Markaziy bank monetar siyosatning kelgusi uch yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqdi

Iqtisodiyot 21:48 / 03.12.2018 10228

Markaziy bank rasmiy saytida 2019–2021 yillarga mo‘ljallangan monetar siyosatning asosiy yo‘nalishlari joylashtirildi. Unda o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosatining maqsad va tamoyillari, 2018 yilda pul-kredit sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlili va yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan natijalar, 2019–2021 yillarda makroiqtisodiy rivojlanish ssenariylari va pul-kredit sharoitlari, pul-kredit siyosati instrumentlarini rivojlantirish va ularni qo‘llash sharoitlari bayon etilgan.

Hujjatda yozilishicha, o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit sohasida qarorlar qabul qilishda Markaziy bank joriy iqtisodiy shart-sharoitlar tahlili va makroiqtisodiy prognozlarga asoslanadi. 

2019 yildan boshlab Markaziy bank faoliyatiga makroiqtisodiy tahlil va prognozlashning zamonaviy tizimi (FPAS) joriy etila boshlaydi. Prognozlarni shakllantirishda makroiqtisodiy rivojlanishning tashqi va ichki omillari, mamlakatimizda kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan choralar inobatga olinadi.

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan ko‘riladigan choralarda yuzaga kelgan qo‘shimcha likvidlilikni tartibga solish va uning ta'sirini muvozanatlashtirish masalalari ham o‘z aksini topadi. 

Aytilishicha, kelgusi yildan boshlab davlat byudjyeti barqarorligini ta'minlash maqsadida "byudjyet qoidalari" va "yig‘ma byudjyet" hamda fiskal cheklovlarni belgilash nazarda tutilmoqda. 

Bayon etilishicha, o‘rta muddatli istiqbolda davlat korxonalari islohotlarini asosiy tarmoq korxonalari, jumladan, energetika, neft-gaz sanoati, kimyo sanoati, havo yo‘llari, temir yo‘llari, donni qayta ishlash va paxta sanoati kabi sohalarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu islohotlar doirasida korporativ boshqaruvning zamonaviy tizimini tatbiq etish, nazorat funksiyalarini ixtisoslashgan davlat idoralariga o‘tkazish, shuningdek, raqobatni cheklovchi tartibga soluvchi qoidalarni bekor qilish kabi choralar amalga oshiriladi. 

Kelgusida ichki valyuta bozoridagi turli xil spekulyativ omillarning milliy valyuta almashuv kursi dinamikasiga ta'sirini kamaytirish maqsadida Markaziy bank iqtisodiyotda dollarlashuv hajmini kamaytirish va so‘m almashuv kursining erkin bozor sharoitida talab va taklif doirasida shakllanishini saqlab qolish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar ko‘rishni davom ettirib, milliy valyutadagi aktivlarning jozibadorligini saqlab qolish masalasiga ham alohida e'tibor qaratadi. 

Shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda ichki narxlar va almashuv kursi orasidagi bog‘liqlikni pasaytirish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritib boriladi. 

Ko‘proq yangiliklar: