Narxlar oshishi, sifat tushishi – O‘zbekistonda monopoliyalarni qanday isloh qilish kerak?

Iqtisodiyot 11:45 / 27.11.2018 30808

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning asosiy xususiyati samarasizlik bo‘lgan ko‘plab g‘ayritabiiy monopoliyalardan qutulish zaruriyati haqidagi maqolasi e'lon qilindi.

Yirik davlat kompaniyasi direktori hayotini bir zum tasavvur qiling: xizmat mashinasi, hashamatli binodagi kabinet va qo‘l ostida o‘n minglab xodimlar. Bu as'asa-yu dabdaba bilan ham unga aslo havas qilib bo‘lmaydi. Chunki kompaniya mijozlari odatda millionlab kishilar bo‘lishadi, direktorning muvaffaqiyati ularning qoniqishiga juda bog‘liq. Bunday lavozim tunu kun ishlashga majbur qiladi: kompaniya samaradorligining oshirilishini nazorat qilish, raqobatchilarning harakatlarini kuzatish, mijozlarning istaklarini doim oldindan his qila bilish kerak.

Bunga qo‘shimcha ravishda mulkdorlar (aksiyadorlar) va jamoatchilik direktorning har bir qadamini sinchiklab kuzatishadi. Masalan, Nyu-York va Kornel universiteti iqtisodchilari o‘z tadqiqotlarida ijrochi direktor o‘ziga qanchalik hashamatli va qimmatbaho uy xarid qilayotgan bo‘lsa, demak kompaniyada ishlar shunchalik joyida emasligini isbotlashgan. Aksincha, kompaniyada ishlar qanchalik yaxshi bo‘lsa, ijrochi direktor qimmatbaho xaridlardan o‘zini tiyadi: bozorni zaruriyatsiz bezovta qilmaslik uchun.

Direktorlardan ko‘pincha direktorlar kengashiga qabul qilingan qaror kompaniyaning kelgusida foyda ko‘rishiga aynan qanday ta'sir ko‘rsatishini tushuntirish talab etiladi. Doimo jamoatchilik bilan aloqada bo‘lib turish kerak, chunki kompaniyaning serdaromadliligi borasidagi jamoatchilik kayfiyati kapitalizatsiyaga kuchli ta'sir qiladi. Xodimlarni muntazam ishdan bo‘shatib turish zaruriyati, ba'zan, ayniqsa rentabellik shuni taqozo etganda butun bir bo‘limlar yoki hattoki firmaning faoliyat turini o‘zgartirish ham og‘ir yuk bo‘ladi. Umuman olganda, top-menejyer ishi ko‘p ham havas qilarli ish emas, shu sababli ularga yaxshi pul to‘lansa kerak.

«Jyeneral elektrik» kompaniyasiga 1878 yilda Tomas Edison tomonidan asos solingan. Yaqinda kompaniya lampochkalar savdosi bo‘yicha biznesdan chiqishini e'lon qildi: uning bu tuzilmasida 17 ming kishi ishlardi. O‘tgan yili GE qariyb bir asr mobaynida AQSh bozorida yetakchilik qilgan sohasi — maishiy texnikalar ishlab chiqaruvchi barcha zavodlarini sotib yubordi. Ayni paytda kompaniya tibbiyot uskunalari, moliyaviy xizmatlar, energetika va boshqa yo‘nalishlarga diqqat-eʼtiborini ko‘proq jamlagan».

Endi bir tasavvur qiling, siz yirik kompaniyaning direktorisiz va vazifangiz kompaniyani maksimal darajada samarasiz qilishdan iborat bo‘lsin. Ya'ni sizning ishingiz kompaniya xarajatlarini maksimal darajada oshirib, uning foydasini maksimal darajada kamaytirish bo‘lishi kerak. Ideal holatda kompaniya umuman foyda ko‘rmasdan, tizimli ravishda ziyonga ishlashi kerak.

