Qozog‘istonning Turkiston viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 11 oy mobaynida 447 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 27,7 foizga ko‘p. Bu haqda Davlat daromadlari departamentining viloyat bo‘yicha boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Yeldos Saudabayev xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, departamentning ikkita bojxona posti tomonidan tovarlar bo‘yicha 14 539 deklaratsiya rasmiylashtirildi. O‘tgan yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 4 036taga yoki 38,4%ga ortdi.
«Departamentning bojxona postlari orqali 174 865ta yuk avtotransport vositalari o‘tdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 63,7%ga ko‘p. Bundan tashqari, chegarani 244 310 dona avtomobil kesib o‘tgan. Shu bilan birga, 17 019 264 fuqaro bojxona chegarasidan o‘tdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 46,8 foizga ko‘p. Shuningdek, avtotransport vositalari o‘tishini tezlashtirish maqsadida qo‘shimcha ish joylari jihozlandi va bojxonachilar soni ko‘paytirildi. Avtotransport vositalarini o‘tkazish salohiyatini oshirish maqsadida 2019 yil fevralidan boshlab «B.Konisbayev» o‘tkazish punktining rekonstruksiyasi boshlanadi. Ushbu loyiha avtomobillar yo‘laklarini 2 dan 6 gacha ko‘paytirishni nazarda tutadi», - dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarada transport vositalari to‘planib qolmasligining yo‘lini topgani xabar berilgandi.