Bozor iqtisodiyotini tanlagan har qanday mamlakat o‘zining ichki va tashqi imkoniyatlarini chuqur tahlil qilgan holda, iqtisodiy resurslardan samarali foydalanish yo‘llarini izlaydi va aholining doimiy o‘sib boruvchi ehtiyojlarini imkon qadar yuqori darajada qondirishga intiladi. Bu borada samaraliroq natijalarga erishish uchun iqtisodiy faoliyatni tartibga solish vakolatini xalq davlat organlariga topshiradi.
Statistik faoliyatni shaffoflik tamoyili asosida amalga oshirish, kundan kunga kuchayib borayotgan oshkoralik muhiti, OAVning zamon talablariga mos tarzda faoliyat ko‘rsata boshlashi mamlakatimiz hozirgacha iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini yaxshilash borasidagi mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanmaganligini va buning uchun xizmat qilishi mumkin bo‘lgan ulkan imkoniyatlar chetda qolib ketayotganini yaqqol yoritib berdi.
Mamlakatimizda 2016 yilda start olgan keng qamrovli islohotlarning yangi bosqichi joriy yilda ham izchillik bilan davom ettirildi. Davlat buyurtmasi asosida xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlari fermer xo‘jaliklari samarali ishlashini ta'minlaydigan darajagacha ko‘tarildi, moliyaviy oqimlar energetika sohasini kerakli investitsion manbalar bilan ta'minlashga yo‘naltirildi, turistik faoliyatni zamon darajasiga keltirish uchun salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Innovatsion g‘oyalar, ilg‘or texnologiyalarni tadbirkorlik faoliyatiga jadallik bilan jalb etish natijasida yillik tabiiy gaz qazib olish miqdori 3 milliard kubometr yoki 9 foizdan ko‘prokka, yengil avtomobillar ishlab chiqarish esa qarib 1,5 baravarga ko‘paydi. Shu bilan birga mamlakatda elektroenergiya, rangli metallar va boshqa strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarish hajmi yuqori sur'atlar bilan o‘sdi, xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, yo‘lovchi va yuk tashish transporti, aloqa va turizm xizmatlari sohalarida ham yaxshi natijalarga erishildi.
Faqat qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari yaratilgan katta imkoniyatlardan foydalana olishmadi hamda buning obektiv va sub'yektiv sabablari mavjud. Bu sabablar ichida fermer xo‘jaliklarining suv ta'minotiga tegishli qonunchilik zamonaviy talab darajasida takomillashtirilmaganligi eng katta ahamiyatga ega. Agrar soha boshqaruvi bozor mexanizmi asosida emas, balki sovet davridan qolgan markazlashgan, rejali tizim tamoyillari, boshqacha qilib aytganda, qo‘l boshqaruvi asosida yo‘lga qo‘yilganligi, tegishli vazirliklar va mahalliy boshqaruv organlari o‘rtasidagi boshqaruv funksiyalari aniq qilib ajratib qo‘yilmaganligi sababli joriy yilda 2017 yilga nisbatan 600 ming tonna paxta, 2 million tonnadan ko‘proq bug‘doy kam yetishtirildi, chorva uchun yetarli ozuqa zaxirasi yaratilmadi.
Shubhasiz, bu yo‘qotishlar yangi yilda mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligi, to‘qimachilik sanoatini zarur xom ashyo bilan ta'minlashda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Strategik hamkor mamlakatlar tomonidan taklif etilgan investitsiyalarning atigi 3–4 foizi o‘zlashtirildi, xolos.
Uy-joy qurilishi dasturida ko‘zda tutilgan ko‘rsatgichlar ham bajarilmay qoldi. Natijada, joriy yilda ham mehnat bozoriga kirib kelgan yoshlarning uchdan bir qismi o‘tgan yillardagidek iqtisodiyotning tashkiliy sektori doirasidan chetda qolib ketdi.
Shularga qaramasdan, yillik YaIM hajmi 5,2 foizga o‘sishi taxmin qilinmoqda, ammo inflyatsiya darajasi 15 foiz atrofida bo‘lib turgan bir sharoitda bunaqa iqtisodiy o‘sish hech kimni qoniqtirmasa kerak.
Nima uchun uzoq yillar davomida to‘plangan nomutanosibliklar oxirigacha bartaraf etilmasdan turib, yangilari vujudga kelyapti, qanday yo‘l tutsak boshi berk ko‘chadan chiqib ketish mumkin, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Chorak asr davomida inkor qilib kelingan bozor munosabatlarini tezda shakllantirib bo‘lmasligi, shu bilan birga to‘planib qolgan ijtimoiy muammolar yechimini ham uzoqqa tashlab qo‘yish mumkin emasligi aniq.
2018 yilning 7 dekabrida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilingan kunga bag‘ishlangan yig‘ilishda bozor iqtisodiyoti munosabatlari hukmronlik qiladigan tizimga, qanchalik qiyin bo‘lmasin, tezroq o‘tish zarurligini ta'kidlab o‘tdi.
Aytaylik, xorijiy ekspertlar yordamida jadallik bilan O‘zbekiston sharoitiga mos keladigan qonunlarni ishlab chiqish qiyin emas. Faqat bu ishlar qachon natija berishi mumkin?
Buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotni liberallashtirish, mamlakatimizda marketing biznes falsafasiga aylanishi uchun uzoq yillar talab etiladi. Boshqacha qilib aytganda, rahbar xodimlarda uzoq yillar davomida shakllangan dunyoqarashni o‘zgartirish eng qiyin masala.
Nega deganda, davlat mulkiga nisbatan xususiy mulkning ustunligi, davlatning iqtisodiy faoliyatga imkon qadar kam darajada aralashuvi, iqtisodiy resurslar tarmoqlar va hududlar orasida byurokratik to‘sqinliklarsiz erkin harakatlanishi, nochor ishlab chiqarish sub'yektlari hamda banklarning ommaviy tarzda bankrot bo‘lishiga yo‘l ochib beradigan munosabatlarga tayyor bo‘lishimiz kerak.
2019 yilgi davlat byudjyetini shakllantirish jarayonida bu tamoyillar umuman chetga surib qo‘yilgan, aksincha, u iqtisodiy resurslarni misli ko‘rilmagan darajada markazlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston iqtisodiyotida vujudga kelgan sharoitda qanday yo‘l tutish to‘g‘riligini hech kim aniq qilib ayta olmasa kerak.
Balki Singapurga o‘xshab avval ma'muriy boshqaruv uslublarini ustun qo‘yib mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror holatga keltirish maqsadga muvofiqdir? Buning uchun davlat boshqaruv apparatini YaIM hajmiga mos darajagacha qisqartirsak, turli pog‘onadagi boshqaruv organlari funksiyalarini aniq qilib ajratib olsak, byurokratik to‘siqlar bartaraf etilib iqtisodiy-ijtimoiy muammolarning tezroq yechilishiga yo‘l ochilib qolar.
Albatta, bir xulosaga kelishdan oldin mustaqillik yillarida ijobiy va salbiy natijalarga asos solgan hukumat qarorlarini chuqur o‘rganish, ularni boshqa mamlakatlar amaliyoti bilan solishtirish, buning uchun quyidagi oddiy savollarga javob topa olishimiz kerak.
Nima uchun islohotlarning yangi bosqichi davrida ham marketing faniga asoslanib qarorlar qabul qilish yo‘lga qo‘yilmadi, nahotki 4 million gektar sug‘oriladigan yerlar mavjud bo‘lib turib, kartoshka xorijdan keltirilsa, 1,5 million gektar yerga g‘alla ekilib, chetdan 2 million tonna bug‘doy sotib olinsa, 7–8 million bosh qoramolni me'yorlar asosida ozuqa bilan ta'minlash imkoniyati topilmasa? Bunaqada har yili yarim million kishiga ko‘payotgan mamlakatimiz aholisining oziq-ovqat xavfsizligiga qachon erishish mumkin? Javobdan ko‘ra savollar ko‘proq.
Nahotki O‘zbekistonda sohaga tegishli yuzlab professor va dotsentlarda ilmiy asoslangan takliflar bo‘lmasa? Balki fermer xo‘jaliklarini agronom, hisobchi, muhandislar bilan ta'minlash masalasiga befarq bo‘lgan, 25 yil og‘ziga suv olib yurgan yoki g‘alla mustaqilligi shiori ostida ilmiy darajaga ega bo‘lib olgan olimlardan yangi g‘oyalar kutish mantiqsizlikdir. Yo‘qsa, prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, mavjud muammolar ustida o‘zimiz bosh qotirmasak, bizga ularni kim yechib beradi?!
Xarid narxlari jahon narxlariga yaqinlashtirilgan bo‘lsa-da, paxta va g‘allani yetishtirishda qatnashgan dehqonlarning bir qismi bu yil ham maosh olmasdan ishlaganini tahlil qilishga qodir bironta vatanparvar iqtisodchi olim bormi o‘zi? Qachongacha xo‘jaliklar moddiy ta'minoti uchun javobgar tashkilotlar chetda qolib ketib kaltak dehqonning boshiga borib tushishining tomoshabini bo‘lib yuraveramiz?
Balki olimlarni ko‘proq sanoat sohasi qiziqtirar? Unday bo‘lsa, ular ichki bozor sig‘imi torayib borayotgan bir sharoitda o‘z mahsulotini jahon bozorlariga raqobatbardosh qilib ishlab chiqarish salohiyatiga ega bo‘lmagan minglab yangi korxonalarni ro‘yxatga olishning asosiy sabablarini o‘rganish va ilmiy xulosalar tayyorlash harakatini qilib ko‘rarlar?
Tashqi savdo faoliyatida salbiy natijalarga olib kelayotgan omillarni o‘rganish ham ilmiy izlanishlar uchun katta maydon. To‘g‘ri, eskidan qolgan ibora bor: tashabbus jazolanadi. Shu sababdan, mamlakat iqtisodiyotida yuz berayotgan muammolarni ko‘rib turib ich-ichidan kuyunib yurgan pok vijdonli olimlar qanday yo‘l tutishi kerak?
Buning uchun respublika vazirliklari nochorliklarini tan olib olimlarga o‘zlari murojaat etishlarining payti kelgandir? Ishlar shunday davom ettirilsa va yangi soliq konsepsiyasida ko‘zda tutilgan tadbirlar kutilgan natijalarni bermasa, 2019 yilda inflyatsiya darajasi joriy yilnikidan ham yuqoriroq bo‘lishi, natijada esa ijtimoiy sohadagi keskinlik kuchayishi mumkin. Bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Xulosa shuki, mamlakatimiz iqtisodiyotining kelajakda barqaror rivojlanishini ta'minlash boshqaruv faoliyatida qo‘llaniladigan ma'muriy va bozor uslublaridan foydalanishning «oltin o‘rtaligi»ni topishga bog‘liq.
Ilhom VAFAYeV, iqtisodchi. Samarqand shahri.