Bu vazifa siz o‘ylaganchalik osonmas, ya'ni kompaniyani shunchaki kasod qilish yengil ish emas: birinchidan, kompaniya egasining sizni qutqarish uchun deyarli cheksiz resurslari bor, ikkinchidan, sizda umuman raqobatchi yo‘q. Albatta, raqobatchilar paydo bo‘lishi mumkin, lekin kompaniya egasi bozorda faqat bitta kompaniya bo‘lishni istaydi va boshqalarning bozorga chiqishining oldini ola biladi. O‘z-o‘zidan mijozlar sizni «jazolay» olmaydi, ularda boshqa tanlovning o‘zi yo‘q, naqadar qimmat va naqadar sifatsiz bo‘lmasin, ular sizning firmangiz xizmatidan foydalanishga majbur.

Lekin bu holatda hech ish qilmaslikka to‘g‘ri keladi, deyish noto‘g‘ri bo‘lardi: sizning egangiz bitta bo‘lishiga qaramasdan, u sizning moliyaviy va boshqa hisobotlaringizni nazorat qilib boruvchi butun bir xodimlar armiyasiga ega. Baxtingizga, tekshiruvchi xodimlar sizning samarasizligingizni ko‘ra olishmaydi: ularda siz samaradorlikni oshirish uchun «nimalar qilishingiz mumkin»ligi to‘g‘risidagi ma'lumot yo‘q. Ular faqat pirovard natijada «nima ish qilingani»ni ko‘ra olishadi. Revizorlar sizning harakatlaringizda o‘marish yoki boshqa qoidabuzarliklar bo‘lmaganini baholab, mulkdorga hisobot beradi. Bu holda tekshiruvchilar bilan «kelishish» ham mumkinligini e'tibordan soqit qilmaslik kerak, chunki ega bo‘lmish mulkdor uchun u yagona axborot manbaidir.

Ega bitta bo‘lgani uchun siz jamoatchilik fikri haqida tashvishlanmasangiz ham bo‘ladi: muvaffaqiyatingizga uning zarracha ta'siri yo‘q. Boz ustiga, jamoatchilik kompaniyada bo‘layotgan ishlardan qanchalik bexabar bo‘lsa, siz uchun shunchalik yaxshi. Chunki kompaniyaning besamar ekanligi haqidagi birorta axborot mulkdorning qulog‘iga borib yetishini istamaysiz-ku?

Treyderlarning tilida ifoda etilsa, siz pasayishga ishlay boshlaysiz: boshqalarga qanchalik yomon bo‘lsa, sizga shunchalik yaxshi bo‘ladi.

Siz allaqachon anglab ulgurgandirsiz, «tabiiy monopoliyalar» deb ataluvchi korxonalarda menejment ishi aynan xarajatlarni oshirib, kompaniya samaradorligini pasaytirishdan iboratdir. Mulk egasi esa davlatdir. Oldingi maqolamizda ta'kidlab o‘tganimizdek, umuman olganda davlat kompaniyalari yetarli tarzda samarasizdir. Lekin, «tabiiy monopoliya» deb ataluvchi tashkilotlarda samarasizlik tashkilotning bosh maqsadi hamdir.

Nega?

O‘zbekistonda «tabiiy monopoliyalar» tariflarini har yillik qayta ko‘rib chiqish tizimi mavjud. Monopoliya xizmatiga narxlarni xarajatlardan kelib chiqqan holda hukumat o‘rnatadi. Ya'ni «tabiiy monopoliya» xizmatlariga narxlar bu monopoliyaning xarajatlari plyus asosiy fondlarni yangilash uchun belgilangan stavkaga barobar bo‘ladi.

Bundan kelib chiqadiki, agar siz bunday monopoliyaning rahbari bo‘lsangiz, xarajatlarning oshirilishi va maksimal darajada noshaffoflikdan manfaatdor bo‘lasiz. Axir faqat shu yo‘l bilan siz narx (tarif) larning oshishidan umidvor bo‘la olasiz. Turli idoralardagi davlat mulozimlarining aksariyati o‘z sohasidagi ishlarning holatini sinchiklab tekshirishadi, agar ular xarajatlar juda yuqori ekanligini ko‘rishsa, xizmat uchun narx oshiriladi. Direktor sifatida sizga samarasiz bo‘lish — tariflarni kompaniyangiz foydasi tomon o‘zgartirishning yagona usulidir. Agar siz xarajatlarni pasaytirish ustida ish olib borsangiz, kelgusi yili tariflaringiz mos ravishda pasaytiriladi. Kompaniyaning foydalilik darajasini oshirish hukumat bilan muzokaralar chog‘ida bosh «kuzir»dan mahrum bo‘lish demakdir.

Aynan shuning uchun «tabiiy monopoliyalar» tovar va xizmatlariga narxlarning oshirilishi va bu xizmatlar sifatining pasayishini kutaverish kerak.

O‘zbekiston uchun muammoning jiddiyligi shundaki, bizda nafaqat gaz, elektr va suv ta'minoti «tabiiy monopoliya» hisoblanadi. Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga ko‘ra, mamlakatda 141 ta tabiiy monopoliya mavjud. Boz ustiga, bir «tabiiy monopoliya» xarajatlarining katta qismi ikkinchisining xizmatlariga o‘rnatilgan narxga juda bog‘liq. Masalan, elektr stansiyalari gazda ishlaydi, kimyo zavodlarining mahsulotlari temiryo‘l orqali transportirovka qilinadi.

«Tabiiy» monopoliyalar nechog‘li tabiiy?

«O‘zbekenergo»: tuzilganidan buyon tabiiy monopoliya sifatida tartibga solinadi, lekin bu davlat kompaniyasining barcha qismlari ham tabiiy monopoliya atamasiga to‘g‘ri kelmaydi. Texnik jihatdan bu atamaga faqat taqsimlovchi uzatish liniyalari to‘g‘ri keladi. Kompaniyaning boshqa, elektr stansiyalari, sotish va ta'mirlash korxonalari raqobatli muhitda ishlay olishadi va shunday bo‘lishi ham kerak. Bugungi kunda biz «O‘zbekenergo»ning tariflarini xarajatlardan kelib chiqib tartibga solmoqdamiz, bu esa korxonani o‘z xarajatlarini qisqartirib, foyda ko‘rishga o‘tish uchun bo‘lgan chog‘lanishini o‘ldiradi. Boz ustiga, hukumat ijtimoiy himoya vajidan elektr energiyasiga tariflarni istamaygina oshirishi tufayli davlat kompaniyasi uskunalarining eskirish xarajatlari tariflarga qo‘shilmaydi.

Yechim bir qarashda ko‘rinib turgandek: energiya ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni sotib, magistral tarmoqlarnigina davlat nazoratida qoldirish kerak. Elektr stansiyalari o‘rtasidagi raqobat, tabiiyki, narxlarning pasayishi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi. Rossiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreyada energetika sohasining islohoti aynan shu tarzda o‘tkazilgan.

Mazkur holatda qandaydir kompaniyalar davlat nazorati ostida qolaveradimi, degan savol yuzaga chiqadi.

Ha, tabiiy monopoliya atamasiga mos kelmaydigan ko‘pgina kompaniyalarni xususiylashtirish muvaffaqiyatli amalga oshirilganda ham bir necha haqiqiy tabiiy monopoliyalar mavjud bo‘lib qolaveradi. Ideal dunyoda barmoq bilan sanarli ayrim monopoliyalarning o‘z xizmatiga belgilangan narxlarini davlat tartibga soladi. Tartibga solishning maqsadi monopoliyalarga ularning ish samaradorligini oshirish uchun rag‘bat va resurslar taqdim etishdan iborat bo‘lishi kerak.

Nima qilmoq kerak?

Samaradorlikni oshirish uchun chog‘lanish hosil qilish uchun tartibga solishning ancha mashhur usuli — «narx shifti» (pricecap) dan foydalanish mumkin. Mohiyatan, «narx shifti» monopolistning xizmatlariga narxlar real ifodada o‘rnatilgan sur'atdan tezroq o‘smasligini ta'minlaydi. Qoida tariqasida, «narx shifti» shunday o‘rnatiladiki, monopoliya tariflari inflyatsiya darajasi plyus oldindan belgilangan foiz miqdoridan oshmaydi.

Tartibga soluvchi organ va monopol tashkilot oldindan kelishilgan «narx shifti»ga uzoq vaqt rioya etishlari muhim. Shunda monopoliyada xarajatlarni pasaytirish uchun chog‘lanish paydo bo‘ladi, chunki kompaniya samaradorligini oshirishdan keladigan foyda kompaniyaning o‘zida qoladi, binobarin, tariflarning oshishi «narx shifti» bilan belgilangan va xarajatlarga bog‘liq emas. Bu holatda tartibga soluvchi organ tekshiruvchilarning butun bir armiyasini moliyalashtirishga ketadigan ulkan resurslarni tejaydi, chunki hukumatga monopoliyaning moliyaviy oqimlari va investitsion rejalarini tekshirishning hojati bo‘lmaydi. Bu usulning yana bir ustunlik tarafi shundaki, monopolist xizmatlari iste'molchilari bir necha yil avval oldindan aniq bo‘lgan narxlarga ega bo‘lishadi.

Aslida, tariflar borasida uzoq muddatga kelishib olish juda qiyin. Monopolist ham, hukumat ham «narx shifti»ning o‘z foydasiga qayta ko‘rib chiqilishini istab qoladi. Agar monopolist o‘z korxonasining samaradorligini oshira olsa va shunga mos ravishda xarajatlarni qisqartirsa, davlatning ham narxlarni tushirishga bo‘lgan istagi kuchayadi. Monopolist hukumat bunday istakka qarshi bora olmaydi, deb hisoblasa, yanada yomon, chunki samaradorlikni oshirishga bo‘lgan chog‘lanish o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Bu esa narx hosil qilishning eski modeliga — kompaniya xarajatlarini oshirishga qaytishga olib keladi.

Asosiy saboq

Biz «zavodning to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani» vajidan avtomobillar narxining oshirilganidan juda yaxshi xabardormiz. Lekin O‘zbekistonning qimmat va sifatsiz avtomobillari muammosini hal qilsa bo‘ladi: import qilinadigan avtomobillar tarifi nol qilinsa mamlakat aholisi mashinalarni arzonroq narxlarda xarid qila boshlashadi. Davlatning avtomobil zavodini esa sotish mumkin (va shunday qilish ham kerak). Biroq, haqiqiy tabiiy monopoliyalarning past sifatli xizmatlarini to‘g‘rilash oson ish emas. Aynan shuning uchun haqiqiy tabiiy monopoliyalar uchun «narx shifti» ularni tartibga solishning samarali usuli bo‘la oladi.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, iqtisodiy rivojlanish uchun bizga suv, elektr energiyasi, gaz yoki transport kabi yaxshi sifatli bazaviy xizmatlarga bo‘lish juda muhim. Biroq aktivlarni davlat tomonidan boshqarilishi sohasidagi islohotlarni kechiktirish befoyda ekanligi hozirdanoq ma'lum.

Og‘riqli islohotni kechiktirmasdan o‘tkazish kerak: qanchalik ko‘p vaqt o‘tsa, jamiyat uchun islohot shunchalik qimmatga tushaveradi.

Bugunning o‘zida aholini gaz, elektr yoki suv bilan ta'minlash juda qiyin ish bo‘lib turibdi. Bu boshqa tabiiy monopoliyalar misolida ham ko‘zga tashlanadi. Aviatashuvlar va temiryo‘llar kabi transport xizmatlaridagi davlat monopoliyalari ham ularning xizmatini qimmat va past sifatli qiladi.

Yuqorida aytilganlarni muxtasar qilsak: kommunal va transport xizmatlarini taqdim etish — juda rentabelli biznes hisoblanadi, lekin qoniqarsiz ma'murchilik va rivojlanish uchun chog‘lanishning yo‘qligi mazkur xizmatlarni taqdim etish byudjyetning xarajatlar qismiga aylanishiga olib kelgan. Tabiiy monopoliyalarni zudlik bilan isloh qilish kerak: aksariyat hollarda xususiylashtirish orqali, haqiqiy tabiiy monopoliyalar bilan bog‘liq xos holatlarda esa — monopoliyalarga samaradorlikni oshirish uchun «narx shifti» vositasida rag‘bat va resurs taqdim etgan holda.

Behzod Hoshimov.

Behzod Hoshimov

Muallif haqida: iqtisodchi, Medison (AQSh) dagi Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti. 2016 yilning mayidan Veynart ishbilarmonlik markazida tadqiqotchi sifatida ishlab kelmoqda. Viskonsin universiteti iqtisodiyot magistri, Nanyang (Singapur) texnologiya universiteti bakalavri darajasiga ega. «Buyuk kelajak» ekspertlik kengashi a'zosi.

Ko‘proq yangiliklar: