Munozara davom etadi: Qora bozorni yo‘q qilish haqida

Iqtisodiyot 15:49 / 29.11.2018 93085

Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori, iqtisodchi Yuliy Yusupov xorijiy valyutani noqonuniy almashtirganlar uchun jinoiy va ma'muriy javobgarlikni kuchaytirish mavzusida navbatdagi maqolasini taqdim etdi.

Markaziy bank departamenti direktori Bobur Abubakirov «banklar xorijiy valyutani jismoniy shaxslarga cheklovlarsiz sotayotgani bois» qora bozor paydo bo‘lishiga olib keladigan monetar sabablar «yo‘qligi»ni ma'lum qildi. Valyuta qora bozorining mavjudligi «qora» va «kulrang» import borligi bilan izohlanmoqda.

Avvalo shuni aytmoqchimanki, Markaziy bankning keyingi bir yarim yildagi sa'y-harakati va siyosatiga hurmat bilan qarayman. Ko‘plab real islohotlar va oldinga siljishlar: valyuta bozorining liberallashuvi, bank faoliyatini ma'muriy boshqarish usullaridan muntazam ravishda voz kechilishi, inflyatsiyani jilovlash siyosati uchun aynan Markaziy bankdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Ammo aytishadi-ku, «Aflotun mening do‘stim, ammo haqiqat ustunroq» deb.

Menimcha, janob Abubakirovning so‘zlarida mantiqiy qarama-qarshiliklar bor. U jismoniy shaxslar valyutani cheklovlarsiz sotib olishlari mumkinligini ta'kidlamoqda. Faqat buni uning nazarida cheklov hisoblanmaydigan konversion karta orqali amalga oshirish lozim. Boshqa tomondan esa, u savdogarlar va kontrabandachilar naqd valyutani qora bozordan sotib olishni ma'qul ko‘rishlarini aytmoqda.

Agarda konversion karta orqali valyuta sotib olishga cheklov bo‘lmasa, unda nega ular valyutani bankdan sotib olishmayapti? Demak, bu baribir cheklov bor ekanligini bildiradimi? Va aynan mana shu narsa oddiy odamlarni (nafaqat kontrabandachilarni) qora bozorga borishga majbur qilmoqda.

Boshqa savol: agar Markaziy bank aholining valyuta sotib olishini cheklamoqchi bo‘lmasa, unda nima uchun shu paytgacha (amaldagi operatsiyalar bo‘yicha konvertatsiya joriy etilganiga bir yildan oshdi!) valyuta naqd ko‘rinishda sotilmayapti? Nima uchun Markaziy bank odamlarga valyutani konversion kartasiz naqd sotib olishga ruxsat bermayapti? Mana shu savolga aslo javob ololmayapmiz.

Va nihoyat, uchinchi savol. Ayirboshlash punktlari yetishmagani sababli odamlar ko‘pincha bankka emas, qora bozorga borishadi. Nima uchun markaziy bank xususiy ayirboshlash punktlari faoliyat olib borishi uchun litsenziya bermayapti? Bunda qanday muammo bor?

Va yana bir muhim jihat. Valyuta qora bozorining mavjudligi muammo hisoblanmaydi! Ammo unga e'tibor qaratish kerak. Nega?

Birinchidan, har qanday qora bozorning mavjud bo‘lishi mazkur bozor qatnashchilarining oldi-sotdi ishlarini rasman amalga oshirishda ma'lum bir qiyinchiliklarga duch kelishayotganidan guvohlik beradi. Bu o‘z-o‘zidan, iqtisodiyotning me'yorida faoliyat ko‘rsatishi uchun yomon holatdir. Biz ko‘rib chiqayotgan holatda bu qiyinchiliklar masalan, naqd valyuta sotib olish mexanizmi noqulayligi (kartochka orqali valyuta sotib olishda vaqt va pul yo‘qotilishi) yoki ayirboshlash punktlarining yetarli emasligi va noqulay joydaligi yoxud odamlarning bank tizimiga ishonmasliklari va boshqa sabablar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Qora bozorning mavjud bo‘lishi – bu kasallik emas, simptom. Va buni anglashga hamda bu sabablarni bartaraf qilishga urinish kerak.

