Markaziy bank to‘lov tizimidagi uzilishlar uchun 1 mlrd so‘m jarima solishni taklif qildi

Iqtisodiyot 15:28 / 19.12.2018 13212

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekistonda to‘lov tizimi ishidagi uzilishlar uchun eng kam ish haqining 5000 barobarigacha yoki 1 mlrd so‘m (120 ming dollardan ortiq) miqdorida jarima sanksiyalari belgilashni taklif qilmoqda. Bu norma Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga kiritildi.

Qonun loyihasida nazarda tutilishicha, agar to‘lov tizimi ishidagi uzilish uzluksiz to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishiga ta'sir qilsa, Markaziy bank to‘lov tizimini jarimaga tortishi, shuningdek, uning ishida muayyan amaliyotlar o‘tkazilishini olti oyga qadar cheklab qo‘yishi yoki uch oygacha bo‘lgan muddatga litsenziyani to‘xtatishi mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekistonda yagona Uzcard milliy to‘lov tizimi mavjud. Tizim ishidagi uzilishlar sababli, 15 sentyabrdan boshlab va uch kun davomida, plastik kartalar hamda terminallar ishlamadi.

Markaziy bank o‘shanda aholi, ishbilarmonlar va tashkilotlar 300 milliard so‘mdan ziyod (36 million dollardan ziyod) moliyaviy zarar ko‘rganligi haqida xabar berdi.

Katta miqdorda moddiy zarar yetkazgan ushbu uzilishdan keyin O‘zbekiston prezidentining qarori e'lon qilindi, u Uzcard’ning O‘zbekistondagi monopoliyasi bekor qilinishini nazarda tutadi.

Ko‘proq yangiliklar: