Apple kompaniyasi har ikki tomonga bukiluvchi smartfon modeli uchun patent oldi. Aynan shu xususiyati gadjyetni yaqinda Samsung va Huawei tomonidan taqdim etilgan boshqa bukiluvchi modellardan farqlab turadi.
Patently Apple ma'lumotiga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar ko‘p martalab bukishga chidamli va uzoq vaqt xizmat qila oluvchi ekran yaratishni reja qilishmoqda. Buning uchun yangi iPhone`ni himoyaviy oyna o‘rnini bosuvchi maxsus qoplama bilan jihozlangan OLED-displeyi bilan jihozlash ko‘zda tutilyapti. Qayd etilishicha, maxsus qoplama displeyda yoriqlar paydo bo‘lishi va boshqa shikastlanishlardan asrash imkonini beradi.
Ikki tomonga to‘la qayisha oluvchi iPhone modeli qachondan sotuvga chiqarilishi hozircha noma'lum.
Ma'lumot uchun, 2016 yilning oktabr oyida Janubiy Koreyaning Samsung Display kompaniyasi OLED bukiluvchan displeylarini yaratish texnologiyasi uchun AQShda patent olgan edi. Shu yilning iyulida kompaniya plastikdan tayyorlanuvchi sinmaydigan ekranni namoyish etdi.