Fransiya Yevropa Ittifoqi qarorini kutib o‘tirmay, 2019 yil boshidan Google va Facebook kabi yirik xalqaro texnologik kompaniyalarga yangi soliq kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Fransiya moliya vaziri Bryuno Le Merga iqtibos keltirgan holda Financial Times nashri ma'lum qildi.
Yevrokomissiya raqamli iqtisodiyot muammosini hal qiluvchi xalqaro kelishuv tuzilmaguncha xorijiy texnologik kompaniyalar tushumidan “raqamli” soliq olishni taklif qildi.
Ushbu taklif Yevropa Ittifoqi darajasida hali tasdiqlanmagan. Dekabr boshida Le Mer Fransiya bu masalaning ko‘rib chiqilishini ushbu soliqning parametrlari bo‘yicha Yevropa darajasida kelishib olish uchun mart oyigacha qoldirishini ma'lum qilgandi. Biroq ommaviy tartibsizliklar sababli Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan e'lon qilingan ijtimoiy imtiyozlar hukumatni yangi moliya manbalarini tezroq topishga majbur qilmoqda. IT-kompaniyalarga solinadigan soliq esa byudjyetga yiliga 500 mln yevro keltirish imkonini beradi.
Fransiya mudofaa vaziri ushbu soliq kichik texnologik kompaniyalarga taalluqli bo‘lmasligini, biroq reklamadan tushgan daromaddan soliq olish variantidan ko‘ra keng qamrovliroq bo‘lishini aytgan.
Shu bilan birga Fransiya daromad solig‘ini 2019 yilda 33 foizdan 31 foizga, 2022 yilgacha esa 25 foizgacha tushirishni rejalashtirmoqda.