinlar namoyish etiladi. Bu obektlar orasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Mahsulotlar
2019 yilgi ko‘rgazmada ovoz bilan boshqarish texnologiyasi yetakchi o‘rinni egallashi kutilmoqda. Masofadan boshqarish pultlari davri yakuniga yetmoqda.
Zamonaviy simsiz quloqchinlar namoyishiga ham e'tibor kuchli. CES 2019da uzoq vaqt ishlay oladigan haqiqiy simsiz quloqchinlarni ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Yana bir yangilik buklama displeyli qurilmalar bo‘ladi. Buklama displey unsurlari faqatgina smartfonlar bilan chegaralanib qolmaydi.
«Biz noutbuk va planshetlar olamida haqiqiy o‘zgarishlarni kutmoqdamiz», — deydi HIS Markit kompaniyasi ilmiy direktori Tom Morrod. Uning so‘zlariga ko‘ra, OLED-panelli buklama noutbuklar paydo bo‘ladi va ularni istalgan hajmda kichraytirish imkoniyati yaratiladi.
AIRCHARGE
Simsiz quvvatlantirish texnologiyasi rivojlanish davrini boshidan kechirmoqda va CES ko‘rgazmasida Aircharge kompaniyasi uchta mahsulotini namoyish etadi: 10 vattli tezkor simsiz quvvatlantirish qurilmasi, 10 vattli qo‘shaloq tezkor simsiz quvvatlantirish qurilmasi va PS4 Dualshock 4 simsiz adapteri. 10 vattli qurilmalar Apple va Samsung mahsulotlari bilan bemalol ishlay oladi.
AMD
AMD kompaniyasi Las-Vegasda uchinchi avlod Ryzen protsessorlari va yangi grafika mahsulotlarini namoyish etadi.
ASUS
Chrome OS operatsion tizimi o‘rnatilgan 10 dyuymli planshetga nima deysiz? ASUS kompaniyasi ana shu planshet taqdimotini o‘tkazadi.
CANON
CES 2019 ko‘rgazmasi Canon PowerShot G7 X Mark III uchun namoyish maydonchasiga aylanadi – u tasvirlar uzatkichi, kengaytirilgan diapazonli kattalashtirgich va G9 X Mark III bilan jihozlangan.
INTEL
Analitik Entoni Garreffning bildirishicha, Intel yangi diskret videokartani namoyish etmoqchi.
LG
CES 2019 ko‘rgazmasida LG televizorlarini namoyish etishi rasman tasdiqlangan. Bundan tashqari, LG CES 2019da buklama smartfonini taqdim etishi haqida gap-so‘zlar yuribdi.
ROYOLE
Royole kompaniyasi barchani hayratga solgan 7,8 dyuymli AMOLED-ekranga ega ikkiga buklanuvchi FlexPai smartfoni bilan ko‘rgazmaga kelishi taxmin qilinmoqda.
SAMSUNG
Barcha Samsung kompaniyasidan Galaxy X buklanuvchi smartfoni taqdimotini kutmoqda. «Smartfon namoyishi Mobile World Congress tadbirida bo‘lib o‘tishi mumkin, CES ko‘rgazmasida esa 5G va uchta kamerali Samsung Galaxy S10 taqdimotiga guvoh bo‘lishimiz mumkin», — deydi HIS Markit ilmiy direktori Tom Morrod.
Shuningdek, yangilangan Samsung televizorlarini ham ko‘rishimiz mumkin.
SONY
2019 yilda 5G smartfonlar poygasiga guvoh bo‘lamiz va CES 2019da 5G Xperia namoyish etilishi mumkin.
Shuningdek, Sony 5,9 dyuymli XA3 va 5,7 dyuymli Xperia L3 turkumidagi smartfonlarini taklif qilish uchun CES 2019dan foydalanishi mumkin.
Shunisi aniqki, CES 2019 ko‘rgazmasidan so‘ng texnologiyalar olami butkul o‘zgarib ketadi.