Yakka tartibdagi tadbirkorlarga oid soliq o‘zgarishlari e'lon qilindi

Iqtisodiyot 21:49 / 26.12.2018 53579

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga oid soliq o‘zgarishlari e'lon qilindi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar 2019 yil 1 yanvardan boshlab bir kalendar yilda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi miqdoriga qarab, jumladan:

100 mln. so‘mgacha, qat'iy belgilangan soliqni;

100 mln. so‘mdan 1,0 mlrd. so‘mgacha tashkil etganda, 4 foizlik stavkada yagona soliq to‘lovini;

1,0 mlrd. so‘mdan oshganda yuridik shaxslar tomonidan to‘lanishi nazarda tutilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘laydilar.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini amalga oshirish doirasida quyidagi soliq va to‘lovlarni ham to‘laydilar:

1) bojxona to‘lovlari;

2) yer qa'ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar;

3) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq — suv resurslaridan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilganda;

4) aksiz solig‘i — aksiz to‘lanadigan mahsulot ishlab chiqarilganda;

5) yagona ijtimoiy to‘lov;

6) davlat boji;

7) avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) vaqtinchalik olib kirganlik uchun yig‘im.

Qat'iy belgilangan soliq – amalga oshirilayotgan faoliyat turi va hududiga qarab, belgilangan qat'iy soliq summasi miqdorida faoliyat yuritayotgan oyning 10-sanasiga qadar mahalliy byudjyetga to‘lanadi.

Faoliyatning bir necha turi bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilar qat'iy belgilangan soliqni faoliyatning har bir turi uchun mazkur turdagi faoliyatga nisbatan belgilangan stavkalar (summa) bo‘yicha alohida-alohida to‘laydilar.

Bir kalendar yil davomida tovarlar (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi belgilangan miqdordan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qonun xujjatlarida belgilangan miqdor oshgan oyning keyingi oyidan boshlab yagona soliq to‘lashga o‘tadi.

Yagona soliq to‘lovining bazasi hisoblab chiqarilgan yalpi tushumdan belgilangan (4 foiz) soliq stavkasi bo‘yicha hisoblab chiqariladi va har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 25-sanasiga qadar to‘lovni amalga oshiradi.

Yakka tartibdagi tadbirkor amaldagi qonunchilikka asosan chakana savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi jami 84ta faoliyat bilan shug‘ullanishlari hamda:

chakana savdo faoliyatida bir nafargacha;

maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyatilarida uch nafargacha;

faoliyatning boshqa turlarida ikki nafargacha xodimni yollab ishlatish huquqiga ega.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 850-son qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati”da ko‘rsatilgan 14ta faoliyat turiga o‘zgartirishlar kiritildi va bitta faoliyat turi chiqarib tashlandi.

Xususan, quyidagi faoliyat turi bilan shug‘ullangan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2019 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxs sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi:

qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlarini sotish;

alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash;

o‘simlik, hayvonlar va minerallardan tayyorlangan dorivor xomashyoni qadoqlash va ulgurji sotish;

transport vositalarini yuvish, salonni tozalash va shunga o‘xshash boshqa xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiruvchilar;

chetdan tijorat maqsadida bir oyda 5000 AQSh dollaridan ko‘p tovar olib keluvchilar (importyorlar).

Ko‘proq yangiliklar: