Germaniya rasmiylari mamlakatni Daniya bilan bog‘lovchi suvosti tunneli qurilishi g‘oyasini ma'qullashdi. 8,1 mlrd dollar qiymatga ega loyiha haqida Femern A/S qurilish kompaniyasi ma'lumotiga tayanib, Reuters xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Germaniyaning Shlezvig-Golshteyn federal hududi Transport vazirligi loyiha yuzasidan shartnoma tuzishga rozilik bergan. Femern A/S vakillari 14 kun ichida hujjatlarni o‘rganib chiqishadi. Ushbu vaqt davomida qurilish rejasiga faqat kichik o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.
«Fehmarnbelt» nomini oluvchi tunnel Daniyaga qarashli Lollan va Germaniyaga tegishli Femarn orollarini ajratib turuvchi Femarn-Belt ko‘rfazi ostidan o‘tishi ko‘zda tutilgan. Yo‘lning uzunligi 19 km.ga teng bo‘lib, uning katta qismi Daniya hududidan o‘tadi. Tunnel elementlarini ishlab chiqarish uchun yirik zavod va bu konstruksiyalarning transportirovkasini amalga oshiruvchi port Daniyaning Rodbuxavn shahrida joylashadi.
Qayd etilishicha, suvosti tunneli ikkita izli temir yo‘l va to‘rtta harakatlanish bo‘lagidan iborat avtomobil yo‘lini o‘z ichiga oladi.
Tunnel ishga tushirilgach, bir davlatdan ikkinchisiga avtomobilda bor-yo‘g‘i 15 daqiqa, poyezdda esa 7 daqiqada o‘tib olish imkoni tug‘iladi.
Loyiha Daniya hukumatining kafolati bilan olinadigan kreditlar hisobidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, xarajatlarning bir qismi Yevroittifoq byudjyetidan qoplanishi belgilangan.
Qo‘shimcha qilinishicha, tunnel qurilishi uchun ariza 2013 yilda berilgan va 2024 yilgacha yakunlanishi mo‘ljallangan edi, ammo atrof-muhitni himoya qiluvchilarning qarshiligi bois uning ko‘rib chiqilishi muddati kechiktirib kelingan.