Janubiy Koreyada BMW nemis avtokonserniga 11,2 mlrd von (9,93 mln dollar) miqdorida jarima solindi. Bunga avtokonsern transport vositalarining yonib ketishiga olib kelgan nosozlikning bartaraf etilmagani sabab bo‘lgan.
Janubiy Koreyaning davlat hududlari, infratuzilma va transport vazirligi komissiyasi xulosasiga ko‘ra, yong‘in chiqishiga chiqindi gazlarni resirkulyatsiyalash tizimidagi (EGR) nosozlik sabab bo‘lgan. Tizimning klapanidagi muammo sovituvchi suyuqlikning oqib ketishiga olib kelgan. Tergov natijalariga ko‘ra, BMW’ga nosoz mashinalarni ta'mirlash, EGR tizimi tekshiruvini o‘tkazib turish va jarima to‘lash majburiyati qo‘yilgan.
Biroq BMW’ning Janubiy Koreyadagi muammolari shu bilan tugamasligi mumkin. Mamlakatning mutasaddi idoralari kompaniyaga nosozlik 2015 yildayoq ma'lum bo‘lganini taxmin qilishmoqda. Biroq kompaniyada ushbu nosozlik joriy yil yozidagina aniqlangani aytilmoqda.
Financial Times nashri ma'lumotlariga ko‘ra, nemis kompaniyasi EGR’dagi muammo sababli butun dunyodan 1,6 mln ta avtomobilini ortga chaqirtirib olgan. Agar avtokonsernning nosozlikni yashirishdagi va avtomobillarni chaqirtirib olishni paysalga solganlikdagi aybi isbotlansa, unda kompaniyaning Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi xodimlari 10 yillik qamoq jazosi olishlari, kompaniya esa 100 mln dollargacha jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.