Ikkinchidan, valyuta qora bozori ko‘pincha turli jinoiy sxemalar zanjiridagi halqalardan biri bo‘ladi. Masalan, kontrabandada. Ammo menimcha, bu holatda ham valyuta qora bozori bilan emas, balki tadbirkorlarni import mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga majbur qilayotgan sabablar bilan kurashish kerak. Va bu sabablar yaxshi ma'lum: yuqori bojxona to‘lovlari va soliqlar. Janob Abubakirov bu haqda mutlaqo to‘g‘ri gapirmoqda. Shunga muvofiq, valyuta sotuvchilar va sotib oluvchilarga qarshi emas, qonuniy faoliyat olib borishni befoyda mashg‘ulotga aylantiradigan, tadbirkorlarni «soya»ga o‘tishga majbur qilayotgan «o‘yin qoidalari»ga qarshi kurashish kerak.

Bu yerda yana bir katta anglashilmovchilik haqida ham eslab o‘tish joiz. Ko‘pchilik biz soliq va bojxona to‘lovlarini qanchalik pasaytirmaylik, biznes olib borish uchun to‘siqlarni qanchalik olib tashlamaylik, yashirin iqtisodiyotni baribir yengib bo‘lmaydi deb hisoblaydi. Chunki eng past miqdordagi soliqni to‘lagandan umuman soliq to‘lamaslik yaxshiroq. Jazolarni kuchaytirish va ma'murchilikka tayanish shuning ortidan kelib chiqyapti. Odamlarni faqatgina kuch va qat'iylik bilan qonunlarga itoat etishga majbur qilish mumkin deb hisoblanmoqda.

Bu esa xato. Aslida noqonuniy faoliyat bir qarashda ko‘ringanidek, u qadar iqtisodiy foydali emas.

- Noqonuniy faoliyat olib boruvchilar daromadi, mulki, ozodligidan mahrum bo‘lishdan qo‘rqib, doimo «pichoq tig‘ida yurishadi». Gapimga qo‘shilavering, ko‘pchilikka doim qo‘rquvda yashagandan ko‘ra past miqdordagi soliqlarni to‘lash foydaliroq va qulayroq. Agar ular bunday qilishmayotgan bo‘lsa, demak, mavjud soliq va bojxona to‘lovlari biznes yuritishga imkon bermayapti. 

- Noqonuniy faoliyat yurituvchilar, ularning mulki va faoliyati qonun va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan himoya qilinmaydi. Buning o‘rniga ularga jinoiy tuzilmalar va korrupsiyachi amaldorlar yopishadi. Ya'ni, soliq o‘rniga «boj» to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

- Noqonuniy faoliyat yurituvchilar o‘z biznesini sota olmaydi, arzon kredit ololmaydi, faoliyati yoki mulkini sug‘urta qilolmaydi. Qonuniy tadbirkorlarda xarajatlarni kamaytirish va biznesi samaradorligini oshirish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Va ular noqonuniy yo‘ldan foydalanishmaydi. 

Shuning uchun davlat tadbirkorlarga qulay muhit yaratish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishni asosiy vazifasi deb bilsa, u holda rasmiy soliq va soliqdan tashqari to‘lovlarni noqonuniy biznes yuritishdagi xarajatlardan pastroq darajaga tushirishi kerak. 

Mana shu yashirin iqtisodiyot muammosini hal qilishning tub yechimi bo‘ladi. Bu muammo simptomlari bilan kurashish emas, sabablarni bartaraf qilish yo‘li bo‘ladi.

Shu bois biznes yuritish xarajatlarini qisqartirish (hamda yashirin iqtisodiyot miqyosini qisqartirish) uchun mamlakatning barcha iqtisodiy idoralari – Markaziy bank, Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari va boshqalar tomonidan kompleks va o‘zaro muvofiq choralar ko‘rilishi lozim bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: