Markaziy bank 2018 yilning 9 oyi uchun O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzini e'lon qildi.
Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi umumiy tashqi qarzining hajmi 2018 yilning 1 oktabr holatiga 16,4 mlrd. dollarni tashkil qildi.
Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonning tashqi qarzi 14,5 mlrd dollardan 14,7 mlrd dollargacha oshgandi. Tashqi qarz uchinchi chorakda 2018 yilning boshiga nisbatan 4,2 foiz yoki 664,3 mln. dollarga o‘sgan.
Ma'lumot uchun, davlat tashqi qarzi davlat tomonidan jalb qilingan qarz va davlat kafolati ostida olingan qarzdan iborat. Xususiy tashqi qarz xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning, shu jumladan davlat korxonalarining, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarzidan iborat bo‘ladi.
Quyidagi jadvalda jalb qilish muddatlari bo‘yicha tashqi qarz tasniflanishi keltirilmoqda.
(Qarzdorlikni tasniflash qarz olishlarni so‘ndirishning birlamchi muddatlaridan kelib chiqqan holda o‘tkazilgan).
2018 yilning 9 oyi uchun jami qarzdorlikning o‘sishi davlat sektoriga to‘g‘ri kelmoqda (1,1 mlrd. doll.), shu bilan birga xususiy sektorning qarzdorligi 466,2 mln. dollarga kamaygan. Shunday qilib, davlat tashqi qarzi davlat loyihalarini moliyalashtirish uchun yangi qarz olishlarni jalb qilish hisobiga o‘sish tendensiyasini saqlab qolgan.
«Ta'kidlash lozimki, 2018 yilning 9 oyi davomida xususiy sektor tomonidan jami 536,3 mln. dollar miqdordagi tashqi qarz jalb qilindi. Qarzni jalb qilish asosan banklar – 340,0 mln. doll., ulardan 241,2 mln. doll. – davlat ulushiga ega banklar, 57,8 mln. doll. – neft, gaz va energetika sektori korxonalari, 25,3 mln. doll. – to‘qimachilik sohasi korxonalari va 113,3 mln. doll. – iqtisodiyotning boshqa sektorlari korxonalari xissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, xususiy sektor qarzi bo‘yicha 2018 yilning 9 oyi davomida 962,6 mln. doll. miqdordagi asosiy qarz va 225,9 mln. doll. miqdordagi foizlarning to‘lovi amalga oshirildi. Davlat tashqi qarzi bo‘yicha esa mos ravishda 303,7 mln. doll. va 122,8 mln. doll. to‘lab berildi. Bunda asosiy qarzni so‘ndirishning sezilarli hajmi neft, gaz va energetika sektori (645,8 mln. doll.), shuningdek bank (151,4 mln. doll.) va telekommunikatsiya sektori (118,8 mln. doll.)ga to‘g‘ri kelmoqda. Neft, gaz va energetika sektori korxonalari tomonidan 187,4 mln. dollar miqdordagi foizlar to‘langan», deyiladi Markaziy bank axborotida.
2017-2018 yillarning 9 oyi uchun tashqi qarz qoldig‘ining o‘zgarishi quyidagi diagrammada ko‘rsatilgan.
Quyidagi diagrammalarda qarzni jalb qilish hamda asosiy qarz va foizlarni to‘lash to‘g‘risidagi ma'lumotlar aks ettirilgan.
«2018 yilning 9 oyi uchun to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiyasi, shuningdek, tashqi qarz bo‘yicha ma'lumotlar bayon etiladi. Mazkur ma'lumotlar to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya bo‘yicha Qo‘llanmaning oltinchi nashriga (TBQ 6. XVF, 2009 y) va xalqaro valyuta fondining tashqi sektor statistikasini tuzishda yuzasidan berilgan tavsiyalariga muvofiq tayyorlandi», deyilgan Markaziy bank axborotida.