Yangi soliq tizimi qo‘lga olinadigan maoshlarga qanday ta'sir qiladi?

Iqtisodiyot 14:50 / 28.12.2018 94104
Yangi soliq konsepsiyasining nafaqat ish beruvchi, ya'ni tadbirkorlarga, balki yollanma ishchilar, xodimlarning daromadida ham o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi haqida ilgari ham to‘xtalib o‘tgandik. Xususan, «Oyligimning qolgani qani?» sarlavhali maqolada daromad solig‘i va boshqa ushlanmalarni tahlil qilishga harakat qilgandik. O‘shanda yangi konsepsiya go‘yoki, ish haqidagi soliq yuklari kamayayotgani iddao qilingan bo‘lsa-da, aslida, o‘rtacha maosh oluvchi oddiy ishlovchilar uchun soliq ko‘payib ketayotgani aytilgandi.

Ammo «yuqorida» ham bu haqida yana o‘ylab ko‘rilganiga shubha yo‘q va o‘shanda tilga olingan variant ham sezilarli o‘zgartirildi. «Spoylerlar»ni yoqtirmasangiz ham, yaxshi xabar bo‘lgani uchun oldindan aytaman, ana endi rostdan ham oyliklarimizdan ushlab qolinadigan soliqlar kamaydi va yangi yilda oyligimiz o‘zgarmagan taqdirda ham, qo‘limizga ko‘proq summa tegadigan bo‘ldi.

Dastlabki variantda ishchi xodimlarning ish haqidan 25 foiz ushlanma ko‘zda tutilgan bo‘lsa, o‘zgargan tizimda bu 24 foizga tushirildi va uning ham 12 foizi ish beruvchi gardaniga yuklandi. Bu degani ish haqidan endi faqat 12 foiz ushlanma olib qolinadi, xolos. Qolgan 12 foizni tashkilot, korxonalarning o‘zi to‘lab beradi.   

Ish haqidan ajratmalar qanday ushlab qolinar edi?

2019 yilning 1 yanvarigacha ish haqidan daromad solig‘i qo‘yidagi to‘rt shkala bo‘yicha ushlab qolinmoqda.

Agar eng kam ish haqi yanvardan 202 730 so‘m bo‘lishini hisobga olsak, eski tizimda qolganida, quyidagicha ushlanmalar sodir bo‘lar edi.

202 730 so‘mgacha qismidan: (Daromad solig‘i – 0 so‘m (0 foiz)) + (Ijtimoiy sug‘urtaga ajratmalar – 16 218 so‘m (8 foiz)). Jami: 16 218 so‘m.

202 730 so‘mdan 1 013 650 so‘mgacha qismidan. 810 920 so‘mdan: 7.5 (daromad solig‘i) + 8 (ijtimoiy sug‘urtaga ajratma) = 15.5 foiz. Jami: 125 693 so‘m.

1 013 650 so‘mdan 2 027 300 so‘mgacha qismidan. 1 013 650 so‘mdan: 16.5 (Daromad solig‘i) + 8 (ijtimoiy sug‘urtaga ajratma) = 24.5 foiz. Jami: 248 344 so‘m.

2 027 300 so‘mdan ortiq qismidan: 22.5+8= 30.5 foiz ushlanib qolingan bo‘lardi.

Mana shu formula yordamida hisoblangan ish haqi va undan ushlanmalarni qaraymiz:

Endi yangi tizim bo‘yicha xuddi shu oyliklarni ko‘rib chiqamiz.

Ko‘rinib turibdiki, ayniqsa, kattaroq oyliklarda ish haqidan ushlanmalarning ulushi sezilardi darajada kamaygan. Masalan, o‘rtacha oyiga 3 million so‘m oylik hisoblanadigan xodim avvalgiga nisbatan 300 ming so‘mdan ko‘proq qo‘shimcha sof daromadga ega bo‘lmoqda.

Ish beruvchilar uchun

Korxona egasi, ya'ni ish beruvchi uchun qanday o‘zgarishlar amalga oshmoqda?

Bu yerda ham e'tibor berish mumkin bo‘lgan jihatlar bor. Masalan, avvalgi tizimda daromad solig‘i va ijtimoiy sug‘urta ajratmalaridan tashqari, ish beruvchi ham har bir xodim uchun «Yagona ijtimoiy to‘lov»ni amalga oshirishga majbur edi. Bu to‘lov katta korxonalar uchun ish haqida 25 foiz, kichik biznes uchun 15 foiz etib belgilangan. Bundan tashqari, «Yagona soliq to‘lovi»ning minimal stavkasi ham mavjud bo‘lib, ish haqidan qat'i nazar, har bir xodim uchun 131 775 so‘mdan (eng kam ish haqining 65 foizi) kam bo‘lmagan miqdorda to‘lov qilish lozim edi. Ya'ni, 500 ming so‘m oylik hisoblanadigan xodim uchun stavka bo‘yicha 15 foiz = 75 000 co‘m emas, o‘sha 131 775 so‘mni to‘lashga to‘g‘ri kelardi. Bu yerda oylikdan 26 foizdan ham ko‘proq miqdorida «Yagona ijtimoiy to‘lov» hisoblanmoqda.

Yangi tizimga ko‘ra, ish beruvchining ish haqidan ajratmasi yuqorida aytilganidek, 12 foizni tashkil qiladi, xolos. Ya'ni, kichik korxonalar ham, yirik biznes vakillari uchun ham ish haqidan to‘lanadigan to‘lovlar foizi oldingiga nisbatan pasaymoqda.

Qo‘shimcha qulayliklar

Ish haqidan ushlanmalarning o‘sib boruvchi yoki o‘zgaruvchan stavkalarda emas, qat'iy stavkalarda ushlanishi bir qator qulayliklarni ham keltirib chiqarmoqda.

Birinchidan. Yil davomida ish joyini o‘zgartiradigan xodim yangi ish joyiga avvalgi ish o‘rnidan ish haqi va ushlanmalar bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etishi lozim bo‘lardi. Chunki, daromad solig‘i o‘sib boruvchi yakun bilan hisoblanishi uchun, bu ma'lumotnomaga ehtiyoj sezilardi. Agar ma'lumotnoma taqdim etilmagan taqdirda, daromad solig‘ini maksimal stavkada ushlash belgilab qo‘yilgandiki, bu ham yetarlicha noqulaylik keltirib chiqarardi. Endi bunday ma'lumotnoma shart emas, daromad solig‘i qat'iy stavkada bo‘lgani uchun, uni hisoblashda boshqa daromadlarni bilishga ehtiyoj yo‘q.

Ikkinchidan. O‘rindoshlik asosida ishlovchilar har yili deklaratsiya topshirishlari lozim edi. Sababi, ikki va undan ortiq joyda kamroq oylik olgan xodim har bir ish o‘rnida minimal stavkada soliqqa tortilishi mumkin. Barcha daromadlar birlashtirganda esa, shkala o‘zgarib ketishi va qo‘shimcha soliqlar ham paydo bo‘lishi mumkin. Endi, bir nechta joydan oylik olgan xodim har bir joyda bir xil – belgilangan 12 foizni to‘layotgani bois, deklaratsiya to‘ldirishi ham shart emas.

Uchinchidan. Avvalgi tizimda daromad soliqlarini hisoblash birmuncha murakkab bo‘lib, arifmetikadan usta bo‘lishingizdan tashqari, qo‘shimcha ma'lumotlarga ham ega bo‘lishingiz kerak edi. Eng kam ish haqi miqdori, belgilangan shkalalar, oldingi oylardagi hisoblangan oylik va ushlangan daromad solig‘i, hisoblangan ta'til pullari-yu, mukofotlargacha barcha ma'lumotlarni yig‘ib, ana undan keyin ma'lum bir oydagi daromad solig‘ingizni hisoblashingiz mumkin bo‘lardi. Buning iloji deyarli yo‘qligidan, «nega bu safar kam chiqdi», «nega uniki oshiqroq bo‘lib qoldi» qabilidagi savollar paydo bo‘lar, ba'zida hisobchi yo‘l qo‘yadigan xatolar tufayli ham ortiqcha yoki kam to‘lovlar paydo bo‘lardi. Endi esa, birgina kalkulyator yordamida, hisoblangan ish haqingizdan kelib chiqib, qo‘lga tegadigan summani bemalol chiqarib olishingiz osonlashdi. Barakasini bersin.

